Jizzax davlat politexnika institutida “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi mutasaddilari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari, institut professor-oʻqituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda Konsepsiyaning asosiy maqsad va vazifalari, xususan, jamiyatda totuvlikni taʼminlash, davlat va din munosabatlarini huquqiy asosda tartibga solish, fuqarolarning vijdon va diniy eʼtiqod erkinligini himoya qilishdagi oʻrni atroflicha muhokama qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi B.Mahmudov yigʻilganlarga mazkur Qonun meʼyorlari hamda Konsepsiyaning amaliyotga tatbiqi, ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, shuningdek, turli xurujlar va xatarlarga qarshi kurashdagi oʻrni haqida tushunchalar berdi.
Shu bilan birga, diniy ekstremizm, missionerlik, yoshlarni diniy niqobdagi buzgʻunchi gʻoyalardan himoya qilish masalalari, oʻsib kelayotgan avlod ongida islomning asl insonparvarlik mohiyatini toʻgʻri shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.