Home / FOTO LAVHALAR / Turkiy dunyo va Yassaviy merosi adabiyot va tasavvuf chorrahasida

Turkiy dunyo va Yassaviy merosi adabiyot va tasavvuf chorrahasida

Ayni kunlarda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Turkologiya ilmiy-tadqiqot institutida Anqara Hoji Bayram Vali universiteti (Turkiya) bilan hamkorlikda Ahmad Yassaviy ijodining turkiy adabiyotda oʻrganilishi doirasida “Turkiy adabiyotda Ahmad Yassaviy yoʻli va merosi” mavzusida ilmiy-nazariy anjuman oʻtkazilmoqda. Unda koʻplab olimlar, tadqiqotchi va mutaxassislar ishtirokida turkiy adabiyot, tasavvuf va Ahmad Yassaviy merosiga oid dolzarb masalalar muhokama qilinyapti.

Xususan, anjumanning 13-iyun kuni boʻlgan yigʻilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov “Yassaviy tariqati: Azizon va iqoniya” mavzusida maʼruza qilib, tariqatning nazariy va amaliy jihatlariga eʼtibor qaratdi. Bu taʼlimotga koʻra, “tariqatning birinchi zinasi tavba boʻlsa, ikkinchisi – azizonga (aziz-avliyolarga) mehr-muhabbat. Azizon deb Haq yoʻlida yurgan shayxlar, pirlar, ustozlarga aytiladi. Bu esa, yassaviylik tariqatida ustoz tanlash ustuvor oʻrinda turishini anglatadi”. Yassaviylikdagi ustoz-shogird anʼanasi, pirga eʼtiqod va sadoqat, uning maʼnaviy yoʻlboshchilikdagi roli nechogʻli muhim ekani shu bilan izohlanadi.

Maʼruzada, shuningdek, “iqoniya” tushunchasining mohiyatiga atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Bu “shubha va ikkilanishlardan xoli, qatʼiy ishonch va ilm asosidagi imon”ni anglatadi. Tadqiqotchi Yassaviy hikmatlarida bu ikki tushunchaning qanday aks etganini misollar orqali ochib berdi. Uning tahlillari tariqatning chuqur falsafiy asoslari, pir-murid munosabatlarining maʼnaviy ahamiyati hamda tariqat ahlining komil ishonchga yetishishdagi yoʻllarini teran anglashga xizmat qildi.

Maʼruzachi Ahmad Yassaviyning falsafiy qarashlari nafaqat uning “Devoni hikmat” asarida, balki keyingi davr tasavvuf adabiyotida ham keng aks etganini taʼkidladi. “Yassaviya tariqatining asl mohiyati – bu insonni komillik sari yetaklovchi, shubha va gumonlardan xoli qiluvchi mustahkam imon (iqoniya) va haq yoʻldagi aziz ustozlarga (azizon) cheksiz mehr-muhabbat va sadoqatdir”, dedi u.

Anjuman ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglangan bu maʼruza yassaviylik taʼlimotining ahamiyatini bugungi kun prizmasidan oʻtkazib, zamonamiz sharoitida qaytadan anglash, uning inson maʼnaviy olamini boyitishdagi rolini chuqurroq tasavvur etishga yordam beradi, albatta.

Xalqaro tadbir Ahmad Yassaviyning adabiy va tasavvufiy merosini zamonaviy ilm nuqtayi nazaridan tahlil qilish, turkiy dunyoda uning maʼnaviy taʼsirini yanada chuqur anglash hamda oʻzaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashda muhim fikrlashuv maydoniga aylandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Chinakam bilim va ijtimoiy faollik – asl qadriyat

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Jomboy tumani boʻlimi va …