Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Jomboy tumani boʻlimi va tumandagi Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari, birlashma aʼzolari, murabbiy va oʻquvchilar ishtirok etdi.
“Soxta salafiylikning xatarlari”, “Inson kamolotida sportning oʻrni”, “Aqidaparastlikning yosh avlod tarbiyasiga tahdidi” mavzularini qamrab olgan tadbirda yoshlarni maʼnaviy va axloqiy jihatdan kamol toptirishda taʼlimning roli haqida soʻz yuritildi. Yoshlarimizning maʼnaviy olamini kengaytirish, ularda chinakam bilim va ijtimoiy faollikni asl qadriyat sifatida shakllantirish, har tomonlama barkamol avlodga aylanishiga koʻmaklashish ustuvor vazifa ekani xususida fikr almashildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Usmonxon Muhammadiyev qatnashchilarga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi, shuningdek, turli oqimlar taʼsiridan himoyalanish haqida chuqur va keng tushuncha berdi. Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida fikr-mulohazalar bildirdi. Jumladan, yoshlarga taʼlim-tarbiya berishda ota-onalar rolini oshirish, yoshlarning huquqiy madaniyati va qarashlarini yuksaltirish, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ataluvchi ulugʻvor gʻoyani shior qilib, yurt tinchligi va taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish xususida gapirdi.
Jamiyatimizda sogʻlom diniy muhitni saqlash, asl manbalarga tayangan holda va allomalarimiz ilmiy merosini tadqiq etish orqali turli botil va fitnachi oqimlarga raddiyalar berish, yoshlarga sof islom taʼlimotini yetkazish, buyuk ajdodlarimiz asarlaridagi Vatanga muhabbat, ilmga targʻib, ota-onaga eʼzoz va ehtirom kabi ulugʻ gʻoyalarni keng jamoatchilikka yetkazish singari maʼrifiy tadbirlarni tashkil etayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xayrli harakatlari hududlarda davom etmoqda.