Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSH kabi davlatlardan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Madaniy meros agentligi Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Alisher Sandiboyev “Samarqand – soʻgʻd yozma va kartografik manbalarida” mavzusida maʼruza qildi.
Samarqand Soʻgʻdi Zarafshon vohasining markaziy qismida joylashgan tarixiy-geografik hudud sifatida tahlil etildi. Aniqlik kiritish uchun arab manbalari, jumladan, Abu Isʼhoq Forisiy Istaxriy, Abulqosim ibn Havqal, Abu Fazl Muhammad ibn Tohir Muqaddasiy, shuningdek, Abdulkarim Samʼoniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Muhammad Idrisiy asarlaridagi maʼlumot va xaritalarning ilmiy tahlili keltirildi.
Misol uchun, Ibn Havqal Kushoniya shahri haqida bunday maʼlumot beradi: “Kushoniya kattaligi jihatidan Ishtixonga yaqin, ammo uning qishloqlari koʻp, odamlari boy, bilimli va mehribondir”. Bu satrlar nafaqat tarixiy hujjatlar, balki oʻsha davr madaniyati va jamiyat tuzilishi haqida ham bevosita tasavvur uygʻotadi.
Tadqiqotchi IX-XII asrlardagi shahar va qishloqlarning joylashuviga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Ishtixon, Kushoniya, Dabusiya, Arbinjon, Sogʻarj, Razmaz kabi tarixiy ahamiyatga ega shahar va rustoqlar (qishloq, shahar, ovul, bozor) joylashgan hududlar oʻrnini zamonaviy joylar bilan taqqoslab koʻrsatdi. Masalan, tarixiy Farankad qishlogʻi – bugungi kunga kelib Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi Primkent hududida joylashgan deb taxmin qilinadi. Shu bilan birga, maʼruzachi Ibn Xavqalning “Soʻgʻd daryosidan har bir qishloqqa ariqlar ajralib chiqib, aholiga hayot bagʻishlaydi” degan soʻzlari asosida Oʻrta asrlarda irrigatsiya tizimi naqadar mukammal boʻlgani va uning jamiyat hayotidagi ahamiyatini yoritib berdi.
Maʼruzada, shuningdek, hozirgi Urgut, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon, Oqdaryo, Bulungʻur, Nurobod va Baxmal tumanlarining Oʻrta asrlardagi tarixiy nomlari, chegaralari va qishloqlari haqida muhim maʼlumotlar byerildi. Samarqandning oʻsha davrdagi gʻarbiy, shimoliy va janubiy hududlari tarixiy-geografik tarkibi ilmiy tahlil asosida ochib berildi.
Yakunda olim quyidagi xulosani bayon etdi: “Yozma va xaritaviy manbalarning chuqur tahlili orqali Soʻgʻdning IX-XII asrlardagi tarixiy geografiyasi va madaniy merosi yanada oydinlashmoqda. Bu esa hozirgi arxeologik topilmalar bilan uygʻun holda milliy merosimizni ilmiy asosda tiklashga xizmat qiladi”.
Tadbir ishtirokchilari maʼruza tarixiy hududlarning qayta tiklanishi, milliy oʻzlik va madaniy merosga qiziqishni yanada oshirishga muhim hissa qoʻshishini taʼkidladi.