Markaz amaliyotchisi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Turkiyaning Marmara universiteti doktoranti Daniyar Issabekov “Islom huquqi merosidagi “Hidoya” asari va unga qilingan tafsirlarning qiyosiy tahlili” mavzusida ilmiy taqdimot oʻtkazdi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari qatnashgan tadbirda tadqiqotchi asar tafsirida Markaziy Osiyo va arab sharqi ulamolari tomonidan qoʻllangan uslublarni qiyosiy tahlil qilib berdi.
Ikki oylik ilmiy amaliyot yakuni sifatida tashkil etilgan taqdimotda asarning tarixiy ahamiyati, unga turli mintaqa olimlari tomonidan berilgan izohlardagi uslubiy farqlar, bu tafovutlarning ilmiy va madaniy sabablari muhokama markazida boʻldi.
Daniyar Issabekov tadqiqot jarayonida Husomiddin Sigʻnoqiy, Jaloliddin Gurlaniy, Akmaliddin Bobartiy, Badriddin Ayniy, Kamoliddin ibn Humom, Shamsiddin Sarujiy kabi ulamolar sharhiga eʼtibor qaratib, ulardagi uslub, tuzilish, terminologiya va huquqiy mantiqdagi farqlar, hadislardan foydalanishdagi yondashuvlar, mazhablararo tahlil va izohlar qiyosini keltirganini taʼkidladi.
– Markaziy Osiyo ulamolarida fiqhiy masalalarga mantiqiy va tizimli yondashuv kuchli boʻlsa, arab sharqidagi olimlar koʻproq hadislarga suyangan holda, polemik (bahs asosida) va tahliliy uslubda sharh bergan, – dedi tadqiqotchi.
Taqdimotdan soʻng ishtirokchilar oʻrtasida savol-javob va fikr almashuv boʻlib oʻtdi. Unda, ayniqsa, yosh tadqiqotchilarni klassik merosni oʻrganishga jalb etish, fiqh sohasida zamonaviy akademik tadqiqotlarni rivojlantirish zarurati taʼkidlandi.
Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asari tafsirlaridagi uslubiy farqlarni ochib berish bilan birga, Markaziy Osiyo va arab olami ilmiy maktablarining boy yutuqlarini toʻkis namoyon etgan tadqiqot taqdimoti soʻngida Daniyar Issabekov yaratilgan qulay sharoit va keng imkoniyatlar uchun Markaz rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
– Ushbu tadqiqot bilan islom huquqiy merosini tadqiq etish va ommalashtirishga oz boʻlsa-da hissa qoʻshgan boʻlsam, oʻzimni gʻoyat baxtiyor hisoblardim, – dedi u. – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi taqdim etgan ilmiy muhit uchun barchangizga tashakkur. Tadqiqotchilarga bunday munosabat yoshlarni ilmiy izlanishga ilhomlantiradi.
Tadqiqotchiga Markazning tegishli sertifikat topshirildi. Ilmiy xodimlar yosh mutaxassisga kelgusidagi ilmiy faoliyatida yangi-yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.