Home / MAQOLALAR / QURBONLIK – ULUGʻ IBODAT

QURBONLIK – ULUGʻ IBODAT

Moʻmin kishi uchun har bir amal – imtihon, har bir ibodat – Allohga yaqinlashish vositasi sanaladi. Ibodatlarning ulugʻlaridan biri qurbonlikdir. Bu bilan banda Parvardigorga itoat va sadoqatini amalda namoyon etadi. Yaʼni, qurbonlik shunchaki qon chiqarish emas, balki xolis niyat, mutlaq ixlos va yuksak tavoze belgisi boʻladi.

Qurbonlik Qurʼoni karimda amr qilingan, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam targʻib etgan va Ibrohim alayhissalomdan meros qolgan muqaddas sunnatlardandir. Bu amal nafaqat inson taqvosini, balki jamiyatdagi birdamlik, mehr-oqibat va yordam koʻrsatish kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlovchi vosita hamdir.

Ulugʻ ayyom arafasida bu ulugʻ ibodatning diniy asoslari, tarixiy ildizlari, uni ado etishning shart va odoblari soʻzlashga qaror qildik. Bu maʼlumot bilgan odamlarga eslatma, islom asoslarini endi oʻrgana boshlayotganlarga moʻjaz qoʻllanma tariqasida taqdim etilmoqda.

Muqaddas dinimizda qurbonlik Alloh taologa qurbat hosil qilish (yaqinlashish), Uning rizosini topish yoʻlida ado etiladigan buyuk ibodat amallaridan biridir. Har yili hijriy taqvim boʻyicha zulhijja oyining 10-12 kunlari butun musulmon dunyosida bu amal goʻzal taqvo bilan ado etiladi. U nafaqat diniy arkon, balki insonning ixlos, eʼtiqod va mehr-oqibatliligini namoyon qiluvchi ulugʻ ibodatdir.

Alloh taolo Qurʼoni karimda marhamat qiladi: «Bas, Parvardigoringiz uchun namoz oʻqing va qurbonlik qiling» (Kavsar surasi, 2-oyat).

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam har yili Qurbon hayiti kuni oʻz qoʻllari bilan qurbonlik qilganlar va ummatni ham bu amalga undaganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: “Kim imkoniyatga ega boʻla turib qurbonlik qilmasa, bizning namozgohimizga yaqinlashmasin”, deyiladi (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Qurbonlik hijriy 2-yilda vojib qilingan boʻlsa-da, uning asosi ancha ilgarigi davrga, Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Qurbonlik qilinglar, albatta, u otamiz Ibrohimning sunnatlaridandir” (Abu Dovud rivoyati).

Bu amalning asl mohiyati – Alloh taoloning amriga boʻysunish, taqvo va itoatni namoyon qilishdir. Qurʼoni karimda aytiladi: “Ularning goʻshti ham, qoni ham Allohga yetib bormas. Lekin sizlarning taqvoingiz U Zotga yetadi…” (Haj surasi, 37-oyat).

Qurbonlik shukr, itoat va ixlos ramzidir. Beva-bechoralarni toʻydirish, saxovat koʻrsatish, va eng muhimi, Allohning rizoligini istash bu amalning asl ruhi sanaladi.

Qurbonlik kimlar uchun vojib boʻladi? Avvalo, kishi musulmon, hur (ozod), nisob egasi (yaʼni, zarur miqdordagi mol-davlat ega boʻlishi), muqim boʻlishi (safarda boʻlmasligi) kerak.

Qanday hayvonlar qurbonlik qilinadi? Bular qoʻy yo echki (6 oylikdan katta), qoramol (kamida 2 yosh) va tuyadir(kamida 5 yosh).

Qoʻy yo echkini faqat bir kishi, qoramol va tuyani esa yetti kishigacha ishtirok etib qurbonlik qilish mumkin.

Bunday chorva hayvoni sogʻlom va aybsiz, yaxshi boqilgan boʻlishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Toʻrt xil hayvon qurbonlikka yaramaydi: koʻzi koʻr, kasali ayon, choʻloq va juda ozgʻin” (Termiziy rivoyati).

Qurbonlik qachon qilinadi? Hayit namozi oʻqilgandan soʻng bayramning uchinchi kuni quyosh botgunga qadar qurbonlik qilish mumkin.

Jonliq qonini chiqarish bu ibodatning ajralmas qismidir. Shunchaki mablagʻ berish yo goʻsht tarqatish qurbonlik oʻrnini bosmaydi. Buning sharʼiy asosini Alouddin Kosoniy quyidagicha bayon qilgan: “Qurbonlik kunlarida hayvon yo uning bahosini sadaqa qilish qurbonlik oʻrniga oʻtmaydi. Chunki bu amal qon chiqarishga bogʻliq” (Badoeʼus sanoeʼ).

Qurbonlikning odoblari haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, bunda avvalo niyatni ixlos bilan qilish zarur – qurbonlik faqat Alloh uchun qilinadi. Yana biri shuki, qurbonlik qilmoqchi boʻlgan odam zulhijja oyi kirganidan soʻng soch-soqol va tirnogʻini olmay turadi. Yuqorida aytilganidek, benuqson chorva tanlanadi. Eplaganlar oʻz qoʻli bilan qurbonlik qiladi, bilmaganlar – ishonchli kishiga topshiradi. Bunda jonivorga azob bermaslik, boshini qiblaga qaratish, pichoqni oʻtkirlash, boshqa hayvonlar oldida qon chiqarmaslikka eʼtibor beriladi. Albatta, vaqtga ham qatʼiy rioya qilish kerak.

Qurbonlik yuksak ijtimoiy ahamiyatga ega amal boʻlib, miskinlar, yetim-yesirlar, beva-bechoralarning holidan xabar olish uchun yana bir goʻzal sabab-taqozodir. Shu orqali ular oʻzi mahrum qolgan neʼmatlardan tatiydi, bayram shukuhidan bahramand boʻladi. Demak, qurbi yetgan har bir moʻmin ushbu amalni faqat savob uchun emas, balki jamiyatdagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash uchun ham ado etishi lozim.

Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida ochlik va muhtojlikda yashayotgan insonlar koʻp. Kishi qurbonlik ibodatini ado etar ekan, ularni yodga olish, haqqiga duo qilish va imkon qadar yordam berish haqida mulohaza qiladi. Bu ibodatning haqiqiy ruhiyatiga faqat shunday tafakkur mos keladi.

Alloh taolo barchaning qurbonligini Oʻz dargohida qabul qilsin! Hammaga xolis niyat, pokiza amal va samimiy shukronalik hissini nasib aylasin!

Muhammadiqbol SHUKUROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YANGI OʻZBEKISTONDAGI DINIY-MAʼRIFIY ISLOHOTLAR MISRNING NUFUZLI NASHRI NIGOHIDA

Kuni kecha Misrning yetakchi nashrlaridan biri “Savtul-Azhar” (Al-Azhar ovozi) gazetasi “Yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga …