Home / FOTO LAVHALAR / Maʼrifatga yoʻgʻrilgan ilhombaxsh safar

Maʼrifatga yoʻgʻrilgan ilhombaxsh safar

Markaz amaliyotchisi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori – Malayziya Xalqaro islom universiteti dotsenti dr. Xayril Husayniy bin Jamil ilmiy amaliyoti yakunlariga doir taqdimot oʻtkazdi.

“Hadis ilmi rivojidagi yorqin istiqbollar: Oʻzbekistonga ilmiy safar taassurotlari” mavzusida oʻtgan tadbir asosan yurtimizda diniy maʼrifat yoʻnalishida faoliyat olib borayotgan muassasalar, taʼlim maskanlari va shakllangan barqaror ilmiy muhit negizida islom tarixiy manbalarini tadqiq etish, ularning falsafiy va ijtimoiy ahamiyatini qayta baholashga qaratildi.

Taqdimotda islom maʼnaviy taʼlimotining asoslari va tushunchalari borasida qadimiy manbalardagi ilmiy uslublar, zamonaviy sharh va tafsir mezonlariga oid qarashlar muhokama qilindi. Amaliyotchi manbalarni oʻrganish maqsadlari, ularning ishonchliligi va himoya usullariga toʻxtalib, bu oʻrinda tanqidlar va shubhalarga qarshi ilmiy yechimlar, mantiqiy usullarning ahamiyati haqida soʻzladi.

– Islom maʼnaviy taʼlimoti – bu faqat oʻtmishga oid emas, balki hozirgi kun kishisining maʼnaviy va axloqiy siyratini belgilab beradigan jonli ilmiy anʼana, – dedi tadqiqotchi.

Husayniy bin Jamil Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi tarixiy ilm markazlariga safari davomida mavjud islom maʼnaviy merosini zamonaviy sharoitda qayta jonlantirishga oid toʻplagan amaliy tajribasi bilan boʻlishib, taʼlim muassasalari, anjumanlar va madrasalarda olib borgan faoliyati natijasida toʻxtalgan xulosasi bilan ham oʻrtoqlashdi: “Oʻzbekistondagi ilmiy muhit ilmga tashnalik, axloqiy qadriyatlarga hurmat va tarixiy merosga sadoqat ruhi bilan sugʻorilgandir!”

Tadqiqotchining tahlillari islom maʼnaviy taʼlimotining falsafiy, axloqiy va madaniy qirralarini yanada mustahkamlash zarurligini koʻrsatadi. Shu asosda faoliyat yuritayotgan ilmiy markazlar nafaqat diniy, balki umuminsoniy qadriyatlarni targʻib qilishda ham muhim oʻrin tutadi.

Shu bilan dr. Xayril Husayniy bin Jamilning ilmiy amaliyoti yakuniga yetdi. Uning tadqiqotlari, faol mulohazalari va yurtimizdagi ilmiy muhit haqidagi iliq taassurotlari ishtirokchilar tomonidan olqishlandi. Marosim yakunida malayziyalik tadqiqotchiga rasmiy sertifikat topshirildi.

Tadbir soʻngida tadqiqotchi Oʻzbekistonda oʻziga koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik, ajoyib ilmiy muhit va maʼnaviy qadriyatlarga ehtirom uchun chuqur minnatdorlik izhor etib, bu yerdagi har bir uchrashuv va muloqot uning ilmiy faoliyatida unutilmas iz qoldirganini alohida taʼkidladi.

– Oʻzbekiston – ilm va maʼrifat ravnaqiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan insonlar zamini. Bu yurtdagi iliq muhit, ilmga muhabbat va boy maʼnaviy meros har qanday kishini ilhomlantirdi, – dedi Husayniy bin Jamil.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yoshlar tarbiyasiga sidqidildan yondashish – ham qarz, ham farz

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi hamkorligida …