Musulmon kishi sodir etgan har qanday soʻz, amal yo holat ustidan bidʼat yo shirk, halol yo harom deb hukm chiqarishdan oldin bu borada qanday tartib-tamoyillar mavjudligini bilib olish zarur. Aks holda, yengillik va kenglik dini boʻlmish islomni qiyinlik va torlik diniga aylantirib qoʻyish hech gap emas.
Ulamolar bu masalada uch asosiy qoidani joriy qilgan. Barchamizga musulmon kishining ogʻzidan chiqqan soʻzi, qoʻl urgan amali va sodir etgan holati yuzasidan yaxshi gumonda boʻlish, iloji boricha uni eng yaxshi maʼnoga burib talqin qilish buyurilgan.
Birinchi qoida shuki, musulmon kishi sodir etadigan amallar tavhidning asliga zid keladigan maʼnoga burib talqin qilinmaydi. Shu bois uni darhol kofirlik yo mushriklikda ayblash mumkin emas. Chunki sodir etgan amallarini kufrga sabab boʻladigan yoʻsinda talqin qilmasligimiz zarurligini taqozo etadigan kuchli dalil uning musulmon ekanligidir. Musulmon kishi dindoshining har qanday soʻz yo amaliga baho berishda ana shu umumiy qoidaga qatʼiyan amal qilishi shart. Bu borada Imom Molik rahimahulloh: “Bir shaxsning kofir boʻlib qolganiga toʻqson toʻqqizta dalil chiqib, moʻminligiga birgina dalil qolgan boʻlsa, ana shu bitta dalil olinadi”, degan.
Endi bu qoidani yaxshiroq anglab yetish uchun soʻz va amaldan bittadan misol keltiramiz. Masalan, musulmon kishi Iso alayhissalom Allohning izni bilan oʻliklarni tiriltirganiga ishonadi. Nasroniy ham Iso alayhissalom oʻliklarni tiriltirganiga ishonadi. Lekin uning eʼtiqodiga koʻra, Iso alayhissalom bu ishni oʻz kuch-qudrati bilan amalga oshirgan, binobarin, u Allohdir yo Uning oʻgʻlidir, har holda Ilohiy uchlikning biridir. Shu farqqa asosan, moʻmin-musulmon “Men Iso alayhissalom oʻliklarni tiriltirganiga ishonaman” desa, bu gapi bilan nasroniy boʻlib qolmaydi. Aytganlari uning moʻmin-musulmonligiga loyiq maʼnoga burib talqin qilinadi.
Musulmon kishi faqat Alloh taologa ibodat qilish mumkin, deb eʼtiqod qiladi. Mushrikning eʼtiqodi boshqaga ham ibodat qilishga izn beradi. Shunga koʻra, musulmon kishi koʻrinishidan ibodatga oʻxshab ketadigan biror amalni Allohdan boshqasi uchun qilayotganini koʻrsak, unga bir musulmondek qarab, aqidasiga toʻgʻri keladigan maʼnoga burish vojibdir. Chunki bir kishining musulmonligi aniq dalillar orqali oʻz tasdigʻini topgan boʻlsa, shak-shubha va turli ehtimollar gumoni bilan u yoʻqqa chiqmaydi. Shuning uchun Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Paygʻambar alayhissalomga sajda qilgan chogʻida u zot uni bu ishdan qaytarganlar (Ibn Moja rivoyati). Ammo bu ishini shirk yo kufr deb baholamaganlar. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, halol-haromni eng yaxshi biluvchi sahoba – Muoz roziyallohu anhu sajda ibodat ekanini va Alloh taolodan boshqasiga sajda qilish mumkin emasligini bilmagan boʻlishi amri maholdir. Zotan, sajdaning boshqa maʼnosi ham borligi uchun musulmon kishi shu ishni sodir etsa, uni haqiqiy ibodat maʼnosiga burish yo unga kufr hukmini berish umuman toʻgʻri emas.
Bu borada Imom Zahabiyning quyidagi soʻzlarini keltirish oʻrinlidir: “Buni qarangki, sahobalar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni haddan ziyod yaxshi koʻrgani uchun u zotga: “Sizga sajda qilsak boʻlmaydimi?!” dedi. U zot: “Yoʻq”, dedilar. Izn berganlarida edi, ular, albatta, ibodat maʼnosida emas, balki Yusuf alayhissalomning birodarlari singari ulugʻlash va taʼzim bajo keltirish maʼnosida u zotga sajda qilgan boʻlar edi. Musulmon kishi ulugʻlash va taʼzim maʼnosida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning qabrlariga sajda qilishi haqidagi hukm ham xuddi shunday, yaʼni bu bilan aslo kofir boʻlib qolmaydi, balki osiy boʻladi. Qabr tomonga qarab namoz oʻqish ham xuddi shunday” (“Moʻjamush shuyux”).
Xavorijlar mana shu qoidani inkor qiladi. Ibn Umar roziyallohu anhumo ularning zalolatga ketishiga sabab boʻlgan asosiy jihatni tushuntirayotib: “Ular kofirlar xususida nozil boʻlgan oyatlarni moʻminlarga nisbatan tatbiq etishga kirishib ketdi”, degan (Imom Buxoriy va Ibn Jarir Tabariy rivoyat qilgan).
Ikkinchi qoida vasila bilan shirk oʻrtasidagi juda katta farqni ajrata bilishdir. Vasila – Alloh taoloning: “Ey imon keltirganlar! Allohdan qoʻrqingiz va Unga (yaqinlashtiruvchi savobli ishlardan) vasila (vosita) izlangiz!” (Moida surasi, 35-oyat) degan soʻzlari bilan sharʼan buyurilgan ish.
“Vasila” soʻzi lugʻatda martaba, yaqinlik, aloqa singari maʼnolarni ifodalaydi. Umuman olganda, vasila – bu Alloh taolo ruxsat bergan har qanday narsa vositasi bilan Unga yaqinlashishdir. Haq taolo ulugʻlab qoʻygan makon va zamonlar, shaxslar va holatlarni ulugʻ deb eʼtiqod qilish ham shunga kiradi. Binobarin, musulmon kishi Masjidul haromda namoz oʻqish, Multazam (Kaʼba devorining eshik bilan Hajarul asvad orasidagi qismi)da, Paygʻambar alayhissalomning qabrlari oldida duo qilish payida boʻlar ekan, Alloh taoloning Oʻzi ulugʻlab qoʻygan oʻsha makonlarni ulugʻ deb bilgani uchun shunday qiladi. Qadr kechasini ibodat va munojot bilan bedor oʻtkazishga, juma kuni va har kechaning oxirgi uchdan bir qismidagi duo ijobat boʻladigan lahzalarda duo qilishga intilar ekan, Alloh taoloning Oʻzi ulugʻlab qoʻygan oʻsha pallalarni ulugʻ deb bilgani uchun shunday qiladi. Shuningdek, Alloh taoloning Oʻzi ulugʻlab qoʻygan anbiyolar va solihlarni yaxshi koʻrgani uchun ularni vasila qilib, ehtiyojlarini Undan soʻraydi. Musofirlikda, yomgʻir yogʻayotganda duo qilishga shoshiladi. Chunki bu holatlarni Alloh taoloning Oʻzi ulugʻlab qoʻygan. Xullas, bu ishlarning barchasi Alloh taoloning “(Gap) shudir. Yana kim Allohning shiorlarini (qurbonliklarni) ulugʻ deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat) degan soʻzlari jumlasiga kiradi.
Shirk toʻgʻrisida soʻz yuritadigan boʻlsak, u faqatgina Alloh taolo uchun mumkin boʻlgan tarzdagi ibodat amallarining biron bir turini U Zotdan boshqaga yoʻnaltirishdir. Hatto muqarrablik (yaqin boʻlish) niyati bilan boʻlsa ham. Chunonchi, Alloh taolo: (Ey insonlar!) Ogoh boʻlingizki, xolis din yolgʻiz Allohnikidir. Undan oʻzga “doʻstlar”ni (“iloh”) qilib olgan kimsalar: “Biz ularga faqat bizni Allohga yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz” (derlar)” (Zumar surasi, 3-oyat), degan. Tashqi koʻrinishdan ibodatga oʻxshasa-da, haqiqiy maʼnoda ibodat sanalmaydigan ishlarni bu siradan chiqarib yuborish maqsadida “faqatgina Alloh taolo uchun mumkin boʻlgan tarzda” degan shartni qayd etdik. Chunki “Ular (mushriklar) Allohni qoʻyib, faqat ayollar (Lot, Uzzo va Manot degan but-sanamlar)ga sigʻinadilar” (Niso surasi, 117-oyati)da taʼkidlanganidek, duo oʻsha duo bilan murojaat qilinayotgan narsaga ibodat hisoblanishi ham, “(Ey moʻminlar!) Paygʻambarni chaqirishni oʻrtalaringizda bir-birlaringizni chaqirish kabi qilmangiz!” (Nur surasi, 63-oyat)ida aytilganidek, ibodat hisoblanmasligi ham mumkin.
Soʻrash ham xuddi shunday. “Allohdan Uning fazlini soʻrangiz” (Niso surasi, 32-oyat)ida aytilganidek, soʻraluvchi zotga ibodat sanalishi ham, “Agar (bu haqda) bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan (yaʼni Tavrot va Injilni biladiganlardan) soʻrangiz!” (Nahl surasi, 43-oyat)ida koʻrsatilganidek, ibodat sanalmasligi ham mumkin.
Yordam soʻrash ham ayni shunday. Yaʼni “Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam soʻraymiz” (Fotiha surasi, 5-oyat) va “Muso (oʻz) qavmiga dedi: «Allohdan madad soʻrangiz va sabrli boʻlingiz!»” (Aʼrof surasi, 128-oyat)da aytilganidek, yo yordam soʻraluvchi zotga ibodat sanalishi ham, “Sabr va namoz ila (Allohdan) yordam soʻrangiz” (Baqara surasi, 45-oyat)da koʻrsatilganidek, ibodat sanalmasligi ham mumkin.
Yuqorida bayon qilinganlardan yaqqol koʻrinib turibdiki, vasila bilan shirk oʻrtasida kattagina farq bor. Vasila qilishda Alloh taolo ulugʻlagan narsani ulugʻ deb bilish maʼnosi mujassam. Demak, bu Alloh taolo uchun ulugʻlashdir. Shirkda esa Allohga qoʻshib yo U Zotning oʻrniga ulugʻlash maʼnosi boʻladi. Shuning uchun farishtalarning Odam alayhissalomga sajda qilgani tavhid, mushriklarning butlarga sajda qilishi kufr va shirk hisoblanadi. Vaholanki, ikki holatda ham sajda obyektlari Alloh taolo yaratgan mavjudotlardir. Lekin farishtalarning Odam alayhissalomga sajda qilishi – Alloh taolo amr etganidek – unga taʼzim maʼnosida boʻlgani uchun u sharʼan savobli ish sanaladi. Mushriklarning butlarga sajda qilishi ularni xuddi Alloh taoloni ulugʻlagandek ulugʻlash boʻlgani uchun shirk boʻladi.
Binobarin, vasilaning solihlarni vasila qilish yo ularning qabrlari yonida turib Alloh taologa duo qilish singari koʻrinishlari borasida ixtilof paydo boʻlib qolsa, bu ishni vasila doirasidan chiqarib, shirk va kufr doirasiga kiritish mumkin emas. Chunki bu orqali ishlarning mohiyati chalkashib ketadi, Alloh uchun ulugʻlash Allohga qoʻshib ulugʻlashga chiqib qoladi. Vaholanki, Alloh taolo: “Axir, Biz musulmonlarni jinoyatchilarga (kofirlarga) barobar qilarmidik?! (Ey mushriklar!) Sizlarga ne boʻldi? Qanday hukm chiqarmoqdasiz?!” (Qalam surasi, 35-36-oyatlar), degan.
Uchinchi qoida shuki, bir narsani sabab deb bilish bilan yaratuvchi deb eʼtiqod qilish oʻrtasida farq bor. Birinchi qoidani bayon etish asnosida keltirgan misolga yana bir murojaat qilsak, musulmon kishi Iso alayhissalom Alloh taoloning izni bilan loydan qush yaralishiga sabab boʻlgan, deb eʼtiqod qiladi. Nasroniy esa Iso alayhissalom bu ishni mustaqil ravishda (oʻz qudrati bilan) amalga oshirgan, deb ishonadi. Binobarin, biror musulmon Alloh taolodan boshqadan nimadir berishni yo qaysidir yomonlikni daf qilishni soʻrayotganini koʻrsak, buni taʼsir koʻrsatish va yaratishga emas, balki sababiyatga burib talqin qilishimiz shart. Chunki har bir musulmon foyda ham, zarar ham yolgʻiz Alloh taoloning qoʻlida boʻlib, Undan boshqa biror narsa mustaqil ravishda foyda yo zarar bera olmaydi, deb eʼtiqod qiladi. Shu bilan birga, U Zot yaratgan narsalarning ayrimlari Uning izni bilan foyda berishi yo zarar yetkazishi mumkinligiga ham ishonadi. Bu yerda gap oʻsha narsaga yaratuvchi yo sabab sifatida qarashga bogʻliq, xolos.
Xulosa shuki, musulmonlarni sal narsaga bidʼatchi yo kofirga chiqarishga undaydigan asosiy sabab – bu dinning mohiyatini yaxshi anglab yetmaslik va ulamolar joriy qilgan mazkur uch asosiy qoidaga amal qilmaslikdir. Xotirada mustahkam oʻrnashib qolsin, degan maqsadda quyida ularni umumiy qilib keltirib oʻtamiz:
Birinchi qoida: musulmon kishi sodir etadigan amallar tavhidning asliga zid keladigan maʼnoga burib talqin qilinmaydi.
Ikkinchi qoida: vasila bilan shirkning oʻrtasida juda katta farq bor.
Uchinchi qoida: bir narsani sabab deb bilish bilan yaratuvchi deb eʼtiqod qilish bir-biridan mutlaqo farqlidir.