Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlik: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, diniy soha va jamoatchilik vakillari, Kuvaytdan tarixchi olimlar ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, turli din va millat vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan islohotlar keng muhokama etildi.
Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini soʻzlab berdi.
Farmonda belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, diniy bilimlar asosida maʼrifatli jamiyatni barpo etish, islom dinining haqiqiy insonparvarlik va tinchlikparvarlik mohiyatini keng targʻib qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, davlat va din oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro hamkorlik tamoyillari mustahkamlanmoqda, diniy muassasalar faoliyatini qonuniy asosda qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, Oʻzbekistonda vijdon erkinligi faqat qonun bilan kafolatlanibgina qolmay, balki amaliyotda ham oʻzining keng tasdigʻini topmoqda. Bu xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilyapti. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalar faoliyati, ularning tashqi hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, islom sivilizatsiyasiga oid bilimlarni ilmiy asosda yoritish boʻyicha ishlar bu yoʻnalishdagi faol saʼy-harakatlar samarasidir.
Tadbir doirasida taniqli ulamo Iskandar Xalilov oʻzi nashrga tayyorlagan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislaridan taraluvchi nurli jilolar” nomli 2 jildlik kitobi taqdimotini oʻtkazdi. Muallif toʻplamni tartiblash va tayyorlash jarayonlari, undagi manbalarning ilmiy asoslari va matn tahririning uslubiy yechimlari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Kitobda olti sahih hadis toʻplamidan odob-axloq va maʼnaviyatga oid 3550 ta hadis saralab olinib, ikki jildda tartibli ravishda jamlangan, mavzularga ajratilib, murakkab ifodalariga mufassal sharh berilgan.
Bu bilan muallif hadislarning faqat matnini emas, balki ular orqali tarqaluvchi maʼrifiy va maʼnaviy ziyoni, inson tarbiyasidagi oʻrnini ochib berishga harakat qilgan. Kitobni diniy taʼlim muassasalari, ilm ahli va keng jamoatchilik uchun moʻljallangan qimmatli manba deyish mumkin.
Kuvayt adiblar uyushmasi aʼzosi, tarixchi Nodir Vasir Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash va maʼnaviy hayotni yanada yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Xususan, Markaz oʻz faoliyati, ilm va maʼrifatni targʻib etishdagi tashabbuslari bilan nafaqat mintaqada, balki butun islom olamida alohida eʼtibor qozonayotganini taʼkidladi.
Nodir Vasir, shuningdek, Iskandar Xalilovning “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislaridan taraluvchi nurli jilolar” kitobini Kuvaytdagi ilmiy-adabiy doiralar uchun ham muhim manba sifatida tavsiya etish niyatini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday asarlar islom taʼlimoti va axloqiy qadriyatlarni yoyish orqali turli jamiyatlar oʻrtasida anglashuvni mustahkamlashda, maʼnaviy aloqalarni kuchaytirishda muhim oʻrin tutadi.
Kuvaytlik ijodkor ishtirokchilarni oʻzining tarixiy tadqiqotlar asosida yozilgan “Movarounnahr diyori: Fathlar va istilolar” nomli kitobi bilan tanishtirdi. U mazkur asar orqali Markaziy Osiyo tarixi, xususan, Oʻzbekistonning boy ilmiy va madaniy merosi haqida xalqaro jamoatchilikda yanada toʻliq va xolis tasavvur shakllanishiga hissa qoʻshishni maqsad qilganini taʼkidladi. Kitob Qatar davlatining Tarix va yodgorliklar sohasidagi mukofotiga sazovor boʻlgani qayd etildi.
– Movarounnahrning eng ajralib turadigan jihati – bu diyordan oʻnlab emas, balki yuzlab, balki minglab buyuk ulamolar yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy ilmiy va maʼnaviy merosni teran oʻrganish, xalqaro miqyosda keng targʻib qilish barcha musulmon jamiyatlari uchun muhim vazifalardan biri hisoblanadi, – dedi Nodir Vasir.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston tajribasi diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlikni taʼminlashda muhim namuna boʻlishga loyiqligi, bu yoʻnalishdagi ilmiy va amaliy tajribani xalqaro miqyosda oʻrganish va tatbiq etish zarurligi taʼkidlandi. Taqdim etilgan kitoblar esa diniy-maʼrifiy sohadagi bilimlarni boyitish, maʼnaviy tarbiyani yuksaltirish va xalqlar oʻrtasidagi madaniy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.