Home / FOTO LAVHALAR / Yoshlar maʼrifati va diniy soha islohotlari

Yoshlar maʼrifati va diniy soha islohotlari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasiga bagʻishlangan targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Markaz ilmiy xodimi Jonibek Jumayev koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekiston jamiyatidagi millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik, hamjihatlik va oʻzaro hurmat tamoyillari haqida soʻz yuritib, Konsepsiyaning huquqiy asoslari, tarixiy va zamonaviy ahamiyati, ijtimoiy munosabatlarda tutgan oʻrni haqida soʻzladi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mamlakatimizda din va davlat munosabatlarini huquqiy asosda tartibga soluvchi muhim hujjat boʻlib, fuqarolarning eʼtiqod erkinligini kafolatlash, ekstremizm va radikalizmning oldini olish, yosh avlodni sof islom bagʻrikengligi va maʼrifatparvarlik anʼanalari ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar bugungi kunda dunyoda kechayotgan jarayonlar, mafkuraviy tahdidlar, din niqobi ostida amalga oshirilayotgan turli fitna va yovuzliklar, shuningdek, diniy bagʻrikenglikning ahamiyati haqida fikr almashdi. Konsepsiya doirasida koʻzda tutilgan ustuvor yoʻnalishlar va amaliy chora-tadbirlar xususida ham mulohazalar bildirildi.

Talabalar diniy sohadagi davlat siyosatiga oid bilim va tushunchalarini yanada mustahkamlab, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkistonda Oʻzbekistonning bagʻrikenglik siyosati namoyishi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida joylashgan “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) …