Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Turkiyaning Pamukkale universiteti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Ipak yoʻli va Turk dunyosi: Madaniyatlar almashuvida til, adabiyot, tarjima va gastronomik turizm integratsiyasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda mahalliy va xorijlik olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Shoʻba yigʻilishlarida soha mutaxassislari tomonidan Markaziy Osiyo mutafakkirlari faoliyati, islom sivilizatsiyasi arboblarining dinlararo va millatlararo bagʻrikenglikni taʼminlashdagi oʻrni va ahamiyati kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Konferensiyada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Yoʻldoshxon Isayev “Abu Hafs Bujayriyning tafsir ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida maʼruza qildi. Tadqiqotchi allomaning Sharq ryenessansida tutgan oʻrni, shuningdek, uning qalamiga mansub “Jomiul musnad” asarining islom dini mohiyatini chuqur anglash, tafsir va hadis ilmidagi ahamiyati haqida soʻzladi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa buyuk mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida alohida maʼlumot berdi.
Y.Isayev maʼruza yakunida yosh avlodning imon-eʼtiqodi mustahkam boʻlib ulgʻayishi, shuningdek, farzandlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi beqiyos ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shuningdek, mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Ushbu konsepsiya jamiyatda dinlararo totuvlikni, bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash, shu bilan birga, diniy eʼtiqod erkinligini kafolatlash orqali fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan bunday xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar madaniyatlar almashuviga xizmat qilib, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasidagi hamjihatlikni, shuningdek, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.