Home / FOTO LAVHALAR / “KATTA KITOB” – NAZARIY MANBA yoxud maʼnaviy izlanish ramzi

“KATTA KITOB” – NAZARIY MANBA yoxud maʼnaviy izlanish ramzi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori dr. Yasemin Goʻkpinar “Forobiyning “Musiqa haqidagi Katta kitobi”da Vatanga yaqinlashuv va undan uzoqlashuv tamoyillari” mavzusida maʼruza qildi.

Olima mashhur mutafakkir va faylasuf Abu Nasr Forobiyning “Musiqa haqidagi Katta kitob” asarini, faqat nazariy manba emas, balki muallifning shaxsiy kelib chiqishi, geografik ildizlari va fikriy masofalarini ifoda etuvchi ramz sifatida tahlil qilib berdi.

– Forobiy bu asarida nafaqat musiqaning nazariy asoslarini yoritadi, balki musiqa asboblari vositasida Vatanga maʼnaviy yaqinlashishga intiladi, – dedi Goʻkpinar xonim.

Uning fikricha, muallif asarning baʼzi qismlarida ongli ravishda yunon manbalaridan uzoqlashib, mahalliy, yaʼni Markaziy Osiyoga xos unsurlarga murojaat qilgan. Bu orqali musiqa nazariyasi orqali Vatan bilan maʼnaviy aloqa oʻrnatgan boʻlishi mumkin.

Maʼruzada ishtirokchilar eʼtiborini tortgan asosiy jihatlardan biri tanbur va shahrud kabi mintaqamiz xalqlari madaniyatiga xos musiqa asboblarining tahlili boʻldi. Asarda, ayniqsa, soʻgʻdiylar ixtirosi boʻlmish shahrudga keng oʻrin berilgani, uning Bagʻdod, Shom va Misrda tarqalishi, ilmiy tushunchalarni anglatishdagi ahamiyati taʼkidlangani – bu Forobiyning oʻz yurti madaniyatiga cheksiz hurmat-ehtiromini koʻrsatuvchi muhim ishora sifatida talqin etildi.

Maʼruzachining fikriga koʻra, Forobiy asarining baʼzi qismlarida arab hukmdorlariga nisbatan muayyan fikriy masofa kuzatiladi. Bu, ehtimol, u oʻzini boshqa madaniyatga mansub deb his qilgani bilan bogʻliq.

– U oʻzini hukmron sinfga nasabdosh yo tobe emas, balki mukammallik va ilmga sodiq olim deb bilgan, – deb taʼkidladi Goʻkpinar xonim.

Maʼruza davomida grek va islom olami oʻrtasidagi yunoncha-arabcha tarjimonlik anʼanalari, Bagʻdoddagi kosmopolitik ruhiyat (turli millat, madaniyat, til va din vakillari birgalikda tinch va hamjihat yashaydigan, ochiq, xilma-xillik va rang-baranglikni qoʻllab-quvvatlovchi muhit) va musiqa nazariyasida amaliy yechimlarning oʻrni ham alohida yoritildi.

Maʼruza quyidagi xulosa bilan yakun topdi: “Musiqa haqidagi Katta kitob” – bu faqat nazariy asar emas. U – fikriy safar, Vatanga botiniy qaytish, maʼnaviy izlanish va oʻzlikni qaytadan kashf etish inʼikosi. Forobiy musiqani nafaqat aql bilan tinglash, balki qalb va ruh orqali his etishga chorlaydi.

Tadbir ishtirokchilari maʼruzani zamonaviy ilm-fan va madaniy merosni uygʻunlashtirgan ilmiy tahlil sifatida yuksak baholadi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkistonda Oʻzbekistonning bagʻrikenglik siyosati namoyishi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida joylashgan “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) …