Home / FOTO LAVHALAR / Bagʻrikenglik va ilm: Xalqaro markazlar oʻrtasidagi muloqot samarasi

Bagʻrikenglik va ilm: Xalqaro markazlar oʻrtasidagi muloqot samarasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qozogʻistondagi Nur Muborak Misr Islom madaniyati universiteti huzuridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor: Madaniy meros va dinlararo muloqot” mavzusida ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Unda Nur-Muborak universiteti huzuridagi markaz rahbari, professor Shamsiddin Karim boshchiligidagi delegatsiya, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi va mutaxassislar ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash, dinlararo bagʻrikenglikni mustahkamlash hamda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining amaliy ahamiyati borasida atroflicha soʻz yuritildi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda har bir shaxsning dinga mansublik va eʼtiqod huquqi kafolatlangan boʻlib, turli din va konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhiti hukm surmoqda. Shuningdek, diniy taʼlim muassasalari faoliyatida ochiqlik va ilmiy yondashuv ustuvor hisoblanadi. Mazkur siyosat dunyoviylik va din oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tadbir ishtirokchilari muassasalararo ilmiy hamkorlik masalalari boʻyicha, xususan, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, loyihalar, oʻquv seminarlari va qoʻshma nashrlar borasidagi istiqbolli rejalar yuzasidan ham fikrlar bildirib, ayniqsa, qoʻlyozmalarni tadqiq etish, ularni raqamlashtirish, ilmiy jamoatchilik va keng ommaga taqdim etish ishiga katta eʼtibor qaratdi. Islom sivilizatsiyasiga oid qoʻlyozmalarni chuqur oʻrganishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash, ularni manbashunoslik va tilshunoslik jihatdan tahlil etish orqali yangi ilmiy xulosalarga kelish muhimligi qayd etildi.

Ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlar mintaqada diniy bagʻrikenglikni, ilm-fan va madaniyat sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidlab, kelgusida bu yoʻnalishdagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.

Anjuman nafaqat ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, balki Oʻzbekistonning dinlararo muloqot va madaniy merosni asrash sohasidagi yutuqlarini xalqaro maydonda yanada keng namoyon etishga xizmat qiluvchi muhim qadam boʻldi.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Navoiyni ardoqlaganlar doimo eʼzozda

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlab, …