Home / FOTO LAVHALAR / DINIY BAGʻRIKENGLIK VA IJTIMOIY TOTUVLIK – HAR QANDAY JAMIYATDA DOIMO MUHIM VA DOLZARB

DINIY BAGʻRIKENGLIK VA IJTIMOIY TOTUVLIK – HAR QANDAY JAMIYATDA DOIMO MUHIM VA DOLZARB

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Turkiyaning 19-may universiteti hamkorligida “Diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlik” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi. Unda taniqli turk olimasi, 19-may universiteti rektori, professor Fatma Aydin va universitet vakillari, Markaz ilmiy jamoasi ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining amaliy ahamiyatiga alohida urgʻu berildi. Qayd etilganidek, mamlakatimizda diniy bagʻrikenglikni qaror toptirish, har bir insonning vijdon erkinligiga hurmat bilan yondashish, turli dinlar vakillari oʻrtasida tinchlik va totuvlik munosabatlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shundan kelib chiqib, yaqinda qabul qilingan Konsepsiya vositasida Oʻzbekistonda diniy erkinlikning ustuvorligini taʼminlashning huquqiy asosi yaratildi. Bu diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlikning yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta.

Ayni paytda ikki muassasa hamkorligining muhim ahamiyati ham tilga olindi. Ilmiy sohadagi aloqalar, xususan, qoʻlyozmalarni tadqiq etish va allomalar asarlarni oʻrganish borasidagi qoʻshma loyihalarning dolzarbligi eʼtirof etilib, islomning asl qadriyatlari va diniy merosni asrab-avaylashga qaratilgani qayd qilindi.

Ishtirokchilar xalqaro maydonda diniy bagʻrikenglik, vijdon erkinligini rivojlantirishga qaratilgan tadqiqotlarni chuqurlashtirish va umumjahon darajasida diniy tolerantlikni targʻib qilish tashabbusini ilgari surdi. Markaz va universitet olimlari, ikki tomonning ilmiy izlanishlari va ularning aniq natijalari kelgusida ushbu masalalarning xalqaro miqyosdagi yechimida muhim oʻrin tutishi ehtimoli yuqori baholandi.

Tadbirda ishtirokchilar diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlikni taʼminlash, turli dinlar va madaniyatlar oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy va amaliy yoʻnalishlar boʻyicha oʻz tajribasiga asoslangan fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

Uchrashuv doʻstona kayfiyatda, savol-javoblarga boy tarzda, qizgʻin ilmiy ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimi – Turkistondagi xalqaro simpoziumda

Ayni soatlarda Qozogʻiston Respublikasi, Turkiston shahrida “Ahmad Yassaviy ilmiy merosi zamonlar va madaniyatlar muloqotida: Insonparvarlik …