Home / FOTO LAVHALAR / Yassaviylik va zamonaviy jamiyat: Xalqaro simpozium tafsilotlari

Yassaviylik va zamonaviy jamiyat: Xalqaro simpozium tafsilotlari

Xabar qilinganidek, Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida “Ahmad Yassaviy ilmiy merosi zamon va madaniyatlar muloqotida: Insonparvarlik anʼanalari va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida xalqaro simpozium boʻlib oʻtdi.

Hazrati Sulton merosini oʻrganish va keng targʻib qilish, uning hikmat va tamoyillarini taʼlim tizimiga joriy etish, mahalliy va xorij olimlarining bu boradagi tadqiqotlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan anjumanda oʻnga yaqin davlatdan ellikdan ziyod olim maʼruzasi tinglandi.

Anjuman ishida qatnashgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mehrojiddin Omonov “Yassaviya ilmiy merosini oʻrganish: Muammo va istiqbol” shoʻbasida “Yassaviya tariqati: Murshid, murid, silsila” mavzusida maʼruza qildi.

Olim yassaviylik tariqatining tarixi va uning zamonaviy ahamiyatiga hamda Hazrati Sulton maʼnaviy merosini ilmiy tadqiq qilishga oid muhim masalalarga toʻxtalib oʻtdi.

Maʼruzada tariqatning ijtimoiy va maʼnaviy ahamiyati alohida taʼkidlandi. Unga koʻra, yassaviylik asrlar davomida turli madaniyatlar va xalqlar oʻrtasidagi muloqotni taʼminlagan, uning oʻrganilishi va targʻib qilinishi bugungi kunda ham muhim ahamiyatga ega. Yassaviylik, ayniqsa, insonparvarlik, goʻzal axloq va maʼnaviy taraqqiyotga yoʻnaltirilgan tamoyillari bilan zamonaviy jamiyatdagi maʼnaviy boshqaruv va tarbiya berish tizimlari uchun namuna boʻlib xizmat qiladi.

M.Omonov yassaviylikning asosiy tamoyillari – murshid (ustoz), murid (talaba) va silsila (uzviylik) haqida batafsil tahliliy fikr yuritdi. Uning taʼkidlashicha, bu tamoyillar yordamida nafaqat individual maʼnaviy oʻsish, balki jamiyatni maʼnan poklantirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga erishish mumkin. Shu bois yassaviylikka oid ilmiy va maʼnaviy meros juda katta ahamiyatga ega.

Taʼkidlanganidek, yassaviylik Movarounnahrda ilk mumtoz tariqat sifatida vujudga kelgan. Ahmad Yassaviy rahnamoligida Turkistonda shakllanib, Toshkent, Xorazm, Buxoro va Samarqand kabi yirik shaharlarda rivojlangan. Tariqatning turli shajara va silsila tarmoqlari mavjud boʻlib, har biri turli shaharlarga tarqalgan. Xususan, Samarqandda azizon va iqoniya tarmoqlari oʻz taraqqiyotini davom ettirgan.

Maʼruzachi tariqatning har biri tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan va maʼnaviy barkamollikni taʼminlashda muhim rol oʻynagan turli avlodlari va shajaralari haqida maʼlumot berdi. Uning tahlillari simpozium qatnashchilari tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.

Simpozium doirasida Yassaviy merosini oʻrganishga doir tarixiy manbalar, yangi manbalarni nashrga tayyorlash, filologik tadqiqotlar, yassaviylik merosining moddiy va maʼnaviy madaniyatdagi oʻrni, bugungi kunning dolzarb ijtimoiy masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yassaviylik tariqatining ijtimoiy va maʼnaviy ahamiyati, uning zamonaviy jamiyatdagi oʻrni va ilmiy tadqiq qilish imkoniyatlarini yanada oshirishga qaratilgan muhim qadam boʻldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimi – Turkistondagi xalqaro simpoziumda

Ayni soatlarda Qozogʻiston Respublikasi, Turkiston shahrida “Ahmad Yassaviy ilmiy merosi zamonlar va madaniyatlar muloqotida: Insonparvarlik …