Home / FOTO LAVHALAR / Muassasalararo ilmiy-maʼnaviy hamkorlik tarixida yangi bosqich

Muassasalararo ilmiy-maʼnaviy hamkorlik tarixida yangi bosqich

Oʻzbekiston delegatsiyasining Jazoirga tashrifi doirasida mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, maqsad va vazifalari haqida taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda markazning islom ilmiy merosini oʻrganish, keng jamoatchilikka yetkazish va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi roliga alohida toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, markaz faoliyatiga oid maxsus videorolik namoyish etildi.

 

Shundan soʻng Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Jazoir Islom ilmlari va sivilizatsiyasi markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid memorandum imzolandi.

Mazkur hujjat ilmiy muassasalar oʻrtasida qoʻlyozma manbalarni oʻrganish va raqamlashtirish, ilmiy konferensiyalar, seminar va davra suhbatlari tashkil etish, ilmiy tadqiqot natijalari almashuvi va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish, ikki markaz fondlarida saqlanayotgan ilmiy merosni oʻzaro taqdim etish va keng jamoatchilikka yetkazish kabi yoʻnalishlarda izchil hamkorlikni nazarda tutadi.

Imzolash marosimida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov ushbu hamkorlik nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirish, balki butun musulmon ummati uchun muhim boʻlgan tarixiy va maʼnaviy merosni chuqurroq oʻrganish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochishini taʼkidladi.

Jazoir Islom ilmlari va sivilizatsiyasi markazi rahbariyati mazkur memorandum oʻzaro tajriba almashish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va zamonaviy ilmiy yondashuvlarni tatbiq etishda puxta zamin boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Ushbu muhim hujjat ikki nufuzli ilmiy muassasa oʻrtasidagi ilmiy, madaniy va tarixiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, islomiy merosni oʻrganish va targʻib qilish borasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun zalvorli huquqiy poydevor boʻladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“OʻZBEKISTON – BAGʻRIKENGLIK DIYORI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu mavzuda maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda nufuzli turk olimi, …