Home / FOTO LAVHALAR / Oʻzbekiston delegatsiyasi – Jazoir anjumanida faxriy mehmon

Oʻzbekiston delegatsiyasi – Jazoir anjumanida faxriy mehmon

Xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Jazoirga ilmiy safar qilmoqda.

Agʻvot shahrida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan Soʻfiylik taʼlimoti madaniyati festivali doirasida “Tasavvuf navolari: oʻtmish merosi, bugunning sadosi va kelajak ovozi” mavzusidagi xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yigirmaga yaqin davlatdan yuzdan ortiq xorijiy mutaxassis ishtirokida boshlangan bu yilgi forumning faxriy mehmonlari – Oʻzbekiston delegatsiyasi nomidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov nutq soʻzlab, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ilmiy-maʼrifiy hamkorlik mustahkam poydevorga ega ekani, keyingi yillarda ushbu munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotgani haqida fikr bildirdi.

Olim davlatlararo ilmiy aloqalar nafaqat tarixiy, balki bugungi kun nuqtayi nazaridan ham yuksak ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Jazoirdagi turli ilmiy muassasalar oʻrtasida oʻrnatilayotgan sheriklik munosabatlari oʻzaro manfaatli aloqalarning amaliy namunasi boʻlishini qayd etdi.

Shuningdek, Sh.Ziyodov tasavvuf taʼlimotining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni, uning maʼnaviy tarbiya, inson kamolotidagi ahamiyati va bu borada Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar, xususan, maʼnaviy merosni asrab-avaylash va avlodlarga yetkazishga qaratilgan ilmiy faoliyat haqida maʼlumot berdi. Markazda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik loyihalari, qadimiy qoʻlyozmalarni oʻrganish va raqamlashtirish ishlari, shuningdek, soʻfiylik taʼlimotiga oid manbalar tahliliga alohida toʻxtaldi.

Olim jazoirlik hamkasblarni Oʻzbekistonga kelib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa ilmiy muassasalarda birgalikda tadqiqot olib borishga taklif etdi.

Anjuman doirasida ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan kelishuvlar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish moʻljallanmoqda.

Festival kunlari mamlakatimiz delegatsiyasi Jazoirdagi soʻfiylik markazlari, tarixiy manbalarni saqlash muassasalariga tashrif buyurishi, mahalliy ulamolar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom merosini tiklash: Imom Abdulhamid Keshiyga oid ekspozitsiya muhokamada

Imom Abdulhamid Keshiy – Movarounnahrga hadis ilmining kirib kelishiga ulkan hissa qoʻshgan zotlardan biri. Aynan …