Home / MAQOLA / MOʻMIN MAʼSIYAT BILAN KOFIR BOʻLMAYDI

MOʻMIN MAʼSIYAT BILAN KOFIR BOʻLMAYDI

Hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biri – bu musulmonlarni kufrda  ayblashning koʻpayganidir. Bu keyin chiqqan masalalardan biridir. Unutmaslik kerakki, ushbu harakat ahli sunna val jamoadan oʻzgalarning yoʻlidir. Moʻmin odamni kofirga chiqarayotganlar adashgan firqalarning izdoshlaridir.

Inson eʼtiqod, soʻz va amal bilan dinga erishadi. Eʼtiqod qalbga, soʻz tilga, amal esa aʼzolarga tegishlidir. Haq dinning hayotga tatbiq etilishi shular bilandir. Ularning eng ulugʻi qalbdagi eʼtiqod boʻlib, u boʻlmasa, iymonning haqiqati yoʻqoladi.

Eʼtiqod – bu  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning huzuridan keltirgan narsalariga qatʼiy ishonishdir. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan hech biringiz men keltirgan narsaga ergashmaguncha (komil) moʻmin boʻla olmaydi”, deganlar (Bayhaqiy rivoyat qilgan). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eʼtiqod qalbda mustahkam oʻrnashgan narsa ekani va inson unga zid ish qilmasa, iymoni inobatga olinib, doʻzaxda abadiy qolmasligini tasdiqlaganlar.

U zot sollallohu alayhi vasallam hayotlik chogʻlarida biror kishini kofir deb ayblamaganlar va boshqalarni ham shunga daʼvat qilganlar. Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam  iymonning aslidan birini “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik: biror gunoh tufayli uni kofirga chiqarma, biror amal tufayli uni islomdan chiqarma” (Abu Dovud rivoyat qilgan) deb taʼkidlaganlar. Mana shu hadisdan mavzuga oid aniq javobni anglab olsak boʻladi. Darhaqiqat, iymon har bir musulmonning eng muhim hujjatidir.

Eʼtiqoddan keyin iqror va buyurilgan amallarni bajarish talab etiladi. Bu islomga tom maʼnoda boʻysunish demakdir.

Eʼtiqod orqali moʻminlar bir-birini taniydi, qoʻllab-quvvatlaydi, molu jonini himoya qiladi. Qotillik qilgan, dinidan chiqqan, jamoatdan ajralganlar kabi jinoyatchilarga jazo va hukmlar tayin qilinadi. Bularning barchasi islomdandir.

Alohida taʼkidlash lozimki, eʼtiqod qalbning ishi boʻlib, boshqalar undan xabar topish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun soʻzning zohiriga koʻra hukm chiqariladi. Kim kufr soʻzni ochiq-oydin talaffuz qilsa, shundagina kofir boʻladi.

Amalning darajalari turli xil boʻladi. Kim buyurilgan amallarni barcha imkoniyatini sarflab bajarsa, najot topganlardan boʻladi. Ammo beparvolik yoki yalqovlik qilib kamchiliklarga yoʻl qoʻysa, gunoh ishlarga qoʻl ursa, Allohga havola etiladi. U Zot xohlasa avf etadi, xohlasa azoblaydi. Alloh taolo: “Albatta Alloh shirkni kechirmaydi. Undan boshqa gunohlarni xohlagan bandalaridan magʻfirat qiladi”, (Niso surasi, 116-oyat mazmuni) degan. Shuningdek, Alloh taolo katta gunohlardan tiyilgan insonlarning kichik gunohlarini kechirishini bunday bayon qilgan: “Agar qaytarilgan narsalarning kattalaridan chetda boʻlsangiz, kichik gunohlaringizni kechiramiz va sizni yaxshi joyga kiritamiz” (Niso surasi, 31-oyat mazmuni).

Beparvolik bilan biror farz amalni tark etgan yoki katta gunohga qoʻl urgan kishi oʻlim kelmasidan oldin tavba qilsa, tavbasini qabul etib, jazosiz jannatga kiritish Alloh taoloning haqqidir. Alloh taolo: “Nodonlik sababli yomonlik qilib qoʻyib, soʻngra tezda tavba qiladiganlarning tavbasi Allohning zimmasidadir. Alloh ana oʻshalarning tavbasini qabul qiladi”, (Niso surasi, 17-oyat mazmuni) degan.

Jon halqumga kelguncha gunohda davom etgan kishilarning tavbasi qabul qilinmasligini Alloh taolo bunday bayon qilgan: “Yomonliklarni qilib yurib, birlariga oʻlim yetganda, endi tavba qildim, deganlarga va kofir holida oʻlganlarga tavba yoʻq. Ana oʻshalarga alamli azoblarni tayyorlab qoʻyganmiz” (Niso surasi, 18-oyat mazmuni).

Usoma ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga edik. U zot bunday dedilar: “Allohga hech narsani sherik qilmaslikka, zino qilmaslikka, oʻgʻirlik qilmaslikka, Alloh harom qilgan jonni nohaq oʻldirmaslikka menga bayʼat berasizlar. Sizlardan kim (bunga) vafo qilsa, ajri Allohning zimmasidadir. Kim bulardan birortasiga qoʻl ursa-yu, jazoga tortilsa, bu uning uchun kafforatdir. Kim bulardan birortasiga qoʻl ursa-yu, Alloh buni yashirsa, uning ishi Allohga havola: xohlasa kechib yuboradi, xohlasa azoblaydi” (Muslim rivoyat qilgan).

Mazkur dalillar moʻmin kishi qilgan gunohi sababli kofir boʻlmasligini anglatadi.

Botil firqalardan biri murjialar: “Kofirga toat-ibodat foyda bermaganidek, moʻminga gunoh-maʼsiyatning zarari yoʻq. Moʻmin qanday gunoh qilishidan qatʼi nazar, albatta jannatga kiradi. Hech qachon doʻzaxga kirmaydi”, deydi. Ushbu eʼtiqod mutlaqo botildir.

Xavorij va moʻtazila firqalari: “Katta gunoh qilgan kishi tavba qilmay oʻtib ketsa, doʻzaxda abadiy qoladi”, deydi. Ular oʻzlaricha iymon va kufr orasida fosiqlik holati borligini daʼvo qilib, quyidagilarni dalil sifatida keltiradi:

– Alloh taolo moʻmin bandalarini bunday sifatlagan: “Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (oʻldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan oʻldirmaslar. Zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor boʻlur. Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar koʻpaytirilur va unda (azobda) xor boʻlib abadiy qolur” (Furqon surasi, 68-69-oyatlar mazmuni);

– Alloh taolo qiyomatda odamlarni ikki guruhga ajratadi: bir guruhi jannatda, ikkinchisi doʻzaxda boʻladi. Uchinchi firqa yoʻq. Demak, bitta gunoh sababli doʻzaxga kirgan kishi unda abadiy qoladi;

– Nabiy sollallohu alayhi vasallam koʻplab hadislarida gunoh qilgan kishilar maʼsiyati uzra vafot etsa, jannatga kirmasligini taʼkidlaganlar: “Banda zino qilayotgan chogʻida moʻmin boʻlmaydi. (Oʻgʻri) oʻgʻrilik qilayotgan chogʻida moʻmin boʻlmaydi. (Xamrxoʻr) xamr ichayotgan chogʻida moʻmin boʻlmaydi. (Qotil) moʻmin holida qotillik qilmaydi” (Buxoriy rivoyat qilgan). Shunday maʼnodagi boshqa hadislar.

Ahli sunna olimlari ularga quyidagi dalillar bilan raddiya bergan.

Sahih dalillar ularning gapini inkor qiladi. Uboda ibn Somit roziyallohu anhuning hadisi; Alloh taoloning: “Albatta, Alloh Oʻziga shirk keltirilishini kechirmaydi. Undan boshqa gunohlarni xohlagan bandalaridan magʻfirat qiladi”, (Niso surasi, 116-oyat mazmuni) degan soʻzi; Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Allohdan oʻzga iloh yoʻq”, degan, qalbida arpa doni vaznicha yaxshilik boʻlgan kishi doʻzaxdan chiqadi” va “Alloh doʻzax ahlidan kimga rahm qilishni iroda etsa, farishtalarga Allohga ibodat qilganlarni doʻzaxdan chiqarishni buyuradi. Shunda ularni chiqaradi. Ularni sajda izlaridan tanib oladi”, (Buxoriy rivoyat qilgan) degan soʻzlari shular jumlasidandir.

Ularning Furqon surasidagi oyatlarni keltirganiga oyatning davomi javob berib turibdi: “Kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana oʻshalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh magʻfiratli va rahmli zotdir” (Furqon surasi, 70-oyatlar mazmuni).

Oxiratda jannat va doʻzaxdan boshqa qoladigan joy boʻlmasligiga shubha yoʻq. Jannatga kirgan undan chiqmaydi. Doʻzaxga kirgan kofir kimsa boʻlsa, abadiy qoladi. Moʻmin boʻlsa, gunohiga yarasha jazo olgandan keyin Allohning fazlu marhamati bilan, vaqti kelib jannatga kiradi.

Ahli haq iymonning aslini emas, komilligini inkor etadi. Yaʼni katta gunoh qilgan kishining iymoni komil boʻlmaydi. Lekin moʻmin hisoblanaveradi. Gunoh ish qilib qoʻygan kishining qalbini bilmasdan uni har narsada ayblash toʻgʻri emas. Adashgan firqalarning mazhabiga ergashib qolishdan oʻta hushyor boʻlish lozim.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ILM-FAN VA TADQIQOTLARDA HAM INTEGRATSIYA KERAK!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi …