Home / MAQOLALAR / DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK – TARAQQIYOT VA FAROVONLIK OMILI

DINIY BAGʻRIKENGLIK VA MILLATLARARO TOTUVLIK – TARAQQIYOT VA FAROVONLIK OMILI

Hozirgi kunda jahonda 1600 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Dunyo xaritasida esa millatning oʻz nomi bilan ataladigan bor-yoʻgʻi 200 ga yaqin davlat bor, xolos. Demak, jahonda mavjud davlatlarning har biriga koʻp millatlilik xosdir. Tabiiyki, har bir millat vakillari turli diniy eʼtiqodga amal qiladi.

Markaziy Osiyo gʻoyat xilma-xil din, madaniyat va turmush tarzi tutashgan markaz hisoblanadi.  Oʻzbekiston hududi ham qadimdan islom dini bilan bir qatorda turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega boʻlgan, xilma-xil dinlarga eʼtiqod qiluvchi xalqlar yashab kelayotgan oʻlkadir. Respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydi. Aholisining 90 foizidan ortigʻi islom diniga eʼtiqod qiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiya vakillari ham bagʻrikenglik tamoyillari  asosida hayot kechirmoqda.

Bagʻrikenglik – yon berish, andisha yoki xushomad emas. Bagʻrikenglik, eng avvalo, insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Hech qanday vaziyatda ham bagʻrikenglik ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuz qiluvchilar uchun bahona boʻlib xizmat qilmaydi. Bagʻrikenglikni alohida shaxs, guruh va davlatlar namoyon qilishi lozim.

Bagʻrikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, demokratiya va huquq tantanasi uchun koʻmaklashishga yordam beruvchi majburiyatdir. Bagʻrikenglik – aqidaparastlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy hujjatlarda oʻrnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.

Oʻzbekistonning muhim savdo yoʻllari chorrahasida joylashgani, koʻplab davlatlar bilan amalga oshirilgan iqtisodiy aloqalar yerli xalqlarning diniy va maʼnaviy hayotiga taʼsir koʻrsatgan. Shuningdek, Movarounnahr aholisi amal qilib kelayotgan urf-odatlar esa oʻzga yurtlar madaniyati rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan. Bu esa oʻziga xos millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglikni shakllantirishda asosiy omillardan biri boʻlib xizmat qilgan.

Yurtimizda istiqlolga erishgan dastlabki kunlardan boshlab diniy bagʻrikenglik davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni saqlash hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida Prezidentimiz yuritayotgan siyosat jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu borada quyidagi fikrni bildirgan edi: “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”[1].

Jamiyatning oqil kishilari doim tinchlik-totuvlikka intilib kelgan. Tarixdan maʼlumki, insoniyat erishgan barcha yutuqlar tinchlik-totuvlikka chambarchas bogʻliqdir. Yurt tinchligi – bebaho neʼmat, barqaror taraqqiyot garovidir. Albatta, tinchlikka oʻz-oʻzidan erishib boʻlmaydi. Uni izchil va qatʼiy harakat, shuningdek, dunyoda sodir boʻlayotgan  jarayonlarni tafakkur qilish orqali taʼminlash mumkin. Tinchlik deb atalmish neʼmatni mustahkamlovchi omillaridan biri – diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikdir. Tinchlik  mamlakatimizning jahon siyosiy maydonida olgʻa surayotgan asosiy gʻoyalaridan biridir.

Shu boisdan bu muborak zaminda ajdodlarimiz boshqa din vakillari eʼtiqodiga doimo hurmat nazari bilan qaragan. Shuningdek, yurt ozodligi, farovonligi yoʻlida bir-biriga yelkadosh boʻlgan. Chunki yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, millatlararo totuvlik, sabr-toqat va bagʻrikenglik mamlakat rivoji uchun zarur omillardan biri hisoblangan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, konfessiyalararo munosabatlar va ularning mohiyati jamiyatda mavjud ijtimoiy munosabatlar xarakterini belgilab beruvchi omil sifatida namoyon boʻladi.

Dunyodagi barcha dinlar ezgulik gʻoyalariga asoslangan va odamzodni yaxshilik, tinchlik, oʻzaro hamkorlik va doʻstlikka daʼvat etadi. Islom dini bu borada eng yetakchi din desak, yanglishmaymiz. Dinimizda tinchlik va bagʻrikenglikka katta eʼtibor berilgan boʻlib, bu har bir musulmon eʼtiqodining ajralmas qismidir.

“Aytingiz (ey, moʻminlar!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Kitob)ga, Ibrohim, Ismoil, Isʼhoq, Yaʼqub va uning avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Musoga, Isoga va (barcha) paygʻambarlarga Parvardigorlaridan berilgan narsalarga imon keltirdik (ishondik). Biz ular oʻrtasidan birortasini (paygʻambar emas deb) ajratib qoʻymaymiz va biz Unga (Allohga) boʻyinsunuvchilarmiz” (Baqara surasi, 136-oyat).

Ushbu oyati karimada kelgan buyruqqa binoan, har bir musulmon kishi Alloh yuborgan hamma paygʻambarlarni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning paygʻambarligini tasdiq etgandek tasdiq etishi, yaratgan Zot tushirgan kitoblarga Qurʼoni karimga iymon keltirgandek imon keltirishi lozim. Agar ulardan birortasiga imon keltirmasa yoki ularni behurmat qilsa, musulmonligi qolmaydi. Demak, bagʻrikenglik, avvalo, dinimiz asosi boʻlgan imonda oʻz ifodasini topgan.

Shuningdek, Qurʼoni karimning Mumtahana surasi 8-oyatida: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urishmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”, deb moʻmin-musulmonlarni boshqa millat va din vakillari bilan yaxshi munosabatda boʻlishga buyurmoqda. Ushbu hukm islomning naqadar insonparvar va bagʻrikeng din ekaniga yorqin dalildir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik va adolat qilishdan hech kimni man qilmaydi.

Xususan, “Hujurot” surasi 13-oyatda bunday deyiladi: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”. Ushbu oyatda sizning ota-onangiz bir, yaʼni barchangiz Odam Ato va Momo Havodan tarqalgansiz. Shunday boʻlsa-da, sizni turli millat, elat, xalq va qabilalarga ajratib qoʻydik, degan maʼno mavjud. Oyat zamiridan odamzodni turli millat, elat, xalq va qabilalarga boʻlinishi Allohning irodasi bilan boʻlgani kelib chiqadi. Insoniyatni turli elat va millatlarga ajralishi oʻzaro ixtilof uchun emas, aksincha, bir-birini oʻzaro tushunish va ilm-maʼrifatning taraqqiy etishi uchundir.

Buyuk maʼrifatparvar olim Abdurauf Fitrat ham bagʻrikenglik haqida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Hech shubha yoʻqki, odamlar har xil din va mazhabdan, har xil qabila va millatdan boʻlsalar ham, bir otaning va yagona jinsning farzandi, boshqacha qilib aytganda, bir-birining aka-ukalaridir. Shunday ekan, ular oʻzaro umumiy birodarlikni yuzaga keltirishlari kerak”[2] .

“Bagʻrikenglik  – dunyodagi turli boy madaniyatlarni, oʻzini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va toʻgʻri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot, hurfikr, vijdon va eʼtiqod vujudga keltiradi. Bagʻrikenglik – turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat maʼnaviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bagʻrikenglik – tinchlikka erishishni taʼminlovchi va urush deb nomlangan madaniyatsizlikdan tinchlik deb nomlangan madaniyatga eltuvchi yoʻldir”[3].

Darhaqiqat, yosh avlodni millatlararo va dinlararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash barchamizning muqaddas burchimizdir. Oʻz hayotiy tajribasi bilan shaxsiy ibrat namunasini koʻrsatayotgan ustozlar ishtirokida mahalla, umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʻquv yurtlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Unda millatlararo va dinlararo totuvlik tinchlik, taraqqiyot va farovonlik omili ekaniga urgʻu berish lozim.

[1] Mirziyoyev Sh.M. Mamlakat rivojidagi istiqbolli vazifalar (Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolariga 2018-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va Oʻzbekiston Respublikasini 2019-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Murojaatnoma) /https://kun.uz/99444746.
[2] Terrorizm – jaholat oʻchogʻi. Metodik-bibliografik qoʻllanma. –T.: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi, 2003. – B.4.
[3] Bagʻrikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi. – T., 2002. – B.9.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISTIGʻFORNING 72 ta XISLATI

ISTIGʻFORning 72 ta XISLATIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: Kalomulloh – Qurʼoni karimning muborak …