Ijtimoiy buzgʻunchiliklarga sabab boʻladigan yolgʻonning turlaridan biri yolgʻon guvohlik berishdir. Bu narsa begunoh insonlarni jabru jafo tortishi, haq-huquqlarining poymol boʻlishi, hatto yolgʻon guvohlik natijasida nohaqdan jazoga tortilib ketishi kabi koʻpgina yomonliklarga sabab boʻladi. Shuning uchun ham Islom dinida yolgʻon guvohlik berishni dunyodagi eng katta gunoh – Allohga shirk keltirish bilan tenglashtirilgan.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bomdod namozidan soʻng burilib oʻrinlaridan turdilarda uch marta: “Yolgʻon guvohlik berishning gunohi Alloh taologa shirk keltirishning gunohi bilan tenglashtirildi”, dedilar va ushbu oyatni oʻqidilar: “…Bas sizlar Alloh uchun haqiqiy (yoʻldan ogʻmagan musulmon) boʻlgan va U zotga shirk keltirguvchi boʻlmagan holingizda butlardan iborat najosatdan yiroq boʻlingiz va yolgʻon soʻzdan yiroq boʻlingiz!”[1]
Boshqa bir oyatda Alloh oʻziga yaqin solih bandalarini:
“Yolgʻon guvohlik bermaydiganlar”[2], deb taʼriflagan.
Jumladan, Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yolgʻon guvohlik berish uchta katta gunohlardan biri bilan bir qatorda keltirganlar:
“Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq boʻlish, nohaqdan jonni oʻldirish va yolgʻon qasam ichish katta gunohlardandir”. Imom Buxoriy rivoyati.
Yolgʻon gapirmoq durust emas. Abdulloh ibn Masʼuddan rivoyat qilinadi: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Rost gapiringlar, chunki rostgoʻylik yaxshiliklarga boshlaydi va bu yaxshiliklar jannatga yoʻllaydi. Kishi rost gapiraversa, u Alloh taolo huzurida juda rostgoʻy deb yozilib qoladi. Yolgʻon gapirishdan oʻzlaringizni saqlang, chunki yolgʻon gapirish hamma buzuqlarga olib boradi, buzuqlar esa doʻzaxga yoʻllaydi. Kishi yolgʻon gapiraversa, Alloh huzurida yolgʻonchi boʻlib yozilib qoladi”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolgʻon gapirishni va unga amal qilishni qoʻymasa, uning taomi va sharobini tark qilmogʻiga Allohning ehtiyoji yoʻq”, dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.
Chaqimchilik ham yolgʻonning bir turi boʻlib, bu amal ham ogʻir gunohlardan biri sanaladi. Chunki, chaqimchilik sababli odamlar doʻstlar, aka-uka va hatto ota-oʻgʻil orasiga sovuqchilik tushadi. Chaqimchi kishi odamlar orasida dushmanchilik va xusumatdan boshqa narsa boʻlmasligini xohlovchi shaxs hisoblanib, uning qilgan ishining oqibati hech qachon yaxshilik bilan tugamaganidek oʻzining ham oxiri yaxshilik bilan tugamaydi. Bunday kishilarga qarshi kurashning eng yaxshi usuli, uning gapiga quloq solmaslikdir. Alloh taolo kalomi sharifi Qurʼoni karimda shunday deydi: “Qasamxoʻr, pastkash, odamlarni ayblovchi va chaqimchining gapiga kirmagin”[3]. Shuningdek, boshqa oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar sizlarga bir fosiq kishi biror xabarni keltirsa, uni tekshirib koʻringlar”[4], deb fosiq, buzgʻunchi kimsalarning soʻzlariga ishonmaslikka chaqiradi.
Qiyomat kuni insonning savob tarozusini ogʻirlashtirib turadigan amallardan biri chiroyli xulqdir. Insonning xulqi chiroyli boʻlishi uchun avvalo, uning qalbi pok boʻlishi lozim. Chunki, qalb inson jasadining podshohi, qolgan aʼzolar unga tobeʼdir. Agar qalb pok boʻlsa, qolgan aʼzolar ham unga ergashadi, agar u nopok boʻlsa, barcha aʼzolardan nopok amallar sodir boʻladi. Yolgʻondan saqlanib, rost soʻzlashga odatlanish ham qalb pokligining asoslaridan biri hisoblanib, qiyomatda savoblar torozuni ogʻirlashtiruvchi amallardan biri sanaladi. Musulmon kishi rost soʻzda mudom boʻlish va yolgʻondan saqlanish bilan oxiratda siddiqlar va shahidlar darajasiga yetadi. Yolgʻon soʻz va unga yaqin amallarni qilish moʻminning solih amallarini ham yoʻqqa chiqaradi.
Qalb pokligi borasida buyuk alloma Imom Gʻazzoliy bunday deganlar: “Kishi zohirini najosatlardan saqlashi, undan uzoq yurishi lozim. Ammo, botiniy najosatlar ham borki, ulardan saqlanish undan ham muhimroqdir. Chunki, botiniy iflosliklar yaʼni qalb nopokligi kishi nafaqat bu dunyoda halokatga boshlaydi, balki oxiratda ham alamli azobga duchor boʻlishiga sabab boʻladi.
Poklikni istovchi qalb goʻyo bir oshyon, farishtalar qoʻnadigan makon. Gina, hasad, yolgʻonchilik, kibr, gʻaraz, gʻazab, maraz kabi qalb kasalliklari jirkanch maxluqqa oʻxshaydi. Farishtalar qanday qilib bunday makonda qoʻnim topsin?!”
Demak qalblarimizni yuqoridagi illatlar va yana ularga oʻxshash maqtanchogʻlik, baxillik, hirs, tamaʼ, gʻurur, riyo, mutakabbirlik, yomon niyat kabi illatlardan poklab, farishtalar makoni boʻlmish qalblarimizni rostgoʻylik, toʻgʻrisoʻzlik, kamtarlik, tavoze, yaxshi niyat va boshqa goʻzal xulqlar bilan bezamogʻimiz zarur.