Home / MAQOLALAR / YOLGʻON SOʻZ – ULKAN GUNOH (1-qism)

YOLGʻON SOʻZ – ULKAN GUNOH (1-qism)

Inson hayoti jamiyat ichra oʻzaro munosabatlarda bir-biriga ishonch ustida qurilgan. Hayotni goʻzallashtiradigan vositalardan biri ham jamiyat aʼzolari oʻrtasida oqibat va oʻzaro ishonchning mustahkamligi sanaladi. Odamlar orasida oʻzaro muomalada ishonch va rostgoʻylik eng muhim ahamiyatga ega. Jamiyatlarni buzadigan, insonlar orasidagi barcha insoniy fazilatlarni parchalaydigan amallardan biri va eng kattasi yolgʻon soʻz sanaladi.

Yolgʻonchilik barcha razolatlarning aslidir. U jamiyatni parchalaydi, barcha ishlarni buzadi va alaloqibat oʻz egasining obroʻsini toʻkadi. Jamiyatda yolgʻonni tarqalishi sabab odamlar bir-biriga ishonmay qoʻyadi, omonatdorlik yoʻqolib fisqu fujur keng ildiz otadi. Yolgʻon ishonchni yoʻqqa chiqaradi. Shuning uchun ham Alloh yolgʻonchilarni  yoʻldan adashganlar qatoriga qoʻshib, Qurʼoni karimda bunday deydi:

“Kimki isrofchi, yolgʻonchi boʻlsa, albatta Alloh uni toʻgʻri yoʻlga boshlamaydi” [1].

Shuningdek, yolgʻonchilarga qiyomat kuni alamli azoblar boʻlishini uqdirib:“Tillaringizni sifatlagan narsalarni yolgʻon boʻlsa ham, bu halol, bu harom deb, Allohga yolgʻon aytmanglar. Allohga yolgʻon toʻqiganlar najot topmaydilar. Bu ozgina mato boʻlib, ularga alamli azoblar bor”[2], deyiladi.

Shuningdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yolgʻonchilik juda ogʻir gunoh ekanligidan ogoh etib, ular haqida: “Yolgʻonchilar mening ummatim emas”, deb  moʻmin kishini yolgʻonchi boʻlishi mumkin emasligini, yolgʻonchi kishi esa musulmonchilikdan chiqishini aniq va qatʼiy qilib bayon qildilar.

Yolgʻonchi oʻz oilasini – ota-onasi, ayoli, farzandlarini aldashga harakat qiladi, ishxonada boshligʻiga yolgʻon gapiradi, xullas, suvdan quruq chiqishi uchun bebaho imonini yolgʻonga sotadi. Ammo, yolgʻoni fosh boʻlganidan keyin atrofidagi insonlardan, yaqin kishilaridan judo boʻladi, qarindoshlik, doʻst-birodarlik rishtalari uziladi, oilalar buziladi. Shuning uchun Sarvari olam sollallohu alayhi vasallam: “Yolgʻonchi jannatga kirmaydi”, deganlar. Yolgʻon soʻzning kasri imonga uradi va sohibini yuzidan nurni ketkazadi. Yolgʻonchilikning yomon oqibatlaridan biri – u jamiyatga fitna solib, odamlar orasini buzishdir. Bir yolgʻon oʻz ortidan minglab, balki undanda koʻproq yolgʻonlarni ergashtirib buzgʻunchilik va fitnaga asos boʻladi. Sodir boʻlgan buzgʻunchilikning, fitnaning gunohi yolgʻon gapirganga boʻladi, albatta, fitnaning gunohi esa qotillikdan ogʻirdir. Ammo, uning zarari undanda ogʻir, chunki uning zarari butun jamiyatga tarqaladi. 

Yolgʻonchilik hamma vaqt ham yolgʻon boʻlavermaydi. Baʼzi bir vaqtlar borki, unda yolgʻon gapirish mumkin. Shulardan biri   odamlar orasini tuzatish uchun yolgʻon gapirishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odamlar orasini tuzatish uchun  yaxshi gaplarni topib gapirgan odam yolgʻonchi emas”, deganlar. Uch joyda yolgʻon joizdir: 1.Ikki janjallashib qolganni yarashtirishda, chunki bu yolgʻon bilan ikki arazlashgan inson orasi isloh qilish niyati mavjud. 2.Urush maydonida, chunki hadislarda keltirilishicha urushning oʻzi makr-hiyla, yolgʻondan iborat. 3.Er birla xotinni yarashtirayotganda ishlatilgan yolgʻon, chunki islom dinida oila eng muqaddas dargoh hisoblanadi. Har qanday yoʻl bilan boʻlsa-da oilani darz ketishidan saqlanishga harakat qilinadi. Er-xotinni, qarindosh-urugʻlarni, doʻstlarni bir-biriga yarashtirish maqsadida aytilgan yolgʻon soʻz uchun azob qilinmaydi. Chunki bundagi niyat tamoman boshqachadir.

Shuningdek, odamlarga xursandlik ulashayapman degan bahona yolgʻon gapirayotganlarni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarni kuldirish uchun yolgʻon soʻzlaydiganlarga doʻzax boʻlsin, doʻzax boʻlsin, doʻzax boʻlsin”, deb duoibad qilganlar. 

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Xoh chindan xoh hazil tariqasida yolgʻon soʻzlamoq ham, birortangiz farzandiga vaʼda qilib, uni amalga oshirmaslik ham durust emas. Istasangiz, Alloh taoloning Ey, imon keltirganlar! Allohdan qoʻrqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga boʻlingiz!” kalomini oʻqinglar!” dedi.

Shuningdek, yolgʻonning bir necha turlari va koʻrinishlari mavjud boʻlib, ulardan xiyonat yolgʻonchilikning eng yomon turidir. Qaysi bir jamiyatda xiyonat koʻpaysa, oʻsha jamiyat tanazzulga yuz tutib xarob boʻladi. Shuning uchun ham Alloh taolo  musulmonlarni xiyonatdan qaytarib: “Ey, imon keltirganlar, Allohga va Paygʻambarga va oʻzaro omonatlaringizga bilib turib xiyonat qilmanglar”[3], deydi. Kishi islom dinini haq dinligini bilib turib oʻz nafsi havosiga ergashib, undan uzoq boʻlishga harakat qilishi hamda islomga kirganidan keyin undagi arkonlarga bepisandlik bilan qaramogʻi  Alloh va rasuliga boʻlgan ulkan xiyonat hisoblanadi. Shuningdek, oyatda odamlarning bir-birlarini oʻrtasida boʻladigan omonatlarga xiyonat qilmaslikka ham chorlanmoqdaki, bu uchala ish kishining imoniga chang soluvchi va jamiyatini buzuvchi amallardan hisoblanadi.

Boshqa oyatda “Albatta, Alloh xiyonatchi va gunohkorlarni yaxshi koʻrmaydi”[4],  deya gunoh ishlardan tap tortmaydiganlar va xoin kimsalarni Alloh taolo yomon koʻrishi xabar qilinib, gunoh ishlar va xiyonatdan qaytarilmoqda. Alloh taolo kimni yomon koʻrsa, shubhasiz u xorlik va alamli azobga mahkum. Yaratgan zotning Oʻzi panoh bersin.

Vaʼdaga vafo qilmaslik odati ham yolgʻonchilikning bir turidir. Bunday odam irodasiz, ishonib boʻlmaydigan va undan boshqalarga yaxshilik chiqmaydigan odam boʻladi. Vaʼdaga vafo qilmaslik, odamlar orasidagi muhabbatni ketkazuvchi omillardan biri boʻlib, bu ham yolgʻonning bir turidir. Shuning uchun ham paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam vaʼdaga vafo qilmaydigan xoin yolgʻonchi kishilardagi bu sifatlarni  munofiqlar sifatidan deb: “Munofiqning belgilari uchtadir: gapirsa – yolgʻon gapiradi, vaʼda bersa – vafo qilmaydi va omonatga xiyonat qiladi”, aytganlar. Demak, kimda ushbu uch sifatlar yoki ulardan biri mavjud boʻlsa, u shak-shubhasiz munofiqdir. Manbalarda xabar berilishicha, munofiqning oxiratdagi jazosi kofirning jazosidan ogʻir boʻlar ekan.

[1] Gʻofir surasi, 28-oyat.
[2] Nahl surasi, 116-117-oyatlar.
[3] Anfol surasi, 27-oyat.
[4] Niso surasi, 104.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ISTIGʻFORNING 72 ta XISLATI

ISTIGʻFORning 72 ta XISLATIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar: Kalomulloh – Qurʼoni karimning muborak …