Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan shu mavzuda maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Yurt tinchligi, osoyishtaligi, erki uchun kurashgan, xalqni yuksak maʼnaviyat sari boshlagan insonlar hamisha ardoqdadir. Ularni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, nuroniy otaxonlar, mehri daryo onaxonlar, har soʻzi hikmat bulogʻidan suv ichgan ustozlarga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatish ham qarz, ham farzdir.
Yuksak eʼtibor namunasi oʻlaroq tashkil etilgan tadbirda Markaz xodimlari J.Jumayev va B.Mahmudov tinchlik — eng ulugʻ neʼmat ekanini, bugungi farovon hayotimiz zamirida xalqimiz asrlar davomida shakllantirgan maʼnaviy-maʼrifiy boyliklar mujassam ekanini alohida taʼkidlab, “Jaholatga qarshi — maʼrifat” shiori ostida yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan gʻoyalarning ahamiyati haqida fikr yuritdi.
Bobolarimiz tomonidan koʻrsatilgan jasorat, matonat va fidokorlik, ogʻir sinovli davrlardagi sabr-toqat va birdamlik, ilm va maʼrifatga boʻlgan chuqur eʼtibor — bugungi yosh avlod uchun beqiyos maktab. Tadbirda, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning avloddan-avlodga oʻtishida katta oʻrniga ega boʻlgan ota-onalar, ustoz va murabbiylarga chuqur hurmat va minnatdorlik izhor etish lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir koʻtarinki kayfiyatda, yuksak maʼnaviy ruhda oʻtdi.