Inson vujudidagi qon toza boʻlsa, kishi sogʻlom boʻladi. Bilaks, inson hayoti xavf ostida qoladi. Shuningdek, hayotimiz, sogʻlom holda umrguzaronlik qilishimiz bizni oʻrab turgan borliqning toza va musaffoligiga bogʻliqdir. Unda paydo boʻlayotgan har bir salbiy oʻzgarish sogʻligʻimizga taʼsir oʻtkazadi. Alloh taolo Qurʼoni karimda “Barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganmiz”[1], deb marhamat qilingan. Demak, olamdagi suv inson vujudidagi qon kabidir.
Afsuski, hozirgi kunda baʼzi mahallalarimizdan oqib oʻtadigan anhor va ariqlar unga turli chiqindilarni tashlash oqibatida isteʼmol uchun umuman yaroqsiz holga kelib qolgan.
Ekologiya inson hayotining muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Alloh taolo biz musulmonlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, bergan neʼmatlarini asrab avaylashga buyurgan. Buzgʻunchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qoʻyganidan keyin (unda) buzgʻunchilik qilmangiz!”[2] degan. Darhaqiqat, tuproq, suv, havo va boshqa narsalarni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik va sogʻliq uchun zararli boʻlgan narsalardan saqlanish kabilar shariatimizning buyrugʻidir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham atrof-muhitni toza saqlash islom odoblaridan ekanligini ummatga qatʼiy tarzda uqtirganlar. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Uchta joyga: suv oʻzanlariga, serqatnov yoʻllarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, laʼnatga qolishdan qoʻrqinglar”, deganlar (Imom Muslim va Abu Dovud rivoyati). Chunki inson hayoti tabiat bilan chambarchas bogʻliqdir. Tabiatning zararlanishi insoniyatga salbiy oqibatlar keltirishi mumkinligini anglamogʻimiz lozim.
Hech bir diyonatli inson mazkur hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi, aksincha, bunday ishni qilayotganlarni qaytaradi. Axlatni duch kelgan joyga tashlash musulmonchilikka ham, odamgarchilikka ham toʻgʻri kelmaydi. Hozirgi kunda ekologiya va atrof-muhitni toza saqlash maqsadida barcha hududlarga axlat tashlash uchun alohida joylar qurilib, chiqindilarni tashish uchun maxsus transportlar qoʻyilgan.
Inson turmushining obodligi tabiatning gullab yashnashi va uning davomiyligi bilan uzviy bogʻliqdir. Atrof-muhitdagi qarovsiz yerlarni obod qilish jamiyat uchun ulkan foydalardan biri sifatida qaraladi. Imom Buxoriy hazratlari ham ekologiya muammosi alohida eʼtiborga molik boʻlgani sababli Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislaridan bu mavzuga oid boʻlganlarini oʻzining hadis toʻplamiga kiritgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz koʻlmak suvga peshob qilmangiz, chunki sizdan keyin birov tahorat olishi mumkin”, deganlarini eshitgan ekan.[3]
Tabiatni muhofaza etish Islom dini taʼlimotlaridan biri. Dinimiz yashab turgan joylarimizning ozoda, ichimlik suvimizni toza saqlashga, oʻzimizni esa pokiza yurishga buyuradi. Poklik inson zehnini va irodasini mustahkamlaydi, turmushini goʻzal qiladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada ummatiga oliy taʼlimotlar majmuasining muallimi sifatida koʻplab koʻrsatma va irshodlarni muborak hadislarida bayon qilganlar. Jumladan: “Alloh taolo barcha nuqsonlardan munazzah va benuqson narsalarni doʻst tutadi. Uning oʻzi pok va pokizalikni xush koʻradi. Uning karami keng, saxovati cheksiz, saxovatli bandalarini doʻst tutar. Shuning uchun ham, ey ummatlarim, xonadoningiz va uning atrofini ozoda va sarishta tutinglar!”. Yoki: “Pokizalik va poklik imonning yarmiga teng keladi”, desalar, yana boshqa bir hadisda: “Pokizalik – imon alomatlaridandir”, deb, pok turmush tarzi imon-eʼtiqodning belgisi ekanini maʼlum qiladilar.
Inson oʻz uyiga qanday eʼtibor bersa, tevarak atrofiga ham shunday munosabatda boʻlishi lozim. Chunki butun yer yuzi insonlar uchun maskandir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon biror koʻchat (daraxt) yoxud biror ekin eksa-yu, uning hosilidan inson, qush yoki hayvon yesa, bu uning uchun sadaqa boʻladi” [4], dedilar. U zot bu hadislari bilan ummatini yashab turgan maskan va yerlarini obod qilishga, bogʻ-rogʻlar yaratishga chaqirdilar.
Demak, biz oʻzimiz yashab turgan joyga va mahalla-koʻyga turli daraxt koʻchatlarini ekib, u yerni obod qilsak, bundan nafaqat insonlar, balki qushlar ham manfaat topadi. Hadisi sharifda aytilganidek, ekilgan har bir daraxtning aytayotgan tasbehi, oʻsha daraxtni ekkan kishining nomai aʼmoliga yoziladi hamda uning mevasidan boshqalar yesa yoki soyasida oʻtirsa, ekkan kishining amal daftariga sadaqa savobi yozib qoʻyiladi.
Jamiyat ravnaqiga uning zamiridagi ziyonkor omillarni bartaraf etish orqali erishiladi. Janob haq Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu yoʻlda arzimas boʻlib koʻringan ishlarni past sanamasdan, Alloh taolodan savob umidida amalga oshirish lozimligini bayon qiladilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Bir odam ketayotib yoʻlda yotgan tikanli shox-shabbaga koʻzi tushdi va uni chetga olib qoʻydi. Uning bu xayrli ishi Alloh taologa xush kelib, gunohlarini magʻfirat etdi”, dedilar”[5].
Dinimizda nafaqat atrof-muhitni toza-ozoda saqlashga, balki hayvonot olamiga rahm-shafqat qilish, ularni asrash ham alohida hadislar orqali uqtirilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi yoʻlda ketayotib, qattiq tashna boʻldi. Yoʻlida bir quduq koʻrinib qoldi. Yoʻlovchi uning ichiga tushib suvidan ichdi. Quduqdan qaytib chiqqan vaqtida bir it tashnaligidan hansirab, hoʻl tuproq yalayotganini koʻrdi. “Bu bechora menga oʻxshash tashna ekan”, deb oʻyladi va qayta quduqqa tushib, mahsisiga suvdan toʻldirib chiqib itga ichirdi. U kishining qilgan ishi Alloh taologa maqbul boʻlib, gunohini kechdi”, dedilar. Shunda sahobalar: “Yo Rasululloh! Hayvonlarga qilingan yaxshiligimiz uchun ham bizlarga savob boʻladimi?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir yumshoq jigarga qilingan yaxshilik uchun savob boʻladi”, dedilar”. [6]
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir ayol mushukni ochlikda saqlab oʻldirganligi uchun doʻzaxga tushdi. Alloh biladi, u ayol “Bu mushukni qamab qoʻyganingda na taom va na suv bermading yoki yerdagi hasharotlardan tutib yemogʻi uchun oʻz holiga qoʻymading”, deb aytiladi”[7], deb jonivorlarga shafqatsiz munosabatda boʻlishdan qaytardilar, bunday shafqatsizliklarning oxiratda hisobi borligidan ogoh etdilar.
Islom dini nafaqat kishini va uning ahli oilasini tasarrufidagi joylarni pokiza-ozoda saqlashga buyuradi, balki qoʻl ostidagi hayvonlarni va ularning turar joylarini ham toza-ozoda tutishga buyuradi. Shuningdek, musulmon kishi qoʻl ostidagi hayvonlarni va ularning yotoq joylarini ham toza-ozoda saqlashga ham masʼuldir.
Humayd ibn Molik ibn Haysam aytdi: “Abu Hurayra roziyallohu anhu menga: “Ey, birodar! Qoʻylaringga yaxshi qara, ularning yotadigan joylarini pokiza, toza tut, tumshuqlarini tozalab tur, ustlaridagi chang, gʻuborlarni artib yur, yotadigan joylari atrofida namoz oʻqiyver, chunki qoʻylar jannat hayvonlaridandir. Men jonim oʻz ixtiyorida boʻlgan Zot (Alloh) nomi bilan qasam ichib aytaman, shunday bir vaqtlar keladiki, unda bir toʻda qoʻy oʻz egasiga Marvon ibn Hakamning hovlisidan ham yaxshiroq boʻlib tuyuladi”, dedi[8]. Yaʼni, Abu Hurayra roziyallohu anhu nafaqat chorva hayvonlarni, balki ularni yotadigan joylarini ham namoz oʻqishga yaroqli darajada toza tutishga buyurdi.
Shubhasiz, bu buyruqlar zamirida insonning salomatligini, jamiyat pokligini asrash yotadi. Biz va avlodlar uchun uzoq muddatli maskan boʻlmish ona zaminni ekologik jihatdan toza saqlab, obod qilish oʻzimiz va kelajak avlod uchun foydalidir. Atrofimizni turli zararli narsalardan, ifloslanishdan saqlasak, oʻzimiz va oilamizning hayotini saqlagan boʻlamiz.