Malayziyadagi Selangor islom universitetining ilmiy nashri bo‘lgan “Al-Irshod” jurnalida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev va markaz xalqaro stipendiya dasturi g‘olibi Ashraf Ishroqiy bin Jamilning “O‘zbekistonda ilg‘or islomiy ta’limni shakllantirish: an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashuvi va Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’siri” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekistonda diniy ta’limning sho‘ro davridan bugungi kungacha bo‘lgan rivojlanish jarayoni, murakkab tarixi, davlat siyosati va jamiyat ehtiyojlari o‘rtasidagi muvozanat va islom ta’lim tizimida Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi jadidlik harakati namoyandalarining ilmiy va ma’rifiy ta’siri tahlil etilgan. Shuningdek, hozirgi kunda mamlakatimizda diniy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar, islomiy ta’limda axloqiy-ruhiy tarbiyaning o‘rni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’limga joriy etish jarayonlari, ta’lim berishda an’ana va modernizatsiya uyg‘unligi, moliyaviy va institutsional muammolar va tadqiqotlarning istiqbolli yo‘nalishlari xususida ham atroflicha ma’lumotlar berilgan.
Qayd etilishicha, “Al-Irshod” islom tarixi, aqida, ruhiy-ma’naviy hayot va zamonaviy islom muammolarini yorituvchi ko‘p tarmoqli (multidissiplinar) ilmiy nashr bo‘lib, undagi maqola xalqaro doirada O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy siyosat va ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarga qiziqishni oshiradi va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.