Maʼlumki, oʻzini musulmon sanagan kishi Alloh va Uning Rasuliga itoat qilishi farz boʻlgani kabi rahbariga itoat qilishi ham farzdir. Bu xususda Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Paygʻambarga va oʻzingizdan boʻlgan ishboshilarga itoat qiling” (Niso surasi, 59-oyat). Oʻzi yaratgan bandalari uchun nima foydali-yu, nima zararli ekanini yaxshi biladigan buyuk zot – Alloh taoloning mazkur buyrugʻida rahbarga itoat qilish Uning oʻziga va Rasuliga itoat qilish bilan bir oʻrinda zikr qilingan. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “Garchi sizlarga boshi mayizdek habash hokim qilib tayinlangan boʻlsa ham unga quloq solinglar va boʻysuninglar!” deb buyurganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mazkur oyat va hadislar yuzasidan ijtihod olib borgan buyuk ulamolarning barchasi rahbarga itoat qilishni Alloh va Rasuliga itoat qilish singari farz hisoblagan. Shunday ulamolardan biri Imom Tahoviy rahimahulloh quyidagilarni yozgan: “Imomlarimiz va rahbarlarimiz bizga zulm qilsalar-da, ularga qarshi chiqishni haq deb bilmaymiz. Ulardan hech birini qargʻab duo qilmaymiz. Ularga itoat qilishdan bosh tortmaymiz. Modomiki, gunoh ishga buyurmas ekanlar, ularga itoat qilishni Allohga itoat qilish oʻlaroq farz deb bilamiz. Ularning haqlariga salohiyat, tavfiq va salomatlik soʻrab duo qilamiz” (“Aqidatut Tahoviy”).
Sof islom yoʻlidan yuraman, degan musulmon hukumatning qonun doirasidagi biron bir qarori yoqmagan taqdirda ham unga boʻysunishdan bosh tortmaydi, jamiyatdan ajralib olmaydi, xalq tinchligini buzib, davlatga qarshi harakatlarga qoʻshilmaydi, boshliqlar ortidan igʻvo qilmaydi, qargʻamaydi, fitna qoʻzgʻamaydi. Rasululloh va sahobalarning yoʻli hisoblanmish ahli sunna aqidasi taʼlimotiga koʻra, tinch aholi tomonidan qonuniy yoʻl bilan saylangan hukumat rahbariga, hattoki u jabr qilsa ham, itoat qilish, amridan boʻyin tovlamaslik lozim. Chunki rahbarga boʻysunish aqidamizning muhim masalalaridan biridir!
Hanafiylarning buyuk faqihlaridan biri Imom Saraxsiy Imom Muhammad rahimahumallohning “As-siyarul kabir” asarini sharhlashda boshliqqa itoat qilish vojibligini, agar gunoh ishga buyursa, itoat qilinmasligini, balki sabr qilib, unga qarshi qurol koʻtarishdan tiyilish lozimligini aytib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini dalil sifatida keltirgan: “Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kimki amir tarafdan biror qarorni nomaʼqul koʻrsa, bas, sabr qilsin. Chunki kim podshoh qarorlaridan bir qarich boʻlsa-da tashqari chiqsa, shubhasiz johiliyatda oʻladi” (Imom Buxoriy, Muslim, Dorimiy va Ahmad rivoyat qilgan). Buyuk vatandoshimiz Umar Nasafiy rahimahullohning: “Imom fosiqligi va zulmi tufayli ishdan chetlatilmaydi” (“Al-aqoidun Nasafiya”), degan soʻzlari ham yuqoridagi fikrimizni quvvatlaydi.
Toʻgʻri yoʻlda yashab oʻtgan toʻrt xalifa davridan keyin kelgan rahbarlaru amirlar orasida zulm keng tarqalgan. Salafi solihlar, yaʼni islomning dastlabki uch asrida yashab oʻtgan sahobalar, tobeinlar hamda ulardan keyingi zotlar ularga qarshi qoʻzgʻolon qilib chiqish fikridan uzoq boʻlgan. Islom tarixida musulmon rahbarga qarshi isyon koʻtarib chiqqan ilk toifa “xavorijlar” boʻlib, ular Ali roziyallohu anhuning xalifaligini tan olmay, unga qarshi chiqqan. Bugun moʻmin-musulmonlarni oʻz rahbarlariga qarshi isyon koʻtarishga daʼvat etayotgan baʼzi bir kimsalar yoki toifalar aynan mazkur “xavorijlar”ning maʼnaviy izdoshlaridir, deb ayta olamiz.
Xoʻsh, nima uchun islom dinida rahbarga qarshi chiqish yoki inqilob qilishga ruxsat berilmagan. Chunki inqilob yoʻli bilan rahbarni chetlatib, oʻrniga boshqasini qoʻyish ortida musulmonlar orasida nizo va qon toʻkilishlar sodir boʻlishi ehtimoli juda kattadir. Negaki, hokimiyat, ijro organlari, hukumat qoʻshinlari va kuchli qurollangan koʻpsonli qoʻshin uning ixtiyorida boʻladi. Barchamizga maʼlumki, yaqin oʻtmishda arab diyorlarida sodir etilgan rangli va rangsiz inqiloblar oʻsha yurtlarning fuqarolariga ular orzu qilgan hayotni olib kelmadi. Mamlakatning tabiiy boyliklari va fuqarolarning peshona teri evaziga barpo etilgan bir-biridan obod va koʻrkam shaharlar xarobalarga aylangani, taraqqiyotda bir necha oʻn yillab orqada qolib ketgani qoldi, xolos.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, oʻzini Ahli sunna val jamoa aqidasida deb bilgan har bir moʻmin-musulmonning barcha amallari dinimiz koʻrsatmalariga muvofiq boʻlishi kerak. Islomning eng zabardast ulamolari, avvalgilari ham, hozirgilari ham, rahbarga qarshi inqiloblarni joiz bilmagan ekan, biz ham ularning yoʻllaridan borib, oʻzimizni isloh qilishimiz, dunyo va oxiratimiz uchun foydali boʻlgan ishlar bilan mashgʻul boʻlishimiz, qolaversa, salohiyat, tavfiq, hidoyat, omonlik tilab rahbarlarimiz haqqiga duoyi xayrlar qilib yurishni afzal bilishimiz lozim. Manfaatdor kuchlar tarafidan rang-barang va jilvali nomlar ostida amalga oshiriladigan inqiloblarga dinimizning munosabatini bilishni istasak, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa nomaʼlum OAVlarda oʻtirib olgan “shayx”larning nutqlariga emas, bir necha asrlardan buyon oʻzining haq va toʻgʻriligini isbotlab kelayotgan buyuk allomalarimizning asarlariga quloq soladigan boʻlsak, albatta, eng toʻgʻri ishni qilgan boʻlamiz.
Alouddin NEMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi