Home / FOTO LAVHALAR / Har sahifada – yangi kashfiyot: seminarning soʻnggi bosqichi

Har sahifada – yangi kashfiyot: seminarning soʻnggi bosqichi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi hamkorligida oʻtkazilayotgan “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi xalqaro seminar-treningning toʻrtinchi bosqichi 2-may kuni qizgʻin davom etdi.

Mashgʻulotning soʻnggi kunida qoʻlyozmalarning muhim qismi hisoblangan kolofonlar mavzusi kengroq qamrovda tahlil etildi. Xususan, kolofonlarda aks etgan ijtimoiy, siyosiy va diniy muhitni ochib beruvchi ishoralar, shifrlash usullari, alohida ramziy ifoda va iboralar, qoʻlyozma muallifi yoki xattot haqidagi yashirin maʼlumotlar va ularning tahliliy ahamiyati xususida fikr bildirildi. Bu maʼlumotlar orqali muayyan davrdagi ilmiy muhit, kitobat anʼanalari va hatto ijtimoiy munosabatlar haqida xulosa chiqarish mumkinligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Qoʻqon qogʻozi tarixi va texnologiyasiga bagʻishlangan mavzular muhokama etildi. Bu borada tadqiqotchilar Qoʻqon xonligi davrida qogʻoz ishlab chiqarishdagi mahalliy xususiyatlar, tabiiy xomashyo – ipak, tut bargi, ziravor oʻsimliklardan foydalanish, qogʻozning mustahkamligi, yogʻ tortmasligi va ranglarni aniq aks ettirish qobiliyati kabi jihatlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Qoʻqon qogʻozining manbashunoslikdagi ahamiyati, unga bitilgan ayrim qoʻlyozmalar hamon saqlanayotgani va boshqa mintaqalar qogʻozidan farqli tomonlari tahlil qilindi.

Kunning eng qiziqarli mavzularidan biri sifatida Shayboniylar davri kitobat sanʼati muhokama markazida boʻldi. Tarixning bu pallasida kitob koʻchirish va bezash sanʼatida yuz bergan yuksalish, xattotlik maktablari, bezak va miniatyuralar, rang tanlash madaniyati, husnixat uslublarining mukammallashuvi, kitob muqovalaridagi zeb-ziynat va naqshlar borasida atroflicha fikr yuritildi. Ayniqsa, kitoblar faqat maʼlumot manbai emas, balki estetik qadriyat sifatida ham yuksak baholangani qayd etildi.

Maʼruzalar davomida bildirilgan savol-javoblar, ochiq mulohazalar, xolis fikrlar seminar muhitini yanada jonlantirdi. Har bir ishtirokchi faoliyat davomida qoʻllash mumkin boʻlgan amaliy bilimlar, yangi qarashlar va tahlil usullarini oʻziga xos taassurot bilan qabul qildi.

Taʼkidlash joizki, seminarning har bir kuni mintaqa qoʻlyozma merosining betakror jihatlarini ochib berib, tadqiqotchilarni nafaqat qoʻshimcha foydali bilim bilan, balki zavq va masʼuliyat bilan ham toʻlqinlantirdi.

Shu bilan “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusidagi xalqaro seminar-trening nihoyasiga yetdi.

Ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

IMOM MOTURIDIY ULAMOLAR EʼTIROFIDA

Oʻz ilmi va maʼnaviy dunyosi bilan Islom dini ravnaqiga beqiyos xissa qoʻshga buyuk zotlar borki, …