Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi hamkorligida joriy yilning 29-aprel kuni Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi professori Frensis Richard va Fransiyadagi “College de Franse” doktori Mariya Eftimiyu ishtirokida “Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari kodikologiyasi elementlari” mavzusida boshlangan seminar-trening ikkinchi bosqichi 1-may kuni boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz hududlaridan taʼlim, fan va madaniyat muassasalari olim va tadqiqotchilari, Markaz ilmiy xodimlari, Fransiya, Turkiya hamda qoʻshni davlatlardan kelgan olimlarga professor Frensis Richard kodikologiya boʻyicha olib borgan tadqiqotlari bilan oʻrtoqlashdi. Qoʻlyozmalarni tadqiq etish jarayonida eʼtibor qilish lozim boʻlgan muhim jihatlarga toʻxtaldi. Kolofon shakli, unda keltirilgan buyurtmachi nomi, kotib yoki xattotning ismi, qoʻlyozma koʻchirilgan yil, oy, sana hamda joy nomi, muhrni sinchkovlik bilan oʻrganish kerakligini taʼkidladi. Bularning barchasi qoʻlyozmalar bilan ishlashda muhim ahamiyat kasb etib, muhim tarixiy haqiqatlarni ochishda hal qiluvchi omil boʻlishini uqtirdi.
Professor maʼruza davomida Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalarining Oʻzbekiston va xorijda saqlanayotgan nusxalaridan misol keltirdi. Shuningdek, restavratsiya jarayonida yuzaga kelishi ehtimoli yuqori boʻlgan turli holatlarda qoʻllaniladigan choralar tavsifini berdi.
Kunning ikkinchi yarmida seminar-trening amaliy qismi Samarqanddagi Konigil turizm qishlogʻida tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari tarixida muhim oʻrin tutuvchi Samarqand qogʻozi tayyorlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Mashhur “Konnigil meros” ustaxonasida mahalliy hunarmandlar tomonidan qadimiy anʼanalar asosida tayyorlanayotgan qogʻoz ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Bu jarayonda ipak, tut pillasi va tabiiy yogʻoch yordamida qogʻoz ezish, yuvish, silliqlash va quritish kabi bosqichlarni amaliy tarzda kuzatib, ayrimlari jarayonda bevosita ishtirok ham etdi.
Seminar qatnashchilariga Samarqand qogʻozining qadimda diniy, ilmiy va badiiy asarlarni koʻchirishda qanday muhim ahamiyatga ega boʻlgani, uning yuz yillab chirimay saqlanish xususiyati haqida maʼlumot berildi. Professor Frensis Richard va doktor Mariya Eftimiyu Samarqand qogʻozining kodikologik tahlildagi ahamiyatiga alohida urgʻu berib oʻtdi.
Seminarning ushbu qismi ilmiy bilim bilan amaliy tajribani uygʻunlashtirish, yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar uchun kodikologiyani faqat nazariy emas, balki manba tahlili va tarixiy hujjatlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash mahoratini oshirishga xizmat qilib, ularda maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan ulkan taassurotlar qoldirdi.