Home / FOTO LAVHALAR / Buyuk islomiy merosga ehtirom ifodasi

Buyuk islomiy merosga ehtirom ifodasi

Samarqandda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlab “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etish uchun mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Misr Arab Respublikasi Vaqf ishlari vaziri Usoma Azhariy, Misr Arab Respublikasi muftiysi Muhammad Nazir Ayyad, Misr Arab Respublikasi al-Azhar ulamolar kengashi aʼzosi Doktor Ali Juma boshchiligida bir guruh mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Dastlab mehmonlar Imom Buxoriy xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning haqiga duoi tilovat qildi.

Shundan soʻng, mehmonlar Markaz muzeyi bilan yaqindan tanishdi. Ularga muzeyda saqlanayotgan qimmatli qoʻlyozmalar, tarixiy ashyolar, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid eksponatlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tashrif davomida Misr delegatsiyasi va Markaz masʼullari oʻrtasida samimiy muloqotlar boʻlib oʻtdi. Ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish, islom taʼlimotini tinchlik va bagʻrikenglik ruhida keng targʻib etib, yosh avlodni sof aqidaviy yoʻnalishda tarbiyalash masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar, xususan, al-Azhar ulamolarining buyuk ajdodlar ilmiy merosiga boʻlgan qiziqishi va uning bugungi ijtimoiy hayotdagi ahamiyati haqida soʻz yuritib, Imom Buxoriy kabi buyuk muhaddislarning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va ulugʻlash har bir musulmon uchun sharaf ekanini taʼkidladi.

Tashrif doirasida yana bir ezgu tadbir — Markaz bogʻida mevali daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi. Misrlik faxriy mehmonlar hamda Markaz rahbariyati birgalikda nihollar oʻtqazdi. Tinchlik, hamjihatlik, bardavomlik va maʼnaviy birdamlik ramzi sifatida yerga qadalgan har bir koʻchat kelajakka umid, doʻstona munosabatlar va diniy-maʼrifiy hamkorlikning yangi bosqichini ifodalaydi.

Shuningdek, tashrif soʻngida delegatsiya aʼzolari Faxriy mehmonlar kitobiga tashakkur va samimiy tilaklarini yozib qoldirdi. Unda mehmonlar Oʻzbekistonda islomiy merosni asrab-avaylash va uni dunyo miqyosida targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho bergan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Moturidiyning shonli ilm tug‘i hamisha barhayotdir

Imom Moturidiy haqida so‘z ochilganda, dastlab yodga keladigan martabalar Imomul huda (hidoyatga boshlovchi imom) va …