Oʻz ilmi va maʼnaviy dunyosi bilan Islom dini ravnaqiga beqiyos xissa qoʻshga buyuk zotlar borki, ularning merosi asrlar oʻtsa-da oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi. Ana shunday buyuk allomalardan biri — Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiydir. Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun islom olamida oʻz munosib oʻrniga ega boʻlgan diniy arboblardan hisoblanadi.
Chunki, alloma yashagan davrda, islom dinida turli guruh va firqalar soni koʻpayib ketganligi sababli koʻplab ixtiloflar kelib chiqqan. Ana shunday vaziyatda Imom Moturidiy islom dinning asl mohiyatini ochib berish, sof islomiy aqidani saqlab qolish borasida beqiyos ishlarni amalga oshirgan.
Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy ahli sunna val jamoa mazhabining ikki qutbidan biridir.Ahli sunna Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning hamda u zotning eng yaqin izdoshlari boʻlmish Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhuning sunnatlarini mahkam tutgan, din peshvolari boʻlmish sahobalar, tobeinlar va moʻtabar toʻrt fiqhiy mazhab imomlarining yoʻllariga ergashgan jamoadir. Ahli sunna val jamoa mazkur ulugʻlarning yoʻlini naql va muttasil sanad – ustoz-shogird uslubi orqali qabul qilib olgan.
Imom Moturidiy ahli sunna val jamoa aqidasini himoya qilib, bidʼat va zalolat ahliga naqliy va aqliy dalillar orqali raddiyalar bergan. Alloma ahli sunna val jamoa aqidasini himoya qilishdek mashaqqatli vazifani ado etishni Imom Ashʼariydan oldinroq boshlagan. Imom Moturidiyning izdoshlari unga turli xil ilmiy unvonlar bergan. “Imomul huda” (hidoyatga boshlovchi imom), “Alamul huda” (hidoyat mayogʻi), “Imomul mutakallimin” (mutakallimlar ustozi), “Raisu ahlis sunna” (Ahli sunna raisi), “Qoleu azoliylil fitnati val bidʼati” (fitna va bidʼat zalolatlarini tag-tomiri bilan uzib tashlovchi), “Shayxul islom” (islomdagi buyuk ustoz) va boshqalar unga berilgan sharafli unvonlar jumlasidandir. Ushbu unvonlar allomaning oʻz izdoshlari qalbidan chuqur joy olgani, sunnatga yordam berish va uni himoya qilish yoʻlida salmoqli natijalarga erishganidan dalolat beradi. Zero, Imom Moturidiy islom olamining sharqiy hududlarida faoliyat olib borgan boʻlsa, Abu Hasan Ashʼariy markaziy hududlarda faoliyat yuritib, buzgʻunchi va ekstremistik gʻoya egalariga qarshi keskin va samarali kurash olib borgan. Ikkisi ham bir-biriga oʻxshash aqidaviy yondashuvga amal qilgan.
Imom Moturidiy kalom va aqida, fiqh va fiqh asoslari hamda Qurʼon ilmlariga doir bir qator asarlar yozgan. Uning “Tavhid”, “Maqolot”, “Ar-raddu alal-qaromita”, “Raddu tahzibil-jadal lil-Kaʼbiy” kabi asarlari kalom ilmiga bagʻishlangan. Manbalarda Imom Moturidiyning fiqh va fiqh asoslariga doir “Al-jadal” va “Maoxizush-sharia fi usulil-fiqh” yoki “Maʼxazush sharoiʼ” nomli ikkita kitobi tilga olinadi. “Taʼvilotul Qurʼon”, “Taʼvilotu ahlis sunna”, “Taʼvilot” kabi nomlar bilan tilga olinadigan shoh asari tafsirning ham naql, ham raʼy yoʻnalishida yozilgan. Imom Abdulqodir Qurashiy bu kitobga: “U tafsir bobida hech qanday kitob unga teng kela olmaydigan bir kitobdir. Hatto undan oldingilar yozib ketgan asarlar ham unga yaqin kela olmaydi”, deb taʼrif bergan.
Imom Moturidiy mashhur ulamolar tomonidan eʼtirof etilgan va olqishlangan allomadir. Chunonchi, Kafaviy Imom Moturidiyning tarjimai holida bunday deydi: “Mutakallimlar imomi, musulmonlar aqidasini har xil bidʼat va xurofotlardan tozalovchi boʻlgan bu kishiga Alloh taolo toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilib qoʻyish bilan madad bergan edi. Shuning uchun ham u dinni himoya qilishga bel bogʻlab, ulkan asarlar bitgan. Botil aqidalar egalarining soʻzlariga raddiyalar bergan”.
“Ar-ravzatul bahiyya” kitobi muallifi Imom Hasan ibn Abu Azba bunday yozgan: “Shuni bilingki, ahli sunna val jamoaning barcha aqidaviy masalalari ikki qutbning soʻzlariga asoslangan. Ularning biri Imom Abu Hasan Ashʼariy, ikkinchisi Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ana shu ikki imomdan biriga ergashgan kishilarning barchasi hidoyatni topgan, oʻz aqidasida haqiqatdan chetga chiqib ketish va buzilishdan salomat qolgan boʻladi”.
Shuningdek, Mullo Ali Qoriy, Muhammad Zohid Kavsariy, Hofiz Murtazo Zabidiy kabi allomalar ham Imom Modrudiy haqida bir qancha ijobiy fikrlar bildirib oʻtgan.
Imom Saforiniy Hanbaliy “Lavomiul anvoril bahiyya” nomli kitobida shunday deyiladi: “Ahli sunna val jamoa uchta firqadir. Ular: Asariylar. Ularning imomi Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhudir. Ashʼariylar. Ularning imomi Abu Hasan Ashʼariy rahimahullohdir. Moturidiylar. Ularning imomi Abu Mansur Moturidiy rahimahullohdir. Ammo zalolatdagi firqalarga kelsak, ular juda ham koʻpdir”.
Muhaddis Muhammad ibn Darvesh Bayrutiy “Rasoilu fi bayani aqoidi ahli sunna val jamoa” nomli asarida “Foyda: molikiylar va shofeiylar ashʼariydir. Ularning imomi Abu Hasan Ashʼariy boʻlib, Abu Muso Ashʼariy roziyallohu anhuning zurriyotlaridan biridir. Hanafiylar moturidiylar boʻlib, ularning imomi Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikkisi ahli sunna val jamoaning ikki imomidir. Hanbaliylar esa asariylardir”, deydi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy va uning moturidiylik taʼlimoti islom olamining eng zabardast va eʼtiborli ulamolari tarafidan yakdillik bilan eʼtirof etilgan. Bu shundan dalolat beradiki, u haqiqiy maʼnoda hidoyatga boshlovchi imomdir. Shunday ekan biz, Imom Moturidiy avlodlari uning haq va barqaror taʼlimotiga asoslangan eʼtiqodda boʻlishimiz, yoshlarimizni ham ajdodlarning boy ilmiy merosiga sadoqat ruhida tarbiya qilishimiz lozim.