Home / YANGILIKLAR / Bugungi ruhiyat: Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi

Bugungi ruhiyat: Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi

Quyida Turkiyaning “SANATKıbrıs” gazetasida chop etilgan maqolaning toʻliq tarjimasi keltirilmoqda. Xulosa va taassurotlarni oʻquvchining oʻz hukmiga havola qilamiz.

 

Niso Yilmaz

Ilm ustunlarida yuksalgan sivilizatsiya: Buxoriy davridan bizning kunlargacha

 Samarqand

Ipak yoʻlining horgʻin karvonlariga soya bergan minoralari, ilm ustunlarida yuksalgan madrasalari bilan asrlar davomida tafakkur yuragini junbushga solib kelgan maskan. Bu toshlarga ganchlangan hikmatlar yeri, zamonlarning gʻuborlarini ilm bilan aritgan buyuk qalb egalarining tuprogʻidir. Qadim Samarqand bagʻrida yulduzdek porlab turgan ismlardan biri – Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Imom Buxoriyning “Jomeus sahih” asari shunchaki hadis toʻplami emas; balki oʻta puxtalik bilan bunyod etilgan intellektual tuzilmadir. Yuz minglab hadislarni yod olgan, har bir rivoyatni qalb tarozusiga solgan Buxoriy ishonchlilik tushunchasiga yangi mezon olib kirdi. U ilm vijdon bilan uygʻunlashganda abadiylikni vujudga keltirishini koʻrsatib berdi.

Hadis metodologiyasida inqilob

Buxoriyning sahih hadislarni saralab olish uslubi uning ilmiy puxtaligi va yuksak masʼuliyatini yorqin ifoda etadi. Oʻzi rivoyat qilgan hadislarning rivoyat zanjirlarini diqqat bilan oʻrgangan; U roviylarning ishonchliligini teran sinchkovlik oʻrganib, faqat xotirasi kuchli boʻlgan halol va rostgoʻy kishilarning rivoyatlarini olgan. Uning hadisshunoslik ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi faqat tinimsiz mashaqqatli mehnatni anglatmaydi, balki yuksak maʼnaviy-axloqiy ahamiyati bilan ham beqiyosdir. Chunki hadisning sahih deb hisoblanishi uchun roviylar silsilasining uzluksiz boʻlishi yetarli emas. Rivoyat zanjiridagi kishilar haqiqatan bir-biri bilan uchrashgan, halol-pokiza va kuchli quvvai hofizaga ega boʻlishi kerak (uning hadisni sahih deb qabul qilish shartlari 15 boʻlimdan iborat boʻlgan, boshqa muhaddislarniki 10-11 tadan oshmaydi – IBXITM). Shu jihatdan “Sahihul Buxoriy” nafaqat hadisshunoslikdagi adabiyot manbalarining, balki bashariyat ong-tafakkurining durdonalaridan biridir.

Bugungi ruhiyat: Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi

Imom Buxoriyning ilmiy merosi 2017 yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ochilishi bilan qayta tiklana boshladi. Bu Markaz nafaqat allomaning merosini oʻrganyapti, balki uni zamon talablaridan kelib chiqqan holda ilmiy sharh va izohlar bilan talqin qilib, yangi avlodga taqdim etyapti. Oʻzining raqamlashtirilgan arxivlari, nodir qoʻlyozmalar fondi, klassik matn toʻplamlari va zamonaviy akademik infratuzilmasi bilan Markaz tadqiqotchilar uchun noyob imkoniyatlar yaratib bermoqda. Hadis ilmi, islom tarixi, Imom Buxoriy va boshqa allomalar merosini oʻrganish boʻyicha amalga oshirayotgan loyihalari, shuningdek, xalqaro simpoziumlar, onlayn treninglar va madaniy tadbirlar tashkil etish orqali oʻz maqsad va vazifalari koʻlamidan ancha keng boʻlgan miqyosda faoliyat koʻrsatmoqda.

Global taʼsir: Sharqda ham, Gʻarbda ham Buxoriy

Imom Buxoriyning taʼsiri faqat islom olami geografiyasi bilan cheklanib qolmaydi. “Jomeus sahih” Prinstondan Qohiragacha, Tehrondan Kuala-Lumpurgacha yoyilgan koʻplab ilmiy markazlarda oʻrganilyapti, yuzlab doktorlar uchun ilmiy izlanish mavzusi boʻlib qolyapti. Bu asar shunchaki hadis toʻplami emas, balki yalpi ishonchlilik va intellektual adolatning ramzi hisoblanadi. Shu tariqa bu asar turli madaniyatlar oʻrtasida bilim robitasi boʻlib xizmat qilishda davom etyapti, Sharq ham, Gʻarb ham birdek bosh uradigan umumiy ilmiy murojaat markaziga aylandi.

Samarqand: Toshlarga ganchlangan hikmatlar

Bugun Samarqand nafaqat Imom Buxoriyning, balki butun bir yetuk sivilizatsiyaning ham ilmiy ramzi sanaladi. Bu shahar faylasuflar, matematiklar, hakimi hoziqlar va tasavvuf namoyandalarining ham vatani boʻlgan. U Oʻrta Osiyodan Andalusiyagacha boʻlgan tafakkur tomirini oziqlantirgan. Qadamjolari va madrasalari bilan goʻyo osmon ostidagi kutubxonadek. Bu muhit nafaqat oʻtmishdan soʻylaydi, balki kelajakni ham barpo ettiradi.

Raqamli asrimizning betartib axborot girdoblarida oʻz yoʻlini topishga qiynalayotgan hozirgi yoshlar Imom Buxoriyning ilmiy merosidan eng ishonchli yoʻl-yoʻriqlarni topishi mumkin. Manbai mavhum, tasdigʻi mushkul maʼlumotlar dengiziga gʻarq boʻlish oʻrniga axborotni chigʻiriqdan oʻtkazishga qodir boʻlgan, teran fikrlashga undaydigan, axloqiy asoslarga tayanadigan tafakkurni shakllantirish bugun har qachongidan ham zarur. Imom Buxoriyning ilmga yondashuvi aslida bir umrlik hayot falsafasini taqdim etadi. Balki Samarqandda qad rostlagan bu yangi avlod (eng ilgʻor – tarj.) tadqiqot markazi shunchaki ilmiy muassasalardan biri emas, aslida sogʻlom ong-tafakkurning soʻnggi tayanchlaridan biridir.

Barcha daholar kabi Imom Buxoriy ham hayotlik davrida yetarlicha ardoqlanmagan alloma edi. Vafotidan keyin soʻng asrlar osha nur taratib turadigan yulduzga aylandi. Bugun Samarqand osmonida uning yulduzi yana porlamoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Qoʻlyozmalar tadqiqi sohasiga oid xalqaro seminar boshlandi

Bugun, 29-aprel kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Madaniy meros agentligi huzuridagi Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi …