Home / FOTO LAVHALAR / Numan Kurtulmush: bizning tariximiz, madaniyatimiz, qalbimiz mushtarak

Numan Kurtulmush: bizning tariximiz, madaniyatimiz, qalbimiz mushtarak

Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya 23-may kuni Samarqandda boʻldi.

Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi masʼullari, viloyat hokimligi vakillari kutib oldi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi dastlab Hazrati Xizr majmuasiga borib, Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari oʻqilib, duolar qilindi.

Navbatdagi manzil – Imom Buxoriy majmuasi. Delegatsiya aʼzolari buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish bilan birga bu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Islom olamida muhaddislar sultoni deb eʼzozlanadigan alloma mangu orom topgan maskanni uning shuhratiga monand ziyoratgohga aylantirish borasidagi ishlar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Numan Kurtulmush majmua dunyo musulmonlari ziyorat qilishni istaydigan eng qutlugʻ maskanlardan biriga aylanishiga ishonishini taʼkidladi.  

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, ulugʻ allomalar ilmiy merosini oʻrganish va tadqiq etish borasidagi ishlar ham Turkiya parlamenti vakillariga manzur boʻldi. Keyingi yillarda markaz xodimlari tomonidan qadimiy qoʻlyozmalar asosida tayyorlangan, boshqa tillardan tarjima qilingan kitoblar muqaddas Islom dini asl mohiyatini ochib berishi,  hadis va boshqa diniy asarlarni asl manbalari asosida oʻrganish imkoniyatini berishi taʼkidlandi.  

– Turkiya va Oʻzbekiston orasida bir necha ming kilometr masofa boʻlsa-da, bizning tariximiz, madaniyatimiz, qalbimiz mushtarak, – dedi Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush. – Biz Oʻzbekistonni ota yurtimiz deb bilamiz va bu zaminga kelishdan faxr-iftixor tuyamiz. Davlatlarimiz rahbarlarining yaqin doʻstligi, oqilona siyosati tufayli keyingi yillarda bu yaqinlik yana ham mustahkamlandi. Hozir savdo-iqtisodiy soha deysizmi yoki madaniy-gumanitar, turizm, ilm-fan boʻyicha aloqalarimiz kengayib bormoqda. Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Oʻzbekiston parlamenti rahbarlari bilan uchrashuvlarimizda Turkiya Buyuk Millat Majlisi ham oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qoʻshishini bildirdik. Bugun Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarni ziyorat qilib, Oʻzbekistonning qadimiy va boy madaniyatga, ajdodlardan qolgan ulkan maʼnaviy merosga ega ekanligiga amin boʻldik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bejiz Uchinchi renessans gʻoyasini oʻrtaga tashlamadi. Bugun Oʻzbekistonda ilm-fan, madaniyatni yuksaltirish borasidagi islohotlar bunga keng yoʻl ochmoqda.

Mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Xoʻja Ahror Valiy ziyoratgohi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklarda boʻlib, ajdodlarimiz noyob aql-zakovati, bunyodkorlik salohiyati ifodasi boʻlgan obyektlarni hayrat va havas bilan tomosha qildilar.

Manba:UzA

Check Also

“Chigʻatoy” ahli bilan uchrashuv

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari hududlarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini …