Home / HADIS / SIZGA MALOL KELMAGUNCHA ALLOHGA MALOL KELMAYDI

SIZGA MALOL KELMAGUNCHA ALLOHGA MALOL KELMAYDI

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “يَا أَيُّهَا النَّاسُ خُذُوا مِنْ الْأَعْمَالِ مَا تُطِيقُونَ فَإِنَّ اللَّهَ لَا يَمَلُّ حَتَّى تَمَلُّوا وَإِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ مَا دَامَ وَإِنْ قَلَّ”.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar! Amallardan toqatingizga yarashasini oling. Zero, sizga malol kelmagunicha Allohga malol kelmaydi. Albatta, amallar orasida Alloh uchun eng suyuklisi oz boʻlsa-da davomli boʻlganidir”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Musulmon kishi Alloh taolo yaxshi koʻrgan amallarni bajarish va bu orqali Uning roziligiga erishish maqsadi bilan hayot kechiradi. Parvardigoriga muhabbati kuchaygan sari Uning roziligini topish uchun koʻproq ezgu amallar qilishga intiladi. Shuning uchun ilm ahlining huzuriga borib, Alloh taolo qanday amallarni koʻproq yaxshi koʻrishini surishtiradi. Bu anʼanani sahobalar boshlab bergan. Ular Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, shu masalada murojaat qilib turgan. Biri eng yaxshi odam qanday boʻlishi, boshqasi Alloh uchun eng suyukli amal qaysiligi haqida soʻrar, yana biri esa Alloh taoloning muhabbatiga sazovor qiladigan biror amalni aytishlarini iltimos qilar edi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan mazkur hadisning vorid boʻlish sababi quyidagicha. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam tunda bir boʻyrani parda qilib qoʻyib, ortida ibodat qilar, kunduzi esa uni toʻshab ustiga oʻtirar edilar. Buni koʻrgan sahobalar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning yonlariga qoʻshilib namoz oʻqiy boshladilar. Bora-bora ularning soni koʻpayib ketdi. Shunda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam ularga yuzlanib, bunday dedilar: “Ey odamlar! Amallardan toqatingizga yarashasini oling (yaʼni, nafl ibodatlar va ezgu amallar qilishda oʻzingizni mashaqqatga solib qoʻymang, balki qurbingiz yetadiganini qiling). Zero, sizga malol kelmagunicha Allohga malol kelmaydi (yaʼni, amal qilishdan malollanib, uni toʻxtatib qoʻymaguningizcha sizga oʻsha amalning savobini berishdan toʻxtamaydi). Albatta, amallar orasida Alloh uchun eng suyuklisi oz boʻlsa-da davomli boʻlganidir” (yaʼni, ixtiyoriy ibodatlar yoki ezgu amallar orasida Alloh taolo uchun eng suyuklisi oʻzi oz boʻlsa-da, sohibi unda bardavom boʻlganidir. Chunki u koʻp boʻlishiga qaramay, toʻxtab uzilib qoladigan amaldan yaxshiroqdir).

Alloh va Rasuli uchun eng sevimli amal qaysiligi borasida bundan boshqa hadislar ham bor. Jumladan, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi hadisda oz boʻlsa-da, doimiy tarzda amal qilish targʻib etilgan: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohga amallarning qaysi biri eng suyuklidir?” deb soʻraldi. U zot: “Oz boʻlsa-da, davomli boʻlgani”, deb javob berdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

U zot alayhissalomning amallari shunday edi. Buning dalili mana bu hadisi sharifdir: “Alqama Naxaiy Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning amallari haqida soʻrab bilish uchun Oisha roziyallohu anhoning oldiga keldi va: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunlarning birortasini (muayyan bir ibodat uchun) xoslab olgan edilarmi?” dedi. U: “Yoʻq, u zotning amallari davomli edi, xolos. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qurbilari yetgan ishga sizdan qaysi biringizning ham qurbi yetar edi-ya?!” deb javob berdi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning bir odatlari bor edi. Biror amalga qoʻl ursalar, uni puxta bajarar edilar. Biror kasallik yoki monelik tufayli kechki vazifalarini bajara olmay qolsalar, kunduzi qazosini ado etardilar. U zot alayhissalom kishi ibodat qilaman deb jismu jonini qiynab qoʻyishini, oʻzini toqati yetmaydigan ishga majburlashini xush koʻrmasdilar. Chunki nafs bunday amalda bardavom boʻla olmaydi.

Musulmon kishi toqatiga yarasha amal qilishi kerak. Oz boʻlsa ham bardavom boʻlgani yaxshi. Yuqoridagi hadislardan anglash mumkinki, kishi oʻziga ortiqcha mashaqqat keltiradigan amalga qoʻl urmasligi kerak. Chunki vaqti kelib uni tashlab qoʻyishi mumkin. Buning oʻrniga oz boʻlsa ham davomli ravishda amal qilib yurishi maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo shariat ahkomlari va ibodat amallarini bandalariga mashaqqat boʻlishi, jonga azob berishi, jismni halok qilishi uchun joriy etmagan. Bu amallar ruhiy sokinlik, saodat va xotirjamlik, oxiratda Alloh rizosining manbai boʻlish uchun joriy qilingan. Zero, toat-ibodat va ezgu amallar qalbga surur bagʻishlaydi, Allohga yaqinlashtiradi, oshno qiladi. Unga muhabbat va ragʻbat bilan yuzlanadigan, Uning huzurida turishni yaxshi koʻradigan qilib qoʻyadi. Shuning uchun Alloh taolo Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga: (Ey Muhammad!) Biz Sizga ushbu Qurʼonni (din ishida) mashaqqat chekishingiz uchun nozil qilmadik”, degan (Toha surasi, 1-2-oyatlar).

Har qanday kishining nafsiga oxir-oqibat ogʻir amallar malol kelib qoladi. Inson asta-sekin ularni tark etadi. Ammo toqatiga yarasha ibodat qiladigan kishining amali ham, ajru savobi ham bardavom boʻladi. Bu uning ibodatga ragʻbatli ekani, toat-amallardan huzurlanishi va Alloh taologa yuzlanishni yaxshi koʻrishidan dalolat beradi. Alloh taolo: “U sizlarni (shu din uchun) tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi” (Haj surasi, 78-oyat), “Alloh sizlarga yengillik boʻlishini istaydi, ogʻirlik boʻlishini xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat), degan. Shunday ekan, musulmon kishi farz ibodatlardan boshqa biror amalni oʻziga qoʻshimcha vazifa qilib olmoqchi boʻlsa, shaxsiy imkoniyatlaridan kelib chiqib ish tutishi lozim. Shunda Allohning suyukli bandalaridan biriga aylanadi.

Hadisdan olinadigan foydalar:

  1. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam oʻz ummatlariga nisbatan oʻta mehr-shafqatli boʻlganlar.
  2. Alloh va Rasuli uchun eng suyukli amal oz boʻlsa-da, sohibi unda bardavom boʻlganidir.
  3. Musulmon kishi ibodat qilaman deb oʻzini mashaqqatga solib qoʻyishi maqsadga muvofiq emas.
  4. Alloh taolo islomni din sifatida insonlarga mashaqqat boʻlishi uchun emas, balki ularning ogʻirini yengil qilish uchun tanlagan.
Alouddin NEMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodim

Check Also

TOTALITAR SEKTALARNING MILLIY MAʼNAVIYATGA SALBIY TAʼSIRI

Bugungi mafkuraviy jarayonlarda insonlarning ongi va qalbini egallash uchun olib borilayotgan kurash maʼnaviy taʼsir koʻrsatishni …