Home / HADIS / AMALLARDAN TOQATI YETADIGANINI OLISH ZARUR

AMALLARDAN TOQATI YETADIGANINI OLISH ZARUR

Alloh taolo bandalariga qurbi yetmaydigan narsani buyurib, keyin ularni qiynab qoʻyishni aslo istamaydi. Banda kuchi yetmaydigan narsaga oʻzini majburlashi ham ahli sunna valjamoa aqidasiga zid amal hisoblanadi. Alloh taolo bandalariga ularning imkoniyat va toqati yetadigan narsalarni buyurgan. Ilohiy amrlarning hammasi bandaning qurbi yetadigan darajada boʻlib, insonni mushkul ahvolga solib qoʻyadigan biror amal buyurilmagan.  

﴿ لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ﴾

“Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi”[1].

﴿هُوَ اجْتَبَاكُمْ وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ﴾

“U sizlarni (shu din uchun) tanladi va dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”[2].

Alloh azza va jalla banda toqatidagi narsalarnigina buyurgan. Shuning ilohiy amrlarning bajarilishi bandani Rabbiga yaqinlashtiradigan, Allohga suyukli boʻlgan ishlar sanaladi. Ammo baʼzan gʻayrat-shijoati joʻsh urib ketgan insonda oʻz zimmasiga toqatidan ortiq amallarni yuklab olishga moyillik paydo boʻladi. Shu bois Paygʻambarimiz sollalohu alayhi vasallam dinda moʻtadil boʻlishga chorlab, moʻmin-musulmonlarni amallardan toqati yetadiganini zimmasiga olishni buyurganlar:

عَنْ عَائِشَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: “يَا أَيُّهَا النَّاسُ، عَلَيْكُمْ مِنَ الْأَعْمَالِ مَا تُطِيقُونَ، فَإِنَّ اللهَ لَا يَمَلُّ حَتَّى تَمَلُّوا، وَإِنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللهِ مَا دُووِمَ عَلَيْهِ، وَإِنْ قَلَّ”. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ.

  1. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey odamlar! Amallardan toqatingiz yetadiganini oling. Zero, sizga malol kelmagunicha, Allohga malol kelmaydi. Alloh uchun amallarning eng suyuklisi oz boʻlsa ham, davomli boʻlganidir”, dedilar[3].

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam dinda farz qilinganidan ortigʻini qoʻshib, chuqurlashishdan, ibodatlarda Alloh taolo belgilab bergan hadlardan oshishdan qaytardilar. Banda oʻz zimmasiga farz amallardan tashqari boshqalarini ham nazr qilib yuklab olishi, yaʼni oʻziga nisbatan qattiqqoʻllik qilib, ibodatlar bilan jismu jonini qiynashi Allohning unga nisbatan qattiqqoʻlroq boʻlishiga, unga zimmasiga boshqa farzlarni ham yuklab qoʻyishiga, ahdini bajarishini talab qilishiga, hatto nafl ibodatlarda nuqson qilsa, bajargan farzlarini ham qabul qilmasligiga sabab boʻlishini aytdilar.

Shuningdek, toqatdan tashqari amallarni zimmaga yuklab olishning eng xatarli tomoni alaloqibat hatto farz qilingan amallarni bajarishda ham malollikni paydo qiladi. Chunki joʻsh urgan gʻayrat muayyan muddatgacha davom etib, keyin soʻna boradi va banda uchun endi qoʻshimcha (nafl-narzlar) ibodatlar tugul, farzlarni ado etish ham malol kelib qoladi.

Aslida, islom shariati odamlarning toqati va salohiyatidan kelib chiqib, Allohga xos kenglik bilan, yengil – moʻtadil qilib berilgan. Hatto banda bir amalni bajarishga qodir boʻlmay qol hollarda uning uchun yengilroq muqobil yoʻllar ham mavjud.

Darhaqiqat, amallarning oz boʻlsa-da davomli boʻlishi inson eʼtiqodi mustahkam, ibodatlari izchil boʻlishini taʼminlaydi.

[1] Baqara surasi, 286-oyat.
[2] Haj surasi, 78-oyat.
[3] Sahihul Buxoriy, 23-hadis.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

TOTALITAR SEKTALARNING MILLIY MAʼNAVIYATGA SALBIY TAʼSIRI

Bugungi mafkuraviy jarayonlarda insonlarning ongi va qalbini egallash uchun olib borilayotgan kurash maʼnaviy taʼsir koʻrsatishni …