Tarixdan maʼlumki, XIV-XVI asrlarda islom olamida ilm-fan va madaniyat yuksak darajada rivojlangan. Shu bois bu asrlar islom madaniyatining oltin davri – Ikkinchi renessansi deb eʼtirof etilgan. Aynan oʻsha paytlar davlat yuritishdagi siyosat tubdan oʻzgarishi bilan birga, ilm-fanning turli sohalarida yuksak choʻqqilar zabt etilgan. Ayniqsa, tilshunoslik, tafsir, hadis, fiqh, tarix, adabiyot, sheʼriyat, xattotlik, meʼmorlik kabi sohalarga qiziqish kuchaygan. Natijada Shamsiddin Zahabiy, Muhammad Jazariy, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Sharafuddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari yuzlab serqirra isteʼdod sohiblari yetishib chiqqan.
Allomalarning bu shonli roʻyxatida mashhur muhaddis va moʻtabar inson Hofiz Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy alohida oʻrin tutadi. Xalq orasida Jaloliddin Suyutiy nomi bilan mashhur boʻlgan. 849/1445 yili Qohirada tavallud topgan va 911/1505 yili shu yerda vafot etgan.
Alloma hadis, tafsir, tilshunoslik, tarix, adabiyot, fiqh kabi koʻplab sohalarga oid asarlar tasnif qilgan. Oʻz yurtida bir necha nufuzli lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan. 40 yoshga yetganida hamma mansablardan voz kechib, qolgan umrini ijodga bagʻishlagan. Manbalarda 600 ga yaqin kitob va risola yozganligi qayd etilgan[1]. Misrlik mashhur professor Ahmad Sharqoviy “Jalol Suyutiy kutubxonasi” kitobida allomaning asarlari soni 725 ga yetganini qayd etgan[2]. Ular orasida “Lubobul hadis” (Sara hadislar) asari alohida ajralib turadi. U 40 bobdan tashkil topgan boʻlib, har birida 10 tadan jami 400 ta odob-axloqqa oid hadisni oʻz ichiga olgan[3]. Undagi hadislar maʼno jihatidan bir-birini toʻldirib keladi. Mazkur asar bir necha tillarga tarjima qilingan, jumladan, 2018 yili Olimxon Yusupov tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirildi. U imom-xatiblar, maʼnaviyat-maʼrifat targʻibotchilari va umuman keng jamoatchilikka moʻljallangan.
Asarning 4 qoʻlyozma nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoʻlyozmalar fondida inv. №217/III, №283/I, №428/III va №495/VII raqamlar bilan saqlanmoqda.
Quyida ularning kodikologik tahlilini keltiramiz.
- №283/I raqamda saqlanayotgan qoʻlyozma 824/1421 yili nastaʼliq xatida Muhammadamin ibn Shayx Abulhasan ibn Shayx Abu Yazid tomonidan koʻchirilgan[4]. Hajmi 21 varaq. 40 bobdan iborat. Har sahifa 15 satrdan. Asar 1b-varaqdan basmala bilan boshlanib, quyidagicha davom etgan:
الحمد لله رب العالمين و الصلاة على رسوله محمد وعلى آله اجمعين و بعد فان اضعف عباد الله … و ضعت اربعين بابا فى كل باب عشرة احادث و سميته كتاب اللباب و الله الموقف على الاتمامه….
Maʼnosi: Alloh taologa hadu sano va Paygʻambar alayhissalomga salovat va salom … 40 bob tuzib, har biriga 10 tadan hadis kiritdim. Kitobni “Lubob” deb nomladim. Uni Allohning inoyati bilan nihoyasiga yetkazdim[5].
Matn qora siyohda, sharq qogʻoziga koʻchirilgan. Oʻlchami – 13´10 sm. Ayrim varaqlarda sharhli hoshiyalar bor. Baʼzi varaqlari namdan zararlangan. 1-, 7a-, 21a-varaqlarda muhrlar mavjud boʻlib, boʻyalib ketgani uchun oʻqib boʻlmadi.
Asar 21a-varaqda Anas roziyallohu anhu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan quyidagi hadisi qudsiy bilan tugagan:
… قال الله تعالى اذا وجهت الى عبد من مصيبة فى بدنه او ماله او ولده فاصتقبل ذلك بصبر جميل استحيت منه يوم القيامة ان انصب له ميزانا و انشرله ديوانا و الله اعلم بالصواب[6] .
Maʼnosi: Alloh taolo: “Qachon bandalarimdan birining badaniga yoki farzandiga yoki mol-mulkiga musibat bersam va u bandam oʻsha musibatni chiroyli sabr bilan qabul qilsa, qiyomat kunida uning uchun tarozi qoʻymoqdan yoki uning (amallar) kitobini eʼlon qilishdan hayo qilaman”, dedi”[7].
21a-varaqdagi kolofonda koʻchirilgan yili, oyi va kuni qayd etilgan.
قد وقع الفراغ عن كتبه هذا الكتاب بعون ملك الوهاب على يد عبد الضعيف المحلف الراجى رحمه ربه اللطيف محمد امين بن شيخ ابو الحسن بن شيخ ابو يزيد … يوم الجمعة وقت للاسراف فى … شهر مرجب سنة اربع و عشرين و ثمانمأته
Kurrosalari 8 varaqdan iborat boʻlib, oʻlchami – 17´12,5 sm.ni tashkil etadi. Poygiri bor. Muqovasi va tayakisi mallarang charmdan, lola va turunj bosma naqshli.
- №428/III raqamli qoʻlyozma 994/1586 yili nasx xatida sharq qogʻoziga koʻchirilgan[8]. Hajmi 16 varaq. 40 ta bobni oʻz ichiga olgan. Sahifalari 17 satrdan. 171b-varaqdan basmala bilan boshlanib, quyidagi muqaddima bilan davom etgan:
الحمد لله رب العالمين و الصلاة على رسوله محمد وعلى آله اجمعين و بعد فان اضعف عباد الله … و ضعت اربعين بابا فى كل باب عشرة احادث و سميته كتاب اللباب و الله الموقف على الاتمام هذا الكتاب …[9].
Maʼnosi: Alloh taologa hamdu sano va Paygʻambar alayhissalomga salovat va salom … 40 bob tuzib, har biriga 10 tadan hadis kiritdim. Kitobni “Lubob” deb nomladim. Uni Allohning inoyati bilan nihoyasiga yetkazdim[10].
Asar matni qora, bob va hadislarning tartib raqamlari qizil siyohda yozilgan. Oʻlchami – 19´11 sm. Asar hoshiya, matn ostida izoh va sharhlar bilan boyitilgan boʻlib, noyob nusxa hisoblanadi.
Kitob 186a-varaqda quyidagi hadisi qudsiy bilan tugagan:
… قال الله تعالى اذا وجهت الى عبد من مصيبة فى بدنه او ماله او ولده فاصتقبل ذلك بصبر جميل استحيت منه يوم القيامة ان انصب له ميزانا و انشرله ديوانا و الله اعلم بالصواب[11] .
Maʼnosi: Alloh taolo: “Qachon bandalarimdan birining badaniga yoki farzandiga yoki mol-mulkiga musibat bersam va u bandam oʻsha musibatni chiroyli sabr bilan qabul qilsa, qiyomat kunida uning uchun tarozi qoʻymoqdan yoki uning (amallar) kitobini eʼlon qilishdan hayo qilaman”, dedi”[12].
Asar kolofoni 186a-varaqda boʻlib, unda asarning koʻchirilgan yili va kuni quyidagicha qayd etilgan:
تمت الكتاب شد بتوفيق الهى لا ينام اين كتابت شد روز جهارشنبه تمام سنة ٩٩٤[13].
- №217/III raqam bilan saqlanayotgan qoʻlyozmaning hajmi 10 varaq. 31b– varaqda basmala bilan boshlanib, 33 ta bobni oʻz ichiga olgan. Unda “La ilaha illalloh”, “Bismilloh” kalimalari va namoz, imon, tahorat kabi amallarning fazilatlari, shuningdek, islom dinida harom qilingan zino va xamr ichish kabi gunohlarning zararlari haqidagi hadislar boblarga ajratilgan holda keltirilgan. Nusxa nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Har bir sahifasi 21 satrdan. Matni qora siyohda, bob va fasl nomlari esa qizil siyohda sharq qogʻoziga koʻchirilgan. Oʻlchami – 18´8,5 sm. Hoshiyasida sharhli hoshiyalar bor. Baʼzi varaqlari namlikdan zararlangan. Kurrosalari 8 varaqdan iborat boʻlib, oʻlchami – 25,5´15 sm. Poygiri bor. Muqovasi mallarang, lola va turunj bosma naqshli boʻlib, tayakisi charmdan. Asarning soʻnggi qismi 40a-varaqda.
– №495/VII raqamli qoʻlyozmaning hajmi 27 varaq. 175b-varaqda basmala bilan boshlangan. 40 bobdan iborat. Unda ulamolarning ilmi, Paygʻambar alayhissalomga salavot aytish, misvok ishlatish, juma va jamoat namozlarining fazilatlari haqidagi hadislar boblarga ajratilgan holda keltirilgan.
Nusxa nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Sahifalari 13 satrdan. Matn qora, bob va hadislarning raqamlari qizil siyohda sharq qogʻoziga koʻchirilgan. Oʻlchami – 21´10 sm. Hoshiyasida sharh va toʻldirmalar bor. Kurrosalari 8 varaqdan iborat boʻlib, oʻlchami – 26,5´15 sm.ni tashkil etadi. Muqovasi yashil, lola va turunj bosma naqshli boʻlib, tayakisi charmdan. Asar 201a-varaqda tugaydi.
Mazkur nusxalar turli davrlarda, har xil xattotlar tomonidan koʻchirilgani bois xati, muqovasi va hajmi jihatidan bir-biridan farq qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Jaloliddin Suyutiyning odob-axloq va tarbiyaviy masalalar boʻyicha muhim manba hisoblangan “Lubobul hadis” asari yoshlarni imon, eʼtiqodli, odob-axloqli, tarbiyali qilib vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazishda ulkan ahamiyat kasb etadi. Mazkur nusxalar esa asarni tahqiq, tadqiq va tahlil etishda tadqiqotchilar uchun boy xazina boʻlib qolaveradi.