Home / ALLOMALAR / QUSHAYRIYNING TASAVVUFIY-AXLOQIY QARASHLARI

QUSHAYRIYNING TASAVVUFIY-AXLOQIY QARASHLARI

Sharq Renessansi davrida ratsional ilmlar qatorida tasavvuf ilmi ham rivoj topib, tizimlashtirila boshlandi. X asrga kelib tasavvuf xalifalik madaniyatida oʻz oʻrnini topib, mustahkam oʻrnashdi. Shu bilan birga tasavvuf taʼlimotini bir tizimga solish, atama va tushunchalarning mantiqiy sxemasini tuzish zarurati tugʻildi. Chunki bu davrga kelib, turli yoʻnalish va maktablar vujudga kelib, aksariyat bir xil atamalarni turlicha talqin qilar edilar. Antik falsafa va ilm-fanning keng ommaviylashishi tufayli hamda muʼtaziliylarning ilohiyotga ratsionalistik yondashishi bilan tasavvuf yangi uslublar asosida oʻz mavqeini mustahkamlash zarurati paydo boʻldi. Albatta, tasavvufni toʻliq mantiq va ratsional idrok etish imkoni yoʻq, chunki tasavvufiy bilish jarayonini aql yordamida tasvirlab boʻlmaydi, aks holda uning oʻziga xosligi yoʻqoladi.

Biroq, oʻsha davrda musulmon tafakkurining boshqa oqimlariga munosib qarshilik koʻrsatish va xalifalikning turli hududlaridagi tasavvuf maktablari bilan muloqot olib borish uchun soʻfiylar foydalanadigan yagona atama va tushunchalar tizimini yaratish talab etilardi. Bundan tashqari, soʻfiylar har doim tasavvufni bidʼat va islomga qarshi oqim deb hisoblaydigan anʼanaviy ilohiyotchilarning hujumlaridan doimo oʻzlarini himoya qilishlari kerak edi.

Abulqosim Qushayriyning “Risola fit-tasavvuf” (Tasavvuf ilmi haqida risola) asari soʻfiylar foydalanadigan va yakunlangan tizimlashtirilgan qoʻllanma sifatida mashhur. Qushayriy (998-1072) tasavvufni sunniy ilohiyot va musulmon fiqhi bilan uygʻunlashtirishga harakat qilgan. Gʻazzoliy esa bu ishni 1099-1102 yillarda yozilgan “Ihyou ulumid-din” (Diniy ilmlarining tirilishi) asari bilan yakunlagan.

Qushayriyning “Risola” asari 1046 yilda yozilgan boʻlib, olimning tasavvuf sohasida olib borgan tadqiqotlarining choʻqqisi, bu hodisaning mohiyati va uning islomdagi ildizlari haqida yuritgan mulohazalarining mahsuli hisoblanadi. Bu asar tadqiqotchilar va tasavvuf ixlosmandlari orasida keng tarqalib, mashhur boʻlganligi ajablanarli emas. Bu, eng avvalo, asar tilining qulayligi va keng kitobxonlar ommasiga eʼtibor qaratilganligi bilan bogʻliq. Qushayriy nafaqat tasavvuf vakillari, balki anʼanaviy qarashga ega boʻlgan islom ulamolari orasida ham yuksak ehtiromni qozongan. Shuning uchun u tasavvufning boshqa vakillaridan farqli ravishda, bu taʼlimotga rasmiy maqom berib, ortodoksal musulmon ilohiyotshunoslari orasida hurmat qozongan.

Shubhasiz, oʻsha paytda bu muammoni toʻliq hal qilishning imkoni yoʻq edi, ammo Qushayriyning ushbu risolasi tasavvufni toʻgʻri qabul qilish uchun jiddiy sabab boʻldi va nihoyat tasavvufni bidʼatchilar harakatidan tashqariga olib chiqishga muvaffaq boʻlgan Gʻazzoliy taʼlimotining paydo boʻlishiga turtki boʻldi.

Imom Qushayriy tasavvuf taʼlimotini musulmon jamoati nazarida qayta tiklashni oʻzining asosiy vazifasi deb biladi. Zero, XI asrga kelib tasavvuf oʻzining ogʻir kunlarini kechirayotgan davr boʻlib, bu nafaqat ulamolarning doimiy hujumlari bilan bogʻliq edi. Bu davrga kelib tasavvufning “oltin davri” nihoyasiga yetib, tasavvuf osmonida Junayd Bagʻdodiy va Horis al-Muhosibiy kabi yulduzlar porlamay qolgandi.

Qushayriy tasavvuf taʼlimotining tanazzulga uchrashini his qilgan holda, yorqin soʻfiylar yoʻqligi va ularning oʻrniga soxta tasavvufchilar paydo boʻlganligidan afsuslanadi. U haqiqiy solih amallar qolmaganligini yozadi[1] .

Shu sabab uning “Risola”si anʼanaviy islom nazarida tasavvufni nafaqat oqlab, balki pand-nasihat rolini bajarib, musulmon jamiyatida axloqni yuksaltirishga qaratilgandir. Ushub asar soʻfiylar uchun tasavvufni avvalgi shon-shuhratiga qaytarishga daʼvat etuvchi oʻziga xos murojaat vazifasini bajargan. Muallif haqiqiy soʻfiylikni va uning haqiqiy shayxlarini koʻrsatishga, taʼlimotni ixtilofdan tozalashga, uning asosiy qoidalarini Qurʼon oyatlari bilan dalillashga intiladi.

Keyingi avlod soʻfiylari Qushayriyning risolasini Allohni tanish uchun tariqat yoʻliga endigina qadam qoʻygan soliklar uchun oʻquv qoʻllanma deb biladilar. Shuningdek, asar tasavvuf anʼanalaridan bexabar boʻlganlarni soʻfiylik bilan yaqindan tanishtirish uchun darslik sifatida qoʻllanilgan. Hatto hozirda ham olimning “Risola” asari tasavvuf olamida asosiy nazariy asarlardan biri sanaladi.

Albatta, Qushayriy tasavvuf  ilmni va uning ruhiy-maʼnaviy mazmunini toʻliq hamda aniq bilan yetkaza olmagan. Rossiyalik olim A.Knishning fikricha, u oʻzi anglagan bilimlarni tizimlashtirishga harakat qilib, ularni bevosita tasavvuf doirasidan tashqariga olib chiqqan[2]. Qushayriyning asari tizimlashtirish boʻyicha ratsionalistik gʻoyalarni kiritish bilan muammoning oʻziga xos ilmiy tadqiqotini aks ettiradi.  

Al-Qushayriy “Risola”ning muqaddimasida oʻzining islom va tavhidga nisbatan pozitsiyasini belgilaydi, bu esa uni anʼanaviy sunniylik bilan bogʻlash imkonini beradi. Shu bilan birga  muqaddimaning birinchi qismi sunniylarning anʼanaviy teologik asarlaridan unchalik farq qilmaydi: “Allohning na yordamchisi, na izdoshi, na uni qamrab oladigan miqdori, na uni ushlab turadigan makoni, na unga yetib oladigan vaqt, na uni taʼriflay oladigan kalima, na tasvirlab bera oladigan tasavvur mavjuddir”[3].

Bunday bayon uslubini Qushayriy tasodifan tanlamagan: muallif birinchi satrdanoq din asoslarini tushunishda nufuzli ulamolar bilan hamjihat ekani haqidagi fikrni beradi, ularga kirish qismida murojaat qiladi va bu bilan tasavvufning nomini oqlaydi hamda soʻfiylarning zamonaviy avlodlari tomonidan tasavvuf buzilgan degan fikrni uqtiradi:

“Ular taqvodor boʻlmay qoldilar, joynamozlarini oʻrab yigʻishtirib qoʻydilar, ularning ochkoʻzligi ortdi, poraxoʻrlik koʻpaydi, qalblarini shariatning muqaddasligi tark etdi, dinga yetarlicha eʼtibor bermaslik kuchaydi, ular halol va haromni farqlamay qoʻydilar, hurmatni tark etishga, taqvoni tashlashga chaqirdilar, urf-odatlarni bajarishdan qochdilar, roʻza va namozni eʼtiborsiz qoldirdilar. Ular beparvolik maydoniga kirdilar va nafslariga berilib, ruhoniy va maʼnaviy, tasavvufiy amallarga yetarlicha eʼtibor bermay, olomondan, ayollardan va hokimiyat egalaridan olgan narsalaridan foydalanishga oʻtdilar”[4] .

Al-Qushayriy asl va haqiqiy yuksak axloqiy tasavvufiy anʼanalarga amal qiluvchilarni olqishlaydi va ilk tasavvuf namoyandalarining yakkaxudolik hamda islom asoslari haqidagi soxta uydirmalarini yanada ochib beradi. Maʼlumki, tasavvuf ilmini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Tasavvufiy risolalarning aksariyati tushunish qiyin boʻlgan tilda, ramziy obrazlar va sheʼriy iboralar ustunlik qilgan holda yozilgan. Qushayriy oʻz oldiga tasavvuf taʼlimotining nazariy asoslarini eng qulay tarzda taqdim etish vazifasini qoʻygan. Shu sababdan u risolasini yozishda xalq tilidan foydalanishga harakat qilgan. U tasavvufiy kechinmalarni tasvirlashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymagan, aksincha, uning maqsadi soʻfiylarning tasavvufiy bilimlari imkoniyatlarini tizimlashtirish va tushunishga yordam berish boʻlgan. Aytish joizki, Qushayriyning “Nahv ul-qulub” (Qalblar grammatikasi) asari torroq auditoriyaga, yaʼni soʻfiyning oʻziga qaratilgan boʻlib, bu asarning tili bunday sodda shaklda emas.

Imomning “Risola” asari tasavvuf ulamolari va shayxlarining axloqqa doir fikrlari hamda qarashlari bilan ahamiyatli. Shu jihatdan, Qushayriyning odob-axloq va maʼnaviyatga doir fikrlari, Uchinchi Renessansni barpo etayotgan bir davrda yoshlarimizning axloqiy tarbiyasiga muhim hissa qoʻshadi deb hisoblaymiz.

[1] Imom Abulqosim Qushayriy. Risola fit-tasavvuf. Bayrut, 1984. –B.4-5.
[2] Knыsh A.D. Musulmanskiy mistitsizm. – M., 2004.-B.148.
[3] Imom Abulqosim Qushayriy. Risola fit-tasavvuf. Bayrut, 1984. –B.3.
[4] Imom Abulqosim Qushayriy. Risola fit-tasavvuf. Bayrut, 1984. -B.4.
Turonbek QODIROV,
Buxoro davlat universiteti talabasi

Check Also

SAHL IBN ABDULLOH TUSTARIY – BUYUK MUTASAVVIF OLIM

Islomda tasavvuf ilmi Muhammad (a.s.) dan qabul qilib olingani, tariqatda u kishining “ravishlari  hujjat” [5:29] …