Bugungi globallashuv davrida korrupsiya insoniyat oldida turgan eng katta muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Bu illat davlat boshqaruvini zaiflashtiradi, iqtisodiy rivojlanishni susaytiradi va jamiyatda adolatsizlikni kuchaytiradi. Korrupsiya insoniyat taraqqiyotiga jiddiy toʻsiq boʻlayotgan salbiy illatlar orasida eng xavfli ijtimoiy ofat sifatida qaraladi.
“Korrupsiya” atamasi lotincha “corruptio” soʻzidan olingan boʻlib, “buzmoq”, “poraxoʻrlik”, “mansabni suisteʼmol qilish”, “pora berish yoʻli bilan buzish” maʼnolarini anglatadi. Ilmiy adabiyotlarda esa “davlat xizmatchilari yoki mansabdor shaxslarning oʻz vakolatlaridan shaxsiy manfaat yoʻlida noqonuniy foydalanishi” deb taʼriflanadi.
Mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish darajasi, siyosiy barqarorligi va ijtimoiy farovonligi ulardagi shaffoflik, qonuniylik va adolat qanchalik taʼminlanganiga bogʻliq. Korrupsiya taraqqiyotni susaytiradi, xalqning davlatga ishonchini yoʻqqa chiqaradi va millat kelajagiga xavf soladi. Umumiy aytganda, korrupsiya – davlat tuzumi, jamiyat ravnaqi va inson manfaatlariga qarshi qaratilgan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, eng muhimi, millatning maʼnaviy ustunlarini yemirib yuboruvchi illat. Shu bois unga qarshi kurash nafaqat huquqiy, balki global maʼnaviy vazifadir.
Xalqaro tashkilotlar va davlatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi qator choralar koʻrilayotgan boʻlsa-da, maʼnaviy asoslarsiz bunday illatni tubdan yoʻqotish mumkin emas. Shu nuqtayi nazardan islom dini korrupsiyaga qarshi eng kuchli maʼnaviy va huquqiy asosni taqdim etadi.
Islom manbalarida korrupsiya rushvat (pora), gʻulul (xalq mulkini oʻzlashtirish, xiyonat, suisteʼmol) kabi tushunchalar bilan izohlangan va jamiyat barqarorligiga tahdid qilishi sababli qattiq qoralangan.
Islom adolat, omonat, poklik, halollik kabi tamoyillarni jamiyat hayotining asosi sifatida belgilaydi. Qurʼoni karim va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarida adolat, poklik va omonatdorlik inson hayotining asosiy mezonlari sifatida taʼkidlanadi. Poraxoʻrlik va davlat mulkini talon-toroj qilish, mansabni suisteʼmol qilish kabi ishlar qattiq qoralangan va eng ogʻir gunoh deb koʻrsatilgan. Alloh taolo mushriklarning sifatlarini sanaganda ularni “pora yeydiganlar” deb ham atagan: “Ular (imonsizlar) yolgʻon (toʻqish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) yeydiganlardir”[1].
Poraxoʻrlik va aldov yoʻli bilan oʻzlashtirilgan har qanday moddiy narsaga birovning mulkini nohaq oʻzlashtirish sifatida qaraladi. Qurʼoni karim bunday ishlardan qattiq qaytaradi: “Mol (va boylik)laringizni oʻrtangizda botil (yoʻllar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib odamlarning haqqidan bir qismini gunoh yoʻli bilan yeyish (oʻzlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!”[2]
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Men ham bir insonman. Huzurimga haq talashib, daʼvo bilan kelib turasizlar. Soʻzga ustalik qilib, nohaqlik bilan oʻzgalar haqqini oʻzlashtirib olsangiz, bilib qoʻyingki, oʻsha narsa doʻzaxning bir choʻgʻidir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Pora oluvchi va beruvchining oxiratdagi hukmi haqida Ibn Umar roziyalohu anhudan rivoyat qilingan hadis aniq tasavvur beradi: “Pora oluvchi ham, uni oluvchi ham doʻzaxiydir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda pora olgan qozilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning laʼnatiga duchor boʻlishi aytiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukm chiqarishda pora bergan va olganni laʼnatladilar”. Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyati.
Moʻmin-musulmon kishi oʻziga ishonib topshirilgan ishga masʼuliyat bilan yondashishi va uni halol-pokiza bajarishi kerak. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Biror kishini bir mansabga tayinlasak va oʻsha ish uchun unga maosh bersak, shundan keyin u (maoshidan tashqari) olgan har qanday narsa gʻulul (xalq mulkini oʻgʻirlash)dir,” deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davlat va xalqning haqqini oʻgʻirlagan, oʻziga bildirilgan ishonchga xiyonat qilgan kimsaning hisobi ogʻir boʻlishi koʻplab oyatlarda bayon qilingan. Jumladan, Haq taolo Oli Imron surasining 161-oyatida bunday degan: “Kim xiyonat qilsa, qiyomat kuni oʻsha xiyonati bilan birga (huzurimizga) kelur. Soʻngra barcha jon (egalari) Oʻz amallariga (yarasha) mukammal jazo olurlar. Ular (haqqi)ga zulm qilinmagay”.
Bu dalillardan ayon boʻladiki, korrupsiya – jamiyatni tanazzulga yetaklovchi, davlatni zaiflashtiruvchi, insonparvarlik va adolat tamoyillarini yemiruvchi oʻta xavfli illat. U iqtisodiy inqiroz, siyosiy beqarorlik, ijtimoiy adolatsizlik va maʼnaviy tanazzul kabi koʻplab ayanchli oqibatlarga olib boradi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurash har bir mamlakatda ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Mamlakatda korrupsiyani keskin qisqartirish va batamom yoʻq qilish uchun qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat idoralarida shaffoflikni kuchaytirish, maʼnaviy tarbiyani yuksaltirish va jamoatchilik nazoratini kengaytirish zarur. Bunda har bir fuqaro oʻz masʼuliyati va daxldorligini his qilishi, poklik va halollikni hayot meʼyoriga aylantirishi lozim. Shundagina jamiyatda adolat, taraqqiyot va farovonlik qaror topadi. Adolatli, korrupsiyadan xoli jamiyat millatning yorqin kelajagi kafolatidir.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






