Home / ALLOMALAR / Buyuk hofiz – Imom Abu Hanifa

Buyuk hofiz – Imom Abu Hanifa

Hech kim shubha qilmaydigan bir haqiqat bor. U ham boʻlsa shuki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh tobeinlardandir. Chunki u sahobalardan baʼzilarini koʻrgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi deb sifatlagan dastlabki uch asrning ilk davrida yashab oʻtgan. Aksar ulamolar taʼkidlaganidek, Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis roviylari, peshvolari va hofizlaridan biridir. Lekin u mashhur muhaddislar singari koʻp hadis rivoyat qilmagan. Chunki hadislarni fiqhiy jihatdan oʻrganish, ulardan hukm chiqarish va fatvo berish bilan mashgʻul boʻlgan.

Yana bir haqiqat shuki, Imom Abu Hanifa rahimahulloh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari va ularni rivoyat qilish borasida keng va chuqur bilimga ega boʻlgan. Aks holda, Alloh taoloning dini masalasida odamlarga qanday qilib fatvo berishi, fiqh bobida imomlik – peshvolik bilan sifatlanishi mumkin edi?!

Ammo bir nohaqlik borki, soxta salafiylar dunyo musulmonlarining aksariyati oʻziga imom deb biladigan, uning aqidaviy va fiqhiy mazhabi asosida toat-ibodat qiladigan ana shu buyuk Imomni obroʻsizlantirish kampaniyasini toʻxtatmayapti. U yashab oʻtgan davrdan bugungi kunga qadar uning shaʼniga aytilgan eʼtiroflar va berilgan yuksak baholarni koʻrib, koʻrmaganga, eshitib, eshitmaganga olayapti. Bunday kimsalar hanafiylar Imom Abu Hanifaning aqidaviy va fiqhiy mazhabidan voz kechib, ularning buzuq aqidasini qabul qilmaguncha va sanadi kesik mazhabiga oʻtmaguncha ularni hech qachon toʻgʻri yoʻldagi musulmon sifatida koʻrishni istamaydi.

Imom Abu Hanifa hadis bilmagan, shuning uchun undan kam sonli hadis rivoyat qilingan, deb tanqid qilayotgan kimsalar oʻqib, insofga kelsa, ajab emas, degan umidda quyida bir qancha olimlarning Imom Abu Hanifa rahimahulloh haqidagi fikrlarini taqdim qilamiz. Bu kimsalar shundan keyin ham uni obroʻsizlantirishga urinishdan toʻxtamaydigan boʻlsa, demak, ular koʻzida kamchiligi borligi tufayli musaffo kunda ham quyoshni xira koʻradigan, taʼm bilishida nuqsoni boʻlgani uchun asalni ham taxir his qiladigan odamlar boʻlib chiqadi.

  1. Abu Hanifa rahimahullohning shayxlaridan biri boʻlmish Misʼar ibn Kidom (vaf. 152/769): “Abu Hanifa bilan birga hadis oʻrgandim. U (hadis ilmida) bizdan oʻzib ketdi” [1], degan.
  2. Imom Buxoriyning shayxlaridan biri boʻlgan Yahyo ibn Main (vaf. 203/818) bunday degan: “Albatta, Qurʼon (oyatlari)da boʻlgani kabi hadisning ham nosixi va mansuxi bordir. Noʻmon (yaʼni, Abu Hanifa) oʻz yurtidagi hadislarning barchasini toʻplab chiqqan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etishlariga yaqin yillarda aytgan hadislarini teran oʻrganib, oʻshalarga amal qilgan” [2].
  3. Abdulloh ibn Dovud Xuraybiy (vaf. 213/828): “Islom ahli namozlarda Abu Hanifaning haqqiga duo qilishi vojibdir…”, degan. Soʻngra uning musulmonlar uchun sunnat va fiqhni muhofaza qilib berganini taʼkidlagan[3].
  4. Imom Termiziy (vaf. 279/892) “Sunan” asarining “Kitabul ilal” qismida: “Hadis ahlini tushunmaydigan baʼzi kimsalar ularning roviylar haqidagi fikrlarini tanqid qiladi. Vaholanki, tobeinlarning bir qator peshvolari roviylar haqida oʻz fikrini bayon qilganini koʻrganmiz”, deb yozgan. Soʻng Abu Hanifaning Jobir Joʻfiy haqidagi fikrlarini keltirgan[4].
  5. Imom Hokim (vaf. 405/1014): “Qirq toʻqqizinchi tur. Hadislari tushunib yod olish uchun toʻplab boriladigan tobeinlarning siqa – oʻta ishonchli va mashhur bilimdonlarini tanib olish haqida. Abu Hanifa ham oʻshalar jumlasidan” [5], degan.
  6. Imom Bayhaqiy (vaf. 458/1066): “Jarh va taʼdil borasida roviylarning, jumladan, Abu Hanifaning holati haqida sukut saqlashgan” [6], degan. Yaʼni, ulamolar roviylarni tavsiflar ekan, Imom Aʼzam haqida biror nojoʻya fikr bildirmagan.
  7. Imom Saraxsiy (vaf. 483/1090): “Imom Abu Hanifa rahimahulloh hadis bobida oʻz davrining eng bilimdoni edi. Ammo asosan uni zabt qilish, yaʼni eshitish, tushunish va puxta shaklda yodlab olish qoidasiga mukammal rioya qilgani uchun kam rivoyat qilgan” [7], degan.
  8. Imom Kosoniy (vaf. 587/1191): “U – Abu Hanifa rahimahulloh – hadis ilmining sarroflaridan (oʻz ishining ustalaridan) edi” [8], degan.
  9. Ibn Taymiya (vaf. 728/1328) Quyoshning Ali roziyallohu anhu uchun ortga qaytgani haqidagi hadis va Tahoviy uni sahihga chiqargani mavzusida soʻz yurita turib bunday deydi: “Bu – shundan dalolat beradiki, ulamolarning peshvolari, hatto mashhur imomlarning biri boʻlmish Abu Hanifa ham bu hadisni tasdiqlamagan. Balki inkor etgan. Abu Hanifa Tahoviy va unga oʻxshaganlarga qaraganda ilmliroq va faqihroqdir” [9].
  10. Imom Zahabiy (vaf. 748/1347): “Albatta, Imom Abu Hanifa hadisni talab qildi (oʻrgandi) va aksariyatini yod oldi… Asar (sahobalarning soʻzlari)ni talab qilishga ahamiyat qaratib, bu borada koʻplab safarlar qildi”[10], degan.
  11. Ibn Qayyim Javziya (vaf. 751/1350): “Sahobalar, tobeinlar, shuningdek, Shofeiy, Abu Hanifa, Buxoriy singari hadis imomlariga kelsak…” [11], deb, uni muhaddislar qatorida tilga olgan.
  12. Ibn Kasir (vaf. 774/1372) hadisga doir bir masala yuzasidan soʻz yuritayotib: “Mana bu kishi – Abu Hanifa, eʼtiborli imomlardan biri, u ham bu hadisning roviysini qoralagan” [12], degan. Bu bilan Imom Aʼzamning fikri ahamiyatli ekanini taʼkidlagan.
  13. Ibn Xaldun (vaf. 808/1405) bunday degan: “Uning – Abu Hanifaning – hadis ilmi borasida mujtahidlarning ulugʻlaridan boʻlganiga boshqa imomlar orasida aynan uning mazhabi hadisga suyanishi, tayanishi, (biror fikrni) qabul qilish-qilmaslikda hadisni eʼtiborga olishi dalil boʻla oladi” [13].
  14. Ibn Yusuf Solihiy (vaf. 942/1535) yana ham nazokatli qilib bunday degan: “Shuni bilginki – Alloh senga marhamat koʻrsatsin! – Imom Abu Hanifa hadis hofizlarining buyuklaridandir. Hadislarga koʻp eʼtibor qaratmaganida, ulardan fiqhni (hukm va fatvolarni) chiqarib olishga muyassar boʻla olmas edi. Fiqhni uning oʻz manbalaridan chiqarib olgan dastlabki ilm odami aynan udir” [14].
  15. Mullo Ali Qori (vaf. 1014/1605): “Abu Hanifa haqidagi yaxshi gumon shuki, u hadisi shariflarning sahihini ham, zaifini ham oʻzlashtirgan edi”[15], degan.
  16. Ajluniy (vaf. 1162/1749): “…va u – Abu Hanifa – Kitob va sunnat borasida odamlarning eng bilimdoni edi. Chunki shariat faqatgina Kitob va sunnatdan olinadi. Toʻgʻri, u boshqa imomlar singari koʻp hadis rivoyat qilmagan. Imomlik va mujtahidlikning sharti koʻp hadis rivoyat qilish emasdir. Chunki ijtihod sunnatlarni yod bilishga bogʻliq, ularni boshqalarga yetkazish va rivoyat qilishga emas” [16], degan.
  17. Muhammad Abdurashid Noʻmoniy (vaf. 1419/1998) bunday degan: “Avvalgi va bugungi imomlar Abu Hanifaning hadis bobida peshvolardan boʻlganiga shohidlik bergan. Tabaqot (roviylar tabaqasini oʻrganuvchi fan) asarlari yozgan muhaddislar, hofizlar va hadis namoyandalari oʻz asarlarida Imom Abu Hanifaning ismini hadis hofizlari tilga olib oʻtgan” [17].

Ha, Abu Hanifa chinakam hofiz boʻlgan. “Hofiz” deganda, hadis va hadis ilmi borasida koʻp ilmni egallagan, hadis va uning illatlari bobida bilganlari bilmaganlaridan koʻproq boʻlgan kishi tushuniladi. Binobarin, hofiz muhaddisdan yuqoriroq turadi[18]. Bu fikrning sunnatdan dalili Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisdir: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bizdan bir hadisni eshitib, yodlab olib, boshqasiga yetkazgan odamni Alloh yorlaqasin. Fiqhni olib yuruvchi baʼzi (kishi)lar uni oʻzidan koʻra faqihroqqa (yetkazadi) va fiqhni olib yuruvchi baʼzi (kishi)lar faqih emasdir», dedilar»[19].

Imom Abu Hanifa rahimahullohni oʻz asarlarida hofizlar qatorida sanab oʻtgan olimlar:

  1. Imom Zahabiy – “Tazkiratul huffoz”,
  2. Ibn Abdulhodiy Maqdisiy (vaf. 744/1343) – “Tabaqot ulamoil hadis”,
  3. Ibn Nosir Damashqiy (vaf. 842/1438) – “At-Tibyon li badiyʼatil bayon”,
  4. Ibn Mibrad (vaf. 909/1503) – “Tabaqotul huffoz”,
  5. Suyutiy (vaf. 911/1505) – “Tabaqotul huffoz”,
  6. Badaxshiy (vaf. 912/1506) – “Tarojimul huffoz”.

Hofiz Abdulqodir Qurashiy bunday yozadi: “Bilginki, Imom Abu Hanifaning jarh va taʼdil borasida aytgan soʻzlari maqbuldir. Bu fanning ulamolari Imom Ahmad, Buxoriy, Ibn Main va boshqa shayxlarning soʻzlarini qabul qilganidek, uning soʻzlarini ham maqbul sanagan va amalda qoʻllagan. Bu – uning shaʼni buyukligi, ilmi bepoyonligi va oʻzi ulugʻligidan dalolat” [20].

Imom Abu Hanifa rahimahulloh haqida aytilgan bu tavsiflardan ayon boʻladiki, u haqiqatan ham Imom Aʼzam – musulmonlarning eng buyuk imomi degan maqomga munosib boʻlgan. Qurʼon va hadis ilmining peshvolaridan boʻlib, asosan ijtihod va fatvo bilan shugʻullangani uchun hadis rivoyatiga alohida vaqt ajratmagani, bu esa uni buyuk hofiz sanalishiga monelik qilmasligi juda koʻp ulamolar tomonidan taʼkidlangan.

[1] Imom Zahabiy. Manoqibu Abi Hanifa, 27-bet.
[2] Alo Buxoriy. Kashful asror, 1-jild, 16-bet.
[3] Abu Bakr Xatib. Tarixu Bagʻdod, 13-jild, 344-bet.
[4] Imom Termiziy. Al-Ilal, 388-bet.
[5] Imom Hokim Naysoburiy. Maʼrifatu ulumil hadis, 240-bet.
[6] Bayhaqiy. Daloilun nubuvvat, 1-jild, 43-bet.
[7] Imom Saraxsiy. Usulul fiqh, 1-jild, 350-bet.
[8] Alouddin Kosoniy. Badoius sanoeʼ, 5-jild, 188-bet.
[9] Ibn Taymiya Harroniy. Minhojus sunna, 4-jild, 194-bet.
[10] Imom Zahabiy. Siyaru aʼlomin nubalo, 6-jild, 392-bet.
[11] Ibn Qayyim. Iʼlomul muvaqqain, 1-jild, 259-bet.
[12] Ibn Kasir. Al-Bidoya van nihoya, 6-jild, 85-bet.
[13] Muqaddimatu Ibn Xaldun, 1-jild, 455-bet.
[14] Ibn Yusuf Solihiy. Uqudul jumon, 319-bet.
[15] Mulla Ali Qori. Sharhu Musnadil Imom Abi Hanifa, 52-bet.
[16] Ajluniy. Ar-Risolatul ajluniya, 4-bet.
[17] Muhammad Abdurashid Noʻmoniy. Makonatul Imom Abi Hanifa fil hadis, 21-58-betlar.
[18] Nuriddin Itr. Manhajun naqd fi ulumil hadis, 76-bet.
[19] Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qilgan.
[20] Abdulqodir Qurashiy. Al-Javohirul muziya fi tabaqotil hanafiya, 1-jild, 30-bet.
Alouddin NEʼMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: muslim.uz

Check Also

BUYUK FAQIH ABULQOSIM DABUSIY

Islom sivilizatsiyasining yuksak maʼnaviy va ilmiy merosi qisman Markaziy Osiyodagi qishloq va shaharlarning boy tarixidan …