Home / MAQOLALAR / ENG ULUGʻ GʻOYAMIZ – JAHOLATGA QARSHI MAʼRIFAT

ENG ULUGʻ GʻOYAMIZ – JAHOLATGA QARSHI MAʼRIFAT

«Jaholatga qarshi – maʼrifat»ni qurol qilgan ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan boy maʼnaviy meros oʻziga xos najot qalʼasi, himoya qoʻrgʻoni vazifasini oʻtaydi. Shavkat Mirziyoyev

Insoniyat qadim-qadimdan buyon jaholat, bidʼat va xurofotga qarshi maʼrifat bilan kurashishga intilib keladi. Chunki unga qarshi kuch ishlatilsa, zoʻravonlik vositasida kurash olib borilsa, jaholat avvalgidan ham kuchayib ketishi mumkin.

Hozirgi turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan koʻra muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jaholat va johillikning davosi ilmdir. Ilm – hayotning qorongʻu yoʻllarini yoritib boruvchi chiroqdir. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan koʻra koʻproq foyda keltiradigan narsa yoʻq. Shuningdek, jaholatdan koʻra zararliroq narsa ham yoʻq.

Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Inson ilm orqali Parvardigorini taniydi. Dunyo va oxiratini ilm bilan obod qiladi.

Dinimiz – ilm va maʼrifat dini. Ilm talab qilishning fazilati haqida koʻplab oyat va hadislar mavjud. Qurʼoni karimda “ilm” soʻzi 814-marta zikr etilgan. Alloh taolo: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar”, deb ilm egalari ilmsizlardan afzal ekanini bayon qilgan (Zumar surasi, 9-oyat). Hadislarda ham ilm targʻib qilinib, “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deyilgan. Ali karramallohu vajhahu: “Insonlar ning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, degan.

Kishi jaholatdan qutulish maqsadida ilm talab qilishi uchun albatta yosh boʻlishi shart emas, balki qaysi yoshda boʻlishidan qatʼi nazar, ilmli boʻlishga harakat qilish kerak.

Shafiq ibn Ibrohim Balxiy rahmatullohi alayh aytadi: “Biz Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayhdan: “Nima uchun namoz oʻqib boʻlganimizdan soʻng biz bilan birga oʻtirmaysiz?” deb soʻradik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga oʻtirishga ketaman”, dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, deb hayron boʻlib soʻradik. Shunda u kishi: “Kitob oʻqiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan oʻtirib nima qilaman? Sizlar bekorchilikdan odamlarning gʻiybatini qilib oʻtirasiz”, deb javob berdi”.

Buyuk ajdodimiz Amir Temur: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir”, degan.

Ilmsizlik va jaholat – jamiyatning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun katta ofatdir. Islom dini ilm-maʼrifatga targʻib etib, olamni nurga toʻldirishidan oldingi davrni bejiz “johiliyat davri” deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon toʻkish, boy-badavlat kishilar tomonidan faqiru muhtojlarning mudom ezilishi, sudxoʻrlik, zinokorlik, butparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi johiliyat davrining eng asosiy jihatlari edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ana shunday hayot kechirayotgan insonlarning ilm-maʼrifat bilan bir ota-onadan tugʻilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishiga sabab boʻldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga oʻrnak hamda ustoz boʻladigan avlodlar yetishib chiqdi. Xususan, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam boʻlgan ulugʻ allomalar bizning faxrimizdir. Ular qaysi yoʻnalishda boʻlmasin, ilgʻor sanalgan. Hadis ilmida Imom Buxoriyning oldiga tushadigani boʻlmagan. Fihqda Burhoniddin Margʻinoniy, kalom ilmida Abu Mansur Moturidiy, tafsirda Imom Zamaxshariyga teng keladigan alloma topilmagan. Soʻz mulkida Alisher Navoiy, tibbiyotda Ibn Sino, falakiyotda Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek. Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Ming afsuslar boʻlsinki, hozirgi kunda ham ilm-maʼrifatni qoʻyib, jaholat yoʻlini tutgan kimsalar yoʻq emas. Maʼrifat dini boʻlmish islom dinidan gʻarazli maqsad yoʻlida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yoʻldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas.

Oʻzining botil gʻoyalarini targʻib qilish orqali dinni niqob qilib olayotgan turli ekstremistik va terroristik guruhlar, buzuq aqidaviy firqalar islomning sof fitratiga, tinchlik kabi aziz neʼmatiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.

Ekstremistik oqimlar islom davlati qurish, xalifalik tuzumini qayta tiklashni targʻib qilib, bunga har qanday yoʻl bilan erishishni maqsad qilib olgan. Ular: “Yagona xalifalik davlatini tiklash islomdagi muhim farz amallardan hisoblanib, musulmonlarning uch kundan ortiq xalifasiz yashashi haromdir”, deb daʼvo qiladi.

Ammo xalifalik tushunchasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ular iddao qilayotgan narsa notoʻgʻri ekani kelib chiqadi. Xalifalik bu sof islomiy tushuncha hisoblanadi. Lekin diniy kitoblarda xalifalik tushunchasiga namoz, roʻza, zakot va haj tushunchalariga oʻxshash alohida yuridik maqom berilmagan. Baʼzi toifalar uni toʻliq anglamay, xalifalik tizimini qayta tiklash haqida tinmay gapiradi.Matnning asl mohiyatini tushunishdagi bu ogʻish har doim tinchlik va barqarorlikka putur yetkazadi, ziddiyat va nizolarga olib keladi.

Safina roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Mendan soʻng xalifalik oʻttiz yil. Undan keyin podshohliklar boʻladi”, deb aytayotganlarini eshitdim”.

Ushbu hadis Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning moʻjizalaridan biri boʻlib, unda aytilgan xabar Rasulullohdan keyin oʻttiz yil davomida oʻz tasdigʻini topdi. Maʼlumki, islom ummatida toʻrt roshid xalifa boʻlgan. Ular: Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali roziyallohu anhum. Shu toʻrt xalifaning musulmonlarga rahbarlik davri oʻttiz yilga toʻgʻri keladi. Ulardan keyin xalifalik tugab, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bashorat qilganlaridek, podshohlik davri boshlandi.

Shu sababdan bugungi kunda xalifalik barpo etishni daʼvo qilayotgan kimsalarning talabi ushbu hadisga nomuvofiq boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan soʻzlarga mutlaqo ziddir.

Bu tushuncha haqidagi islomiy matnlarning asosiy haqiqati shuki, kimdaki toʻgʻrilik, adolat va layoqat komil boʻlib, davlat ishlarini oʻz zimmasiga olsa, uning nomi qanday – xalifa, sulton yo podshoh – boʻlishidan qatʼi nazar, rahbar tayinlashdan iborat boʻlgan asosiy maqsad amalga oshgan boʻladi. Bunda inson manfaatlarini himoya qilish va ularni poymol boʻlishidan saqlash asosiy vazifa hisoblanadi.

Adashgan oqimlar ilgari surayotgan jihod tushunchasiga kelsak, bu soʻz lugʻatda inson tomonidan bor imkoniyatni ishga solib harakat qilish maʼnosini anglatadi.

Shundan kelib chiqadiki, musulmon odam jihod qilmoqchi boʻlsa, oʻzining bor kuch-quvvat, aql-zakovat va moddiy imkoniyatini Alloh yoʻlida, Uning dini uchun sarflashi kerak. Alohida taʼkidlab aytish lozimki, “jihod” soʻzi lugʻatda urush maʼnosini anglatmaydi. Arab tilida
“urush” maʼnosida asosan “qitol” kalimasi ishlatiladi.

Lugʻatdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ham koʻpaygan va ular orasida dushmanga qarshi jon-jahd bilan jang qilish ham “jihod” deyilgan. Ammo ushbu oxirgi maʼno boshqalaridan ustun kelib, keyinchalik “jihod” deganda faqat “qitol” tushuniladigan boʻlib
qolgan.

Alloh taolo islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan Oʻz Paygʻambari Muhammad alayhissalomga: “Kofirlarga itoat etmang! Ularga qarshi u (Qurʼon) bilan katta jihod qiling!” deb xitob qiladi (Furqon surasi, 52-oyat).

Demak, Qurʼon bilan katta jihod qilingan. Zarracha aqli bor odam bunda urush olib borish maʼnosi yoʻqligini anglab olishi qiyin emas.

Islomda jihod urush emas, avvalo, Allohning diniga soʻz bilan daʼvat qilish maʼnosida kelgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoi nafsingga qarshi jihod qilishingdir”, deganlar.

Jihod haqidagi oyatlarning barchasini oʻrganib chiqqandan soʻng maʼlum boʻladiki, islomda jihod hukmi sharoitga qarab oʻzgarib turadi.

Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa. Ulamolar hozir talab jihodi yoʻqligiga ijmoʼ qilgan. Chunki bugungi zamonda hamma davlatlar urushmaslikka kelishgan va oʻzaro aloqa oʻrnatib, elchixonalar ochgan. Mudofaa jihodi esa dushmanlar urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun boʻladi.

Muqaddas Qurʼoni karim islomning tinchlikparvar din ekaniga yetarlicha dalil boʻlib, tinchlik uchun har qanday tashabbus yoki imkoniyatga darhol javob berishga intiladi. Alloh taolo: “Agar ular tinchlikka moyil boʻlsalar, siz ham unga moyil boʻling va Allohga tavakkul qiling! Albatta, U oʻta eshituvchi va biluvchidir”, deb marhamat qilgan (Anfol surasi, 61-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham doimo urushdan koʻra tinchlikni afzal koʻrganlar. Hozirgi kunda soxta salafiylar ergashayotgan Ibn Taymiya bu haqda: “U zotning siyratlari shunday ediki, kofirlardan kimki u zot bilan sulh tuzgan boʻlsa, u bilan urush qilmaganlar. Bu siyrat, hadis, tafsir, fiqh va boshqa kitoblarda bayon etilgan”, degan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jihod va janglari dushmanni yoʻq qilish uchun emas, balki adolatsizlikka barham berishga qaratilgan. Bu dushmanni qaytarish uchun qilingan jihod yoki qoʻshni davlatlarni ahdni buzish va chegaradagi xavfsizlikka raxna solish fikridan qaytarishga qaratilgan jihod boʻlgan.

Hozirgi kunda minglab yoshlar ilmsizligi sabab shu kabi sof islomiy tushunchalarni notoʻgʻri talqin qilayotgan oqimlarning taʼsiriga tushib, jaholat qurboniga aylanayotgani barchaga maʼlum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob oʻqishga targʻib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan boʻlib qolmoqda.

Hammamizga maʼlumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Maʼnaviyat jamiyat taraqqiyoti, millat kamoloti va shaxs barkamolligini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanadi. Chunki maʼnaviyat rivojlangandagina jamiyatda iqtisodiy va ijtimoiy – siyosiy barqarorlik vujudga keladi hamda mamlakat va millat taraqqiy etadi. Bu, oʻz navbatida, shaxs barkamolligi va rivojlanishi uchun zamin hozirlaydi.

Shunday ekan, yoshlar ongida ona Vatanimizga boʻlgan muhabbat, qadimiy boy tariximiz va ota-bobolarimizga sadoqat tuygʻusini shakllantirishimiz lozim. Shuningdek, ularning ongi va qalbida mafkuraviy, maʼnaviy immunitetni kuchaytirish bu borada muhim oʻrin tutadi. Toki yoshlar milliy oʻzligini, shu bilan birga, dunyoni chuqurroq anglaydigan, zamon bilan barobar qadam tashlaydigan insonlar boʻlib yetishsin.

Ravshan Elmurodov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

QARINDOSHLIK RISHTALARINING IJTIMOIY-MAʼNAVIY AHAMIYATI

Inson tabiatan – ijtimoiy mavjudot. U boshqalar bilan muloqotsiz, yolgʻiz holda yashay olmaydi. Inson hayotidagi …