Islom dini bagʻrikenglik, yuksak axloq va maʼrifat dini hisoblanadi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qaysi din Allohga suyukliroq?” deb soʻraldi. U zot: “Hanif va bagʻrikengi”, deb javob berdilar”.
Bagʻrikenglik islomning goʻzal odoblaridan sanaladi. Islomda tanglik yoʻq, deyilgani ham shundan. Islom yengil va insonparvar din boʻlib, odamlarni bagʻrikeng boʻlishga, oʻzaro mehr-shafqatli boʻlishga chaqiradi.
Hadisda keltiriladi: “Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning uyida bir qoʻy soʻyildi. Shunda xizmatkoriga qarab: “Yahudiy qoʻshnimizga berdingmi? Yahudiy qoʻshnimizga berdingmi? Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Jabroil menga qoʻshni borasida shunchalik koʻp nasihat qildiki, yaqinda uni menga merosxoʻr qilib qoʻysa kerak, deb oʻyladim”, deganlarini eshitganman”, dedi”. Bundan bir jamiyatda yashayotgan turli dinga mansub kishilar oʻzaro tinch-totuv va bagʻrikeng boʻlib yashashi lozim ekani koʻrinadi.
Islomda dinni majburan qabul qildirish mumkin emas. Chunki ezgulikka majburlash solih odamni tarbiya qilmaganidek, islomga majburlash ham insonni musulmon qilib qoʻymaydi.
Bu borada Qurʼoni karimda:
﴿لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ﴾
“Dinga majburlash yoʻq”[1], deb marhamat qilinadi.
Gʻayrimusulmon ham bir inson. Vaholanki, shariatda hatto hayvonga ham ozor bermaslik buyurilgan. Xaybar kuni Paygʻambarimiz alayhissalom Ali roziyallohu anhuga: “Allohning sen orqali bir odamni hidoyat qilishi senga qizil tuyalar berilishidan yaxshiroqdir”, dedilar. Bundan kelib chiqadiki, gʻayrimusulmonga ham yaxshi munosabatda boʻlish lozim. Balki Alloh shu sababli uni hidoyatga boshlar.
Zero, Alloh taolo:
﴿وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا﴾
“Darhaqiqat, Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik”[2], deb marhamat qiladi.
Oyati karimada Alloh taolo bandalariga Oʻzi ato etgan behisob neʼmatlarini eslatish bilan birga, insonning naqadar ulugʻ bir mavjudot ekanini taʼkidlamoqda.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bagʻrikenglikni faqat din bilan cheklash gina va kuduratni qoʻzgʻashi mumkin. Bu insonlar qalbida tinchlik ruhiyatining barqaror boʻlishiga xalaqit beradi. Islom insoniylik fazilatlarini keng yoyishga intiladi. Natijada, xavfsizlik va barqarorlik insonlar qalbidan joy oladi va jamiyatda tinch-totuvlik va bagʻrikenglik hukm suradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bukhari.uz






