Home / ALLOMALAR / Moturidiylik maktabi izdoshlari: Buxoroda shakllangan tafakkur

Moturidiylik maktabi izdoshlari: Buxoroda shakllangan tafakkur

Qadimdan ilm-ma’rifat markazlaridan biri bo‘lgan Buxoro bugungi kunda ham islom olamida bebaho qo‘lyozma asarlar qoldirgan buyuk allomalari, go‘zal va betakror tarixiy obidalari bilan jahon ilm ahlining e’tirofiga sazovor bo‘lib kelmoqda. Tarixda “Qubbatul islom” deya nomlangan aynan shu tabarruk zaminda Abu Hafs Kabiyr Buxoriy, Imom Buxoriy, Ibrohim Saffor Buxoriy, Nuriddin Sobuniy Buxoriy, Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy va boshqa ko‘plab islom bilimlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yashab ijod qilishgan. Bunday buyuk zotlarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida hozirda samarali ishlar olib borilmoq. Ammo hanuzgacha ilm ahliga, xalqimizga nomlari tanish bo‘lmagan, dunyo fondlarida o‘z tadqiqotchisini kutib yotgan allomalarimizning tarixiy, ilmiy merosini topish va tadqiq qilish ishlarini yanada rivojlantirish bugungi kun tadqiqotchilari oldida turgan dolzarb vazifadir.

Islom dini Movarounnahrga kirib kela boshlagan davrdan boshlab turli diniy ta’limotlar, kalom maktablari shakllana boshladi. Ular orasida Abu Hanifa (vaf. 767 y) asos solgan maktab an’analari nisbatan xalqchilligi, mahalliy xalqlar madaniyati va urf-odatlariga yaqinligi sababli kuchliroq mavqega ega bo‘ldi. Bu mazhab Movarounnahrda mahalliy boy diniy-ma’naviy an’analar asosida takomillashtirildi, boyitildi va tartibga solindi. Mazkur jarayonga Movarounnahrdan yetishib chiqqan mutakallim olimlarning bir necha avlodi o‘zlarining beqiyos hissalarini qo‘shdilar.

X asrning birinchi yarmida Movarounnahrda, ayniqsa, Samarqand va Buxoroda hanafiy ilohiyotchiligi ravnaqiga hissa qo‘shgan bir jamoa bor edi va ularning ko‘pchiligi katta mavqega ega bo‘lgan nufuzli olimlar edi . Moturidiy, Hakim Samarqandiy, aka-uka Iyodiylar, Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) shular jumlasidandir. Ular davrida yozilgan manbalar ko‘zdan kechirilganda fiqh bilan bir qatorda kalom ilmi ham kuchli mavqeni egallagan. Bu olimlarning asosiy maqsadi mu’tazila, karromiya, jahmiya va qadariya kabi adashgan oqimlar kuchayishining oldini olish va ahli sunna e’tiqod tamoyillarini mintaqada hukmron qilishdan iborat edi.

Quyida Buxoro zaminidan yetishib chiqib, fiqh va kalom ilmlari sohasida ulkan ilmiy meros qoldirgan zabardast allomalar haqida to‘xtalamiz.

Ma’lumki, Moturidiy aqidasi va uning g‘oyalari uning vafotidan so‘ng, shogirdlari va izdoshlari tomonidan keng yoyilgan. Bu o‘rinda buyuk mutakallim Abu Muin Nasafiyning xizmatlari beqiyos. Saffor Buxoriy va Nuriddin Sobuniy Nasafiydan kalom ilmini o‘rganishgan[1:101]. Manbalarda Muhammad ibn Abu Bakr Imomzoda Buxoriy nomli alloma ham Buxoroda moturidiylik ta’limotini tarqalishida hissa qo‘shgan olimlar qatorida zikr qilingan.

“Kashfuz zunun ’an asomiyil kutub val funun”, “Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya”, “Toj at-tarojim” va “Al-a’lom” kabi islom tarixiga oid asarlar va tarixchi olimlar Sh.Ziyodov, S.Oqilov, I.Daminov, A.Alloqulov va O.Muhammadiyevlarning ilmiy ishlarida ushbu allomalar ilmiy merosi va o‘sha davrdagi aqidaviy maktablar haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.

Bugungi kunda davlatimizda milliy qadriyat – din omili, diniy bag‘rikenglikning o‘rni, uning mazmun-mohiyati hamda asosiy tamoyillari, musulmon dunyosidagi aqidaviy-fiqhiy yo‘nalishlarga bag‘ishlangan turli janr va tillarda yozilgan o‘ndan ortiq tadqiqot ishlari va asarlari mazkur ishning manbalarini tashkil etadi.

Ibrohim Saffor Buxoriy o‘z davrida zamondoshlari orasida hanafiy fiqhini yaxshi bilgani uchun “faqih”, “zohid” , “ruknul islom” kabi unvonlarga sazovor bo‘lgan. Mutakallimning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosi, xususan, kalom ilmiga oid ta’limoti moturidiyya madrasasi asosida tadbiq etilgan[2:58]. Saffor Buxoriyning otasi, bobosi va katta bobolari ham hanafiy fiqh ilmi sohasida ulkan salohiyatga ega olimlardan bo‘lishgan[3:7].

Tabaqot kitoblarida Saffor Buxoriyni 460/1065 yilda Buxoroda tug‘ilganligi qayd etilgan. Uning vafoti haqida aksar manbalarda 534/1139 sana zikr qilinadi. Alloma 74 yil umr ko‘rib, rabiy’ul avval oyining 26-kunida Buxoroda vafot etgan.

Saffor Buxoriy otasi Ismoil ibn Abu Nasr (vaf.461/1069), Abu Hafs Umar ibn Mansur ibn Bazzoz (vaf.466/1074), Abu Muhammad Abdulaziz Kirmoniy, Abu Muhammad Fazl Karudiy va Abu Ya’qub Sayyoriy kabi olimlardan ta’lim olgan.

Abdulkarim Sam’oniy (vaf. 562/1166), Abu Muhomid Qavomiddin Hammod ibn Ibrohim Saffor (vaf. 576/1180), Abulmafoxir Hasan ibn Mansur O‘zgandiy Farg‘oniy (vaf. 592/1196) va Abu Abdulloh Nosiriddin O‘shiylar Saffor Buxoriyning shogirdlari bo‘lishgan.

Saffor Buxoriy kalom ilmiga oida “Talxisul adilla li qavoidi tavhid (Tavhid qoidalari haqida dalillarning qisqacha mazmuni)” va “Risola fil kalom” (Kalom ilmi haqida risola)” nomli asarlar yozib qoldirgan.

Mazkur asarlarining qo‘lyozma nusxalari hozirgi kunda Turkiya, Misr, Buyuk Britaniya, Germaniya, Bag‘dod, Madrid va Parij kitob fondlarida saqlanmoqda[4:67-71].

Saffor Buxoriyning asarlari ilm ahli tomonidan yuksak baholanib, hatto hozirgi kunda sharq va g‘arb sharqshunos, islomshunos va kalom ilmiga qiziquvchilar orasida katta obro‘-e’tiborga ega. Xususan, allomaning “Talxisul adilla” asari bir necha bor sharq va g‘arb kalomshunoslari tomonidan tadqiq etilgan. 2019-yil G‘ofur G‘ulom nashriyotida allomaning “Risola fil kalom” asari o‘zbek tiliga o‘girilib nashr etildi. Allomaning kalom ilmiga oid mazkur ikki asarinig elektron nusxasi hozirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.

Nuriddin Sobuniy ham Buxoroda moturidiylik ta’limotini keng yoyilishiga hissa qo‘shgan ulamolaridan biri bo‘lib, uning to‘liq ismi Ahmad ibn Mahmud ibn Abu Bakr, kunyasi Abu Muhammad. Ko‘pincha tabaqot kitoblarida uning ismiga “Imom” va “Nuriddin” laqablari qo‘shib aytiladi. Kalomga oid manbalarda esa uning ismini ko‘p hollarda “Nuriddin Sobuniy” deb zikr qilishgan[5:206].

Sobuniyning hayoti haqida ma’lumotlar ko‘p bo‘lmasa-da, uning boy oilaga mansub bo‘lib, sovun ishlab chiqarish hunari bilan shug‘ullanganligi sababli bu oilaga “Sobuniy” nisbasi berilganligi manbalarda yozilgan[6:19]. Sobuniy Abu Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1099 y.), Alouddin Samarqandiy (vaf. 539/1144 y.), Alouddin Usmandiy (vaf. 552/1157 y.) va Ibrohim Saffor Buxoriy Hanafiy (vaf.534/1139 y.) kabi allomalar bilan zamondosh bo‘lgan[7:120].

Nuriddin Sobuniyning asarlari ko‘pchilik olimlar ixtilofda bo‘lgan, kalomga tegishli masalalarni tushunarli, sodda tilda va yengil uslubda yozilganligi bilan ajralib turadi. Ba’zi olimlar o‘zlarining asarlarini yozishda Sobuniyning kitoblaridan naqllar, iboralar va dalillar keltirishgan[8:735-741]. Manbalarda Nuriddin Sobuniy va shayx Rashididdin o‘rtasida ilmiy munozaralar bo‘lib o‘tgani haqida ma’lumotlar mavjud. Bu shundan dalolat beradiki, Sobuniy fors tilini ham yaxshi bilgan[9:35]. Nuriddin Sobuniy kalom ilmini ustozi Abu Muin Nasafiydan uning “Tabsiratul adilla” asari asosida o‘rgangan[10:11].

Taniqli Ash’ariy olim Faxriddin Roziy Nuriddin Sobuniy bilan kalom ilmi sohasida juda ko‘p bor munozaralar olib borgan. Xususan, “Allohni ko‘rish”, “takvin va mukavvan” va “Boqiylik” masalasida Roziy va Sobuniy uzoq bahslashgani manbalarda keltirilgan. Bundan ko‘rinadiki, Roziy Sobuniyni o‘ziga munosib raqib deb e’tirof etgan va uni Abu Muin Nasafiyning shogirdi ekanini tan olgan. Hatto, unga qarata “Ey kishi! Men Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarini o‘qib, tahqiq va tadqiq borasida undan afzali yo‘q ekaniga amin bo‘ldim” degan[11:24].

Sobuniyning ilmiy ijodida moturidiylik qarashlari yetakchilik qiladi. U asarlarida turli chalkash va tortishuvli masalalarni ajoyib tushunarli tilda bayon qilgan bo‘lib, Abu Mansur Moturidiy va Abu Muin Nasafiyning qarashlarini umumiy ma’noda qabul qilib asoslashga harakat qilgan, moturidiylikning tizimli mazhab holiga kelishi uchun katta xizmat qilgan. Kalom ilmidan boshqa yo‘nalishda asar yozmagan bo‘lsa-da, kitoblarining ma’lum bir qismi ko‘p bora ko‘chirilishini hisobga olsak, Sobuniyning olimlar orasida e’tiborga ega bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi.

Nuriddin Sobuniy 1184-yil 30-may kuni (hijriy 580 yil safar oyining o‘n oltinchi kuni) asr namozidan so‘ng, olamdan o‘tgan va Buxorodagi “Yetti qozi” qabristoniga dafn etilgan [12:4].

Sobuniyning “Bidoya fi usulid din” (Boshlang‘ich din asoslari), “Kifoya fil hidoya” (Hidoya haqida muxtasar kitob) va “Al-muntaqo min ismatil anbiyo” (Gunohlardan holi bo‘lish faqat payg‘ambarlarga xos) nomli asarlari bizgacha yetib kelgan.

Sobuniyning “Kifoya fil hidoya” va “Al-muntaqo min ismatil anbiyo” asarlarinig ikkitadan qo‘lyozma nusxalari Turkiyaning “Lalale” va Saudiya Arabistonidagi “Podshoh Abdulaziz” kutubxonasidan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qo‘lyozmalar fondiga olib kelindi.

Uning asarlari bugungi kunda ham islomshunoslik yo‘nalishida kalom darslarida o‘qitilishi bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘lib, kalom ilmining barcha masalalaridan xabardor bo‘lishni istagan o‘quvchi uchun eng qulay manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Tarixda “Imomzoda” nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Abu Bakr Buxoriy hanafiylik va moturidiylik ta’limoti Buxoroda taraqqiy etishida xizmat qilgan allomalardan hisoblanadi. Alloma hijriy 491, milodiy 1098 yilda tavallud topgan[13:16].

Alloma “Imomzoda”, “Sharg‘iy”, “Jug‘iy”, “Jarg‘iy”, “Ruknul islom”, “Voiz”, “Muftiy ahli Buxoro”, “Majdud din” va “Sadiydud din” kabi laqablar bilan laqablangan. U bir muddat Buxoroda muftiylik vazifasida ham faoliyat olib borib, fiqh, kalom, tasavvuf va adabiyot ilmlarida yetuk alloma bo‘lgan[14:54].

Imomzoda Abul Fazl Zaranjariy (v.512), Abu Bakr Surxakatiy (v.518), Roziyuddin Nishopuriy (v.585) va Xoja Yusuf Hamadoniy (v.535)lardan fiqh va kalom ilmlarini o‘rgangan.

Burhonul islom Zarnujiy (v.610), Shamsul aimma Kardariy (v.642), Jamoliddin Mahbubiy Buxoriy (v.630), Ahmad ibn Abdulmalik ibn Umar ibn Abdulaziz va Sa’duddin Muhammad ibn Muhammad Avfiylar Imomzodaning shogirdlari bo‘lgan.

Imomzoda Buxoriy Mavarounnahrda Imom Moturidiydan keyin uning ta’limotini tarqatgan va rivojlanishiga hissa qo‘shgan Abul Hasan Sirojiddin Ali Farg‘oniy O‘shiy (v.575) va Nuriddin Sobuniy Buxoriy (v.580) bilan zamondosh bo‘lgan.

Abu Muin Nasafiy (v.508), Ibrohim Saffor Buxoriy (v.534), Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy (v.537), Abu Bakr Alouddin Samarqandiy (v.539), Abu Sano Mahmud Lomishiy (v.539) va Abul Fath Alouddin Usmandiy (v.552) kabi faqih va mutakallim allomalarni o‘zining shayxlari deb e’tirof etgan[14:23].

Imomzoda Buxoriy Buxoro Mo‘g‘ullar tomonidan bosib olingan dastlabki yillarda, ya’ni hijriy 573, milodiy 1177 yilda vafot etgan. Uning qabri va qaerda dafn etilgani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berilmagan.

Allomaning ilmiy merosiga oid uchta asar aniqlandi. Ular : “Shir’atul islom”, “Uqudul aqoid” va “G‘aroibul Qur’on” asarlaridir. Turkiyalik olim Rajab Jiji Imomzodaning “Shurutus solat” nomli kitobi ham borligini qayd etgan.

“Shir’atul islom” asarining qo‘lyozma nusxalari Turkiya, Saudiya Arabistoni, Falastin, Hindiston, Misr va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik” institutida saqlanmoqda.

“Uqudul aqoid” kitobi nazmiy uslubda yozilgan bo‘lib, uning qo‘lyozma nusxasi Turkiya, Misr, Saudiya Arabistoni, Suriya va Britaniya kitob fondlarida saqlanib kelmoqda. Manzumaning to‘liq nomi “Uqudul aqoid fi fununil favoid” “Foydali ilmlardagi e’tiqod marjonlari” bo‘lib, ushbu asar moturidiy aqidasi bo‘yicha yozilgan manzumalar orasida eng uzuni va yozilish tarixiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turadi. Asar 770 baytdan iborat. Manzuma muallifi yashagan davr va shu davrda Buxorodagi diniy vaziyatdan kelib chiqib, 560 hijriy 1164-1165 yillarda Sirojiddin O‘shiy (v.575)ning “Bad’ul amoliy” manzumasidan 7-8 yil oldin yozilgan degan xulosaga kelindi.

Imomzodaning ushbu asari e’tiqodiy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, sodda va tushunarli tarzda nazmiy uslubda yozilgan. Asarda ba’zi aqidada adashgan mazhablar, falsafiy mushohada qiluvchilar, dahriylar, munajjimlar, bid’atchi firqalardan bo‘lmish jahmiylar, botiniylar, jabariylar, mushabbihachilar, rofiziylar, qadariylar va mo‘taziliylarga moturidiylik ta’limoti asosida raddiyalar berilgan. Ushbu raddiyalar hozirgi kundagi aqidada adashgan ba’zi toifalarning botil da’volariga asosli raddiya bo‘ladi.

Asarning oltita elektron qo‘lyozma nusxalari hozirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.

Ilohiyot fani, ya’ni kalom ilmi turli e’tiqodiy qarashlarni tartibga soladi, har xil bashariy dinlardagi xato qarashlarni rad qilishi bilan birga ilohiy dinlar, ayniqsa, islom dinidagi ba’zi noto‘g‘ri e’tiqodiy fikr mulohazalarni muolaja qiladi.

Aqida ilmi avvalo sog‘lom, to‘g‘ri iymon-e’tiqodda bo‘lishni ta’minlaydi. Shu sababdan, No‘mon ibn Sobit Abu Hanifa aqida ilmini “Ulug‘ fiqh” deb atadilar va o‘z kitoblarini ana shunday nomladilar. Imom Moturidiyning ta’limoti ham ana shu asarga asoslangan. Bu ilmning maqsadi dinga bo‘lgan ishonchni, diniy aqidalarni qat’iy dalillar bilan isbotlash va ular to‘g‘risidagi shubhalarni rad qilishdir. Kishini aqidada taqlidchi bo‘lishdan dalil keltirish va ishonchli bo‘lish cho‘qqisiga ko‘tarishdir. To‘g‘ri yo‘lni izlovchilarga ochiq-oydin haqni bayon qilish bilan yo‘l ko‘rsatish, aksincha, bo‘yin tovlovchilarga esa, dalil va hujjatlarni isbot qilish. Din asoslarini botil e’tiqodda bo‘lganlarning shubhalaridan va adashtirishlaridan muhofaza qilish. Bu ilmning asosiy maqsadi, barcha shar’iy ilmlar kabi, ikki dunyo saodatini hosil qilishdan iboratdir. Xulosa qilib aytganda, yurtimizda hanafiylik mazhabi va moturidiylik aqidasi rivojida buxorolik allomalarning hissasi beqiyos bo‘lgan. Biz yuqorida zikr qilgan allomalarimiz ilmiy meroslari sofdil, ixlosmand xalqimiz va yoshlarimiz turli yot oqimlar ta’siriga tushib qolmasligida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda islomshunos va tadqiqotchi olimlarimiz bor kuch-g‘ayrati bilan mana shunday zabardast allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini o‘rganib, xalqimizga tanitish yo‘lida tizimli tadqiqot ishlarini olib borishmoqda.

ADABIYOTLAR

  1. Ziyodov Sh. Abu Mansur Moturidiy va uning “Kitob at-Ta’vilot” asari. :, 2009.
  2. Oqilov S. Abul Muin Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya ta’limoti. Monografiya. T.:, 2008.
  3. Muhammad ibn Abdulhay Laknaviy. Al-favoidul bahiyya fi tarojim al-hanafiyya. 1906.
  4. Evadullayev T. Ibrohim Saffor Buxoriy hayot va ilmiy merosi (Risola fil kalom).: T, 2019.
  5. Mustafo ibn Abdullo Qustantiniy Rumiy Hanafiy. Kashfuz zunun ’an asomiyil kutub val funun. Darul kutubul ilmiyya. Bayrut.1992.
  6. Bekir Topaloğlu, “Giriş”, Nureddin es-Sâbûnî, Mâturîdiyye Akâidi, trc. Bekir Topaloğlu. Dımeşk, 1979.
  7. Oqilov S. Abul Muin Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya ta’limoti. Monografiya. –T.: Muharrir, 2008.
  8. Akimkhanov A. İmâm Ebu Mansur el-Mâturîdî ve Ilmi kişiliĝi // Uluğ bir çinar – İmâm Mâturîdî. Uluslararasi Sempozyum Tebliĝler Kitabi. Istanbul. 2014.
  9. Abu Barokot Nasafiy. Al-E’timod fil e’tiqod. Maktabat al-Fotih. №-3085.
  10. Bulut M. Al-muntaqo min ’ismat al-anbiyo. Dor ibn Hazm. Bayrut. 1990.
  11. Xulayf F. Munozarotu Faxriddin Roziy fi bilodi Movarounnahr. Bayrut. Dorush sharq. 1966.
  12. Qurashiy Abdulqodir. Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya. 1/124.
  13. Ibn Qutlubg‘o. Toj at-Tarojim, Ashur afandi kutubxonasi №-244.
  14. Muhammad Usmon Do‘g‘on. Uqudul aqoid fi fununil favoid. Ammon. Dor al-Fath lid dirasa van nashr, 2018.
  15. Zirikliy Xayruddin. Al-A’lom. Bayrut. Dorul ilm lil malayin, J.VI. 1998.

Toхir EVADULLAYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

MOTURIDIYLIK HAQIQATI: Paygʻambar yuborish hikmati

OBIDJON XURSANDOV – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Tas-ix: