Rasululloh vido hajin ado etar chogʻida
Butun ummat yakdil boʻlib Arafotda edilar.
Shunda Alloh Habibiga yana vahiy yubordi,
Nabiyyulloh bosh koʻtarib, xaloyiqqa dedilar:
Rabbim aytdi: «Diningizni bugun qildim mukammal,
Neʼmatimni sizlar uchun etdim tugal, batamom.
Va sizlarga din oʻlaroq Islomga rozi boʻldim»,
Bu oyatni eshitarkan, ummat boʻldi shod-xurram.
Biroq baʼzi sahobalar koʻzlariga yosh qalqdi,
“Nechun bunday mahzundirsiz?” – boʻldi ularga savol,
Oh tortdilar gʻamgin boʻlib, boshlar mungli egildi,
“Har nimaki kamol topsa, unda boshlanar zavol!”
Koʻp oʻtmadi, zoti pokni oldi xastalik qamrab,
Isitmalab, oʻz tanlarin toʻshak ichra oldilar,
Dunyo suvi bosolmasdi haroratni, tan xorgʻin,
Hatto masjid namoziga chiqa olmay qoldilar.
Amr etdilar: «Ayting borib, Rasul doʻsti Siddiqqa,
Imom boʻlib, odamlarga namoz qoim aylasin».
Javob boʻldi: «Abu Bakr koʻngli yumshoq, munglidir,
Mehrobda u oʻrningizga turolmasa naylasin?».
Takror boʻldi ushbu amr shu alfozda bir ikki,
Dedi Oisha: “Siddiq bunga qila olmas hech toqat”.
Bas, aytdilar Rasululloh mutlaq keskir ohangda,
“Borib ayting! Bu maqomga udir munosib faqat!”
Shu alfozda bir necha kun Siddiq imom boʻldilar,
Nabiyulloh hujrasida mudom erdilar bemor.
Dushanba kun tongi erdi, qavm namozga muntazir,
Habibulloh oʻz tanida topgandek erdi mador.
Dar pardani koʻtardilar, qavmga qildilar nazar,
Asʼhob bundan ogoh boʻldi, behad xurram, shod boʻldi.
Abu Bakr joy boʻshatmoq boʻlib tisarildi ham,
Imladilar Nabiy: “Jilma”, dillari obod boʻldi.
Dar pardani tushirdilar, ortga bosdilar qadam,
Ummat dardi qalbda erdi, yuzlari mungli hazin.
Ey voh! Bu dam Rasul umri yetgandi intihoga,
Ostonada Malakul mavt soʻrab turgandi izn.
Ey Habibim, qalb suyugi, dil bogʻining bahori,
Ey buyuk Zot, huzuriga malak izn soʻragan.
Ey hidoyat toji uzra yagona nur, shoh marjon.
Ey umrining soʻnggigacha “ummatim” deb yigʻlagan
Izn boʻldi siz tarafdan, Malakul mavt kirdilar,
Tottirildi sharobi mavt siz Habibi Xudoga.
Dillarimiz asir etgan, olamni rom qilgan zot,
Toabadlik safar qildi ul Rafiqi aʼloga.
Bu bir motam, oʻxshashini olam sira koʻrmagan,
Bu oʻlimdan osmonu yer aloqasi uzildi.
Hech bir Rasul yoki Nabiy vafotida boʻlmagan,
Anbiyolar silsilasin shodalari buzildi.
Rabbim! Oʻzing bu ummatni hidoyatga yoʻllagin,
Razolatu bidʼatlarni qilma bizga betma-bet.
Mahshar chogʻi aql shoshgan, oyoq toygan mahalda,
Suyukliging Mustafoning shafoatin nasib et.
Usmonxon Muhammadiyev
(Muharrir Husaynxon Yahyo)