Alouddin Samarqandiyning “Sharh at-Taʼvilot” asari Qurʼoni karim tafsiri hamda moturidiy taʼlimotini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Alloma ushbu sharhni yozishida Abul Muʼin Nasafiyning xizmati nihoyatda katta boʻlgan. Chunki Alouddin Samarqandiyning oʻzi Nasafiy bilan Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini birga mutolaa qilgani, lozim deb topgan joylarga sharh yozib, ilova qilib borgani va keyinchalik ularni alohida kitob holiga keltirganini taʼkidlaydi. U oʻz asarida Moturidiyning soʻzlarini sharhlash bilan bir qatorda oʻz fikrini ham bayon etgan. Olim oʻz tafsirida Muhammad sollallohu alayhi vasallam hadislari, sahobiy va tobeinlar soʻzlarini jamlash bilan bir qatorda aqidaviy va fiqhiy masalalarni yechishda hanafiylik anʼanalariga asoslangan fikrlarni ham keltiradi.
“Sharh at-Taʼvilot” asarini oʻqigan kishi muallifning kalom ilmi boʻyicha ham yuksak maqomga yetganini bilish mumkin. Olim aqidaviy masalalar boʻyicha qarashlarida Imom Moturidiy izidan borgan. Shuningdek, u Qurʼonni sharhlash uslubida ham Imom Moturidiydan taʼsirlangan. Yuqorida aytilganidek, Moturidiy Qurʼonni sharhlashda oʻziga xos yoʻl yaratib, asosan, oyatlarni sharhlashda tahliliy fikr yuritishga asoslanadi.
Alouddin Samarqandiy tafsirining kirish qismida Imom Moturidiy asarini yuqori baholab, uning baʼzi tushunish qiyin boʻlgan joylarini yengillashtirish maqsadida sharh yozganini maʼlum qilgan.
Alouddin Samarqandiy asar muqaddimasida uni Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Quʼron” asari sharhi ekanini taʼkidlab oʻtadi [5:2a]. Kitobning baʼzi nusxalari soʻngida asar nomi “Sharh at-Taʼvilot” ekani [8], bir qismida esa asarga shaxsan bu nomni Samarqandiyning oʻzi bergani koʻrsatiladi [9:879]. Shuningdek, Samarqandiyning hayoti va asarlari haqida maʼlumot bergan biografik asarlarda ham bu kitob nomi “Sharh at-Taʼvilot nomi ostida zikr qilinadi [14].
Bir qancha olimlar oʻz asarlarida Samarqandiyning bu kitobidan naql qilar ekan “Sharh at-Taʼvilot” nomi bilan naql qilgan. Bunga Abul Barakot Nasafiyning (vaf.710/1310) “Madorik at-Tanzil”, Alouddin Buxoriyning (vaf.730/1330) “Kashf al-asror sharh usul al-Pazdaviy”, Shihobuddin al-Hofajiyning (vaf.1069/1659) “Tafsir al-Bayzoviy”ga yozgan hoshiyasi, mashhur hanafiy faqihi Ibn Obidinning (vaf.1252/1836) “Radd al-muhtor ala Durr al-muxtar” asarlarini misol qilib koʻrsatish mumkin.
“Sharh at-Taʼvilot” muqaddimasida kitobning Alouddin Samarqandiyga oid ekani aniq ifoda qilingan. Chunki hamd va sanodan soʻng asar shunday boshlanadi:
“Imom Moturidiyga mansub “Taʼvilot al-Qurʼon” kitobi qadr-qimmatli, foydasi koʻp boʻlib, unda ahli sunna val-jamoa tavhid (aqida) ilmida hamda Abu Hanifa va uning izdoshlari usulul fiqh, furuʼul fiqh ilmida Qurʼon karimga muvofiq ekani bayon qilingan. Lekin bu kitob uning “Kitob at-tavhid”, “Al-Maqolot”, “Maoxiz ash-sharoiʼ” va boshqa asarlari kabi oʻzi tasnif etgan kitoblardan boʻlmay, balki yetuk shogirdlari undan (ogʻizma-ogʻiz) olgan (va yozgan). Shuning uchun asar matni ancha yengil kitobdir. Shu bilan birga, bu asar soʻzlar va maʼnolarning tushunilishi qiyin oʻrinlardan xoli emas. Uni tushunishdan ilmda manaman degan insonlar ham ojiz qoladi. Lekin umrini aqida, fiqh asoslari, kalom ilmi va til sir-sinoatlarini oʻrganishga sarflaganlar uni hosil qiladi. Biz ushbu kitobdan usul va furuʼ ilmlarida zamonasida tengi yoʻq Abul Muin Nasafiydan taʼlim olishga muyassar boʻldik. U kishi kitobni sharhlashga kirishar ekan, chigal joylarni tushuntirib, mutlaqo tushunish qiyin boʻlgan qismlarini tafsir qilib, kitobga mos foydalarni ziyoda qildi. Shunda men ushbu foydalar qolib ketishini istamadim. Allohga istixora qilib, undan tushunarli oson soʻzlar bilan sharh yozishni soʻrab Yaratganga duo qildim” [7:16].
Mazkur muqaddimada aytilganidek, Samarqandiy “Taʼvilot al-Qurʼon”ni ustozi Abul Muin Nasafiy (vaf.508/1114) huzurida oʻrgangan. Uning ushbu soʻzlaridan bilish mumkinki, ustozi Nasafiy “Taʼvilot al-Qurʼon”ga qilgan sharhini ogʻzaki tarzda talabalarga oʻqitgan. U ustozini bu asarga qilgan qoʻshimcha va izohlarini tasnif qilib, mubham boʻlgan qismlarini izohlab va oʻzi ham baʼzi joylarida maʼlumotlar qoʻshib “Sharh at-Taʼvilot” nomli kitobini yozadi. Samarqandiy bu asarini har qancha ustozidan oʻqigan boʻlsa ham oʻziga nisbat berilishining sababi kitob iborasi, uslubi va tartibida qilgan asl oʻzgarishlar hamda oʻzi ham qoʻshgan iboralardir.
Bu maʼlumot Nasafiyning Qurʼonni toʻliq sharhlamasdan, balki tushunilishi qiyin boʻlgan oʻrinlariga eʼtibor berganini koʻrsatadi.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, Nasafiyning Qurʼon toʻliq sharhlangan alohida asari haqida maʼlumot mavjud boʻlmasa-da, “Tabsirat al-adilla” asarida uning koʻplab oyatlarga sharhlari mavjud. Bu Abul Muin Nasafiyning Qurʼon sharhida bu davrdagi oʻrnini belgilab beradi.
“Sharh at-Taʼvilot” asarining barcha qoʻlyozma nusxalarida uni Alouddin Samarqandiyga nisbat berilgan. Shuningdek, asar bir nusxada ham Alouddinga ham Moturidiyga birgalikda nisbat berilib [9:879], bu bilan “Taʼvilot al-Qurʼon” asari Moturidiyga, uning sharhi esa Samarqandiyga tegishli ekani aytilgan.
Ibn al-Adim (vaf.660/1262), nemis sharqshunosi Brokkelman va Ali Rizo Karabulut kabi biografik asar mualliflari ham “Sharh at-Taʼvilot” asarini Alouddin Samarqandiyga nisbat beradi [15]. Baʼzilar tomonidan kitobni Alouddin Usmandiyga nisbat berish esa xato boʻlib, muallifning ismi mavzusida chalkashlik ikki ismni oʻxshashligi tufayli yuz bergan.
“Sharh al-Taʼvilot”ning asosiy manbasi Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari boʻlib, u Abul Muin Nasafiyning talabasi Samarqandiyga tafsiran bergan taʼlimi asosida shakllangan.
Tadqiqot davomida maʼlum boʻlishicha, Samarqandiy oyatlarni sharhlashda, umuman olganda, Moturidiy uslubidan foydalangan. Shu bilan birga, “Sharh at-Taʼvilot”ning koʻzga koʻringan baʼzi jihatlari ham mavjud.
“Sharh at-Taʼvilot”, “Fotiha” surasidan “Nas” surasigacha musʼhaf tartibiga uygʻun tartiblangan eng buyuk tafsirlardan biri hisoblanadi. Alouddin Samarqandiy oʻz asarining boshlanishida Qurʼoni karimni ray bilan tafsir qilishni hukmi hamda “tafsir” va “taʼvil” oʻrtasidagi farqni tushuntirib, “Fotiha” surasining tafsiridan boshlagan.
Samarqandiy Moturidiy amal qilgan metodni xuddi shu tarzda davom ettirgan. Oyat tafsirini boshlar ekan “تعالىوقوله” [Va qovluhu taʼala] deya boshlaydi. Soʻng tafsir qilgan oyatiga doir farqli qarashlarni keltiradi.
Baʼzan Moturidiy keltirgan qarashlarni sharhlab, baʼzan tanqid qilib eng oxirida bir qarashni tanlaydi va unga amal qiladi. Samarqandiy “Tuhfat al-Fuqaho” asarini Quduriyning lafzlari bilan oʻz lafzlarini qoʻshib, oʻziga xos uslubda yozgan. “Sharh at-Taʼvilot”da ham muallif xuddi shu uslubni davom ettirib, matn va sharh bir joyda boʻlgan bir-biriga bogʻlangan asar yozgan. Shu tufayli “Sharh at-Taʼvilot” bir matn va sharh shaklida ikki asar emas, balki yagona kitob hisoblanadi.
Samarqandiy bir oyatni tafsir qilar ekan, odatda, Qurʼonni Qurʼon bilan tafsir qilish usuliga amal qiladi. Chunki bir oyatning tafsirida unga oid boʻlgan barcha oyatlarni zikr qiladi, oyat bilan bogʻliq jihatlarini aytadi va bir xulosaga keladi. Lekin Samarqandiy bu bilan kifoyalanmasdan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam rivoyat qilgan hadislar, sahobiy va tobeinlar soʻzlariga ham murojaat qiladi. Bunga amal qilar ekan, odatda, hadisni lafzi bilan emas, maʼnosi bilan rivoyat yoʻlini tanlagani va bir oyatni tafsir qilishda foydalangan rivoyatlar sahih darajasiga qarab bir-biridan ajratmagani tanqid qilingan. Biroq Samarqandiy sababi nuzul rivoyatlari bilan qoʻshganda tafsirida juda oz rivoyatga joy bergan. Rivoyatlarni juda oz keltirishining sababi esa, bu tafsirning, avvalo, ray uslubidagi tafsir ekanligidir. “Sharh at-Taʼvilot” asari har qancha koʻp qirrali tafsir boʻlsa ham Moturidiy taʼlimotining kalomga doir qarashlari va dalillarini zikr qilishga ahamiyat beradi. Samarqandiy bu asarida muʼtaziliy va boshqa mazhablar qarashiga oid fikrlarga ham oʻrin beradi.
Samarqandiy asarining Moturidiy asaridan ajratib turgan xususiyatlari ham mavjud. Masalan, Samarqandiy Moturidiyning Ashaʼriy kabi aqidaviy mazhabning zikr qilinmagan qarashlarini naql qiladi. Shuningdek, Samarqandiy Moturidiyning zamonamizgacha yetib kelgan atama sifatida ishlatmagan “ahli sunnat val jamoat” kabi baʼzi kalomiy tushunchalarni ham ishlatganini koʻramiz. Chunki “ahli sunna val jamoa” tushunchasining ishlatilishi Moturidiy yashagan asrdan keyin keng tarqala boshladi [18:27].
“Sharh at-Taʼvilot” oʻz ichiga koʻplab boshqa ilmlarni qamrab oladi. Bularga lugʻat ilmi, nahv, sarf, eʼrob, balogʻat, bayon, badiʼ va sheʼr kabi ilmlarni koʻrsatish mumkin. Ularning barchasiga qoʻshimcha sifatida amal bilan oyatlarning maʼnosi oʻzgargan qiroat farqlariga va usul bilan furuʼga doir masalalarga ham murojaat qiladi.
Mazkur asarning muhimligi shundaki, u “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining qoʻlyozma nusxalarida tushunish qiyin boʻlgan soʻzlarni toʻgʻri oʻqish uchun ham asos boʻlib xizmat qiladi. Hatto “Taʼvilot al-Qurʼon”ning nusxalarida xato boʻlgan iboralar uning “Sharh at-Taʼvilot”i orqali tushuniladi [19].
Misol uchun, “Zumar” surasi 50-oyati tafsirida “Taʼvilot al-Qurʼon”ning biror nusxasida uchramagan jumlalar “Sharh at-Taʼvilot”ning “Valiyiddin” nusxasida uchraydi va shunda maʼno toʻliq boʻladi [10:661a]. Unda bunday deyilgan:
“Bu jumla ikki maʼnoni ehtimol qiladi. Birinchisi, ularning “bizga bu Allohning huzuridagi bizning hurmat va fazilatimiz tufayli berildi degan gaplari”. Ikkinchisi, “bu narsa bizdagi amal va kasblar tufayli berildi” degan gaplari. Alloh taolo ularning bu gaplari ularga azob tushgan paytda Allohning azobini qaytarishga asqatmaganining xabarini berdi. Vallohu aʼlam”.
Mazkur iqtibosdagi “ularning “bizga bu Allohning huzuridagi bizning hurmat va fazilatimiz tufayli berildi degan gaplari”. Ikkinchisi,” degan joygacha asl matnlarda uchramaydi. Uni “Sharh at-Taʼvilot” orqali toʻgʻri tushunish mumkin.
Shuningdek, mazkur suraning 61-oyatida ham xuddi shunday holat kuzatiladi.
“Alloh taqvo qilganlarga yutuqlari tufayli najot berur. Ularga yomonlik yetmas va ular xafa ham boʻlmas”. Oyatdagi “yutuqlari tufayli” jumlasi ikki maʼnoda boʻladi. Birinchisi, “yutuqlari tufayli”, yaʼni oʻzlarining tengqurlariga nisbatan oʻzib ketishga sabab boʻlgan amallar va sabablar tufayli. Ikkinchisi, “yutuqlari tufayli”, yaʼni halokatlarni ustidan gʻolib boʻlganlar”. Barcha taʼvilot nusxalarida ikkinchi maʼno aytilmagan, bu esa uning sharhida koʻrsatilgan [10:662a].
Shu oʻrinda “Sharh at-taʼvilot” asari nusxalari oʻrtasida farq bor ekanini alohida taʼkidlash lozim. Jumladan, Sulaymoniya kutubxonasi, Hamidiya fondidagi 176-raqamli qoʻlyozma nusxasi haqida “Taʼvilot al-Qurʼon” tahqiqiga masʼul boʻlgan Bakr Topalogʻlu mazkur nusxa “Kahf” surasidan keyin “Taʼvilot al-Qurʼon” matnining oʻzi boʻlib, sharh yoki taʼliq mavjud emasligini taʼkidlaydi [18:33]. Topalogʻluning bu mulohazalari oʻrinlidir. Shuningdek, Turkiyaning Boyazid kutubxonasi, Valiyiddin fondida 426-raqam ostida saqlanayotgan nusxada “Mujodala” surasi 1-oyati taʼvilida quyidagi ibora ziyoda qilingan:
“Islom dini kelgach, Alloh taolo zihorga uning oʻz hukmini, iyloga uning oʻz hukmini belgilab berdi” [21]. Zuhriy: “Johiliyat ahlining talogʻi zihor edi”, degan” [10:201b].
Aynan ushbu ziyodalik Sulaymoniya kutubxonasi, Hamidiya fondida saqlanayotgan 176-raqamli qoʻlyozma hamda Turkiyaning Jorulloh kutubxonasida saqlanayotgan 51-raqamli qoʻlyozma nusxalarida uchramaydi.
“Sharh at-Taʼvilot” bilan “Taʼvilot al-Qurʼon”ni solishtirganimizda “Sharh at-Taʼvilot” soʻzlarining oson va tushunarli ekanini koʻramiz. Shorih koʻpincha Moturidiyning mavhum va mujmal jumlalariga oydinlik kiritadi. Jumladan, “Zumar” surasining 63-oyati taʼvilida “Taʼvilot al-Qurʼon” nusxalarida mavhum boʻlgan oʻringa “Sharh at-Taʼvilot”da oydinlik kiritilgan. Unda “Kim dunyodan oxirat uchun safarlik olsa va uni oxiratga yetarli qilsa, “foyda koʻruvchi” deb nomlanadi, kim dunyoda safarlik va yetarli narsa olmasa zarar koʻruvchi deb nomlanadi”, deyilgan [6:662b]. Taʼvilot nusxalarida esa: “foyda koʻruvchi” deb nomlanadi, kim dunyoda safarlik va yetarli narsa olmasa”, degan qismi uchramaydi.
Samarqandiy “Sharh at-Taʼvilot” muqaddimasida ham “Taʼvilot al-Qurʼon”ning baʼzi iboralari qiyin ekanini, ularni tushunish uchun esa, usulu tavhid, usulu fiqh va lugʻat ilmlarini yaxshi bilish kerakligini taʼkidlab oʻtadi. Ushbu sabablar tufayli Samarqandiy bu asarni har kim tushunishi uchun tili oson, keraksiz joylarda soʻzlarni sarflamasdan qisqa va muxtasar bir sharh yozgan [5:2a].
Alloma Alouddin “Sharh at-Taʼvilot”da oʻzi uchun belgilab olgan qoida va prinsiplariga amal qilgan. Masalan, Moturidiy baʼzida masalani zikr qilmasdan yechimini berib ketadi yoki bir savolni zikr qilmasdan javobini qisqacha aytib ketadi. Samarqandiy esa bunday joylarda zikr qilinmagan masalaga oydinlik kiritib, qisqacha javob berilgan matnlarni tushunarli uslubda izohlagan.
Shunday qilib, Samarqandiy asarni sharh qilar ekan, “Taʼvilot al-Qurʼon” matniga qatʼiy bogʻliq boʻlib qolmagan, joyi kelganda naqllarda oʻzgarishlar kiritgan va baʼzan oʻzining sharhi bilan matnni toʻldirgan. Samarqandiy bu usuldan asarining barcha qismida amal qilishga harakat qilgan.
Alloma Samarqandiy bir naqlni boshlar ekan, “قال” (aytadi) deb boshlagan, bu naqlni qayerda tugatganini belgilamagan va matnning ichida aks etgan oʻz sharhlarini ham izohlamagan. Shuningdek, koʻpgina qarashlarni “قيل” (aytiladi) yoki “قال بعضهم” (ularning baʼzilari aytadilar) shaklida ifodalagan, ammo bu qarashlarning kimlarga oid ekanini aytib oʻtmagan. Aslida tanqid qilingan jihatlarning barchasi Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari uchun ham aytilgan.
Shuningdek, u Qurʼonni sharhlashda avval suraning Makkada yoki Madinada nozil boʻlganini aytishi bilan bir qatorda, agar oyatning baʼzi qismi Makkada boshqasi Madinada nozil qilingan boʻlsa, ajratib koʻrsatib oʻtadi. Masalan, “Baqara” surasi Madinada nozil boʻlgan. Faqat “واتتقوا يوما…” (281-) oyati arafa kuni Minoda (Makkada) nozil boʻlgan [7:15a].
Shundan keyin esa oyatlarning sonini zikr etadi. Misol uchun Baqara surasi sharhida: “Baqara” surasi oyatlari 286 ta” [7:15a] deydi.
Shuningdek, u oʻzidan oldingi mufassirlar soʻzlari va ularning bildirgan turlicha fikrlaridan bir nechtasini keltiradi.
Shuni aytish joizki, Alouddin Samarqandiy Imom Moturidiyning tafsiri matnini toʻliq keltirib, soʻng sharh bermay, balki uning tafsiridan keng foydalanib, oyatlarga bergan koʻplab sharhlaridan keltiradi.
Tafsirga diqqat bilan nazar solinsa, Alouddin Samarqandiy Imom Moturidiy tafsirini sharhlashda asosan, uch xil yoʻnalishga asoslanadi:
Birinchisi, Imom Moturidiy fikrlarini yanada quvvatlantirishga harakat qilishi. Bunda Alouddin Samarqandiy Moturidiyning chuqur tahlillarini yanada koʻproq izohlaydi.
Ikkinchisi, Imom Moturidiy tafsirida umumiy maʼno berilgan hamda qisqacha soʻz yuritish bilan cheklangan oʻrinlarga ham ahamiyat qaratib, ularni oʻz tahlillari bilan boyitadi.
Masalan, “فلا تجعلوا لله أندادا” “Allohga birovni teng qilmanglar” (Baqara surasi, 22-oyat) oyati sharhida Moturidiy أندادا (birligi ند) soʻzini sharhlab, “yaʼni unga teng qilish, ibodatda shakllarni iloh qilib olish, bularning maʼnosi bir xildir” [20:401], deydi.
Alouddin Samarqandiy bu maʼnoni bergach, yana shunday sharh beradi:
“ند soʻzi baʼzan, unga biror shaklni barobar qilish maʼnosida kelsa, baʼzan, narsaning ziddi maʼnosida ham keladi. Bu ikki xil maʼnoni berishi mumkin. Birinchisi, Allohdan boshqani iloh deb nomlamaslik va shakl qilib olmaslik. Ikkinchisi, ibodat qilishda haqli deb, boshqa narsani uning shakli demaslik [7:40a].
Uchinchisi, baʼzan oyat sharhi boʻyicha Alouddin Samarqandiy, Imom Moturidiy fikrlariga toʻliq qoʻshilmasligi va uni aniqlashtirishidir.
Masalan, “والذين يؤمنون بما أنزل إليك” “Sizga nozil qilingan narsalarga imon keltiradigan zotlar” [11] oyatida Imom Moturidiyning “Ikki xil maʼnoni berishi mumkin: birinchisi, Qurʼondan nozil qilganlari, ikkinchisi, Qurʼoni karimda kelmagan shariat qoidalari va hukmlar” [20:374] deb aytgan sharhini keltiradi. Soʻng bu fikrlarni yana ham aniqlashtirib, shunday deydi: “Oyatning maʼnosi, Allohning bu oyatdagi murodi Qurʼon va sunnada nozil qilgan barcha vahiysidir, chunki bularning hammasi Alloh tomonidan nozil qilingan vahiydir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy ikki xil boʻlgan:
Birinchisi, tilovat qilingan.
Ikkinchisi, tilovat qilinmagan (yaʼni maʼnosi nozil qilingan). Bularning hammasi Jabroil (a.s.), farishtalar olib kelgan yoki qalbiga ilhomlantirilgan vahiylardir.
Alloh taolo Qurʼon karimda: “(Muhammad) havoyi nafsidan gapirmaydi, u vahiydir” (Najm surasi, 3-oyat), degan [7:21a].
Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Alouddin Samarqandiy tafsiri boshqa mufassirlar tafsiridan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi:
– Qurʼonni oyatlar va oyat boʻyicha kelgan rivoyatlarni tahliliy sharhlashga harakat qiladi.
– Hadislar, sahobiy va tobeinlar rivoyatidan juda kam hollarda keltiradi.
– Alouddin Samarqandiy tafsirida qiroat, lugʻaviy manbalarni zikr etmaydi.
Shunday qilib, Alouddin Samarqandiy oʻz davridagi Qurʼon sharhi va kalom ilmi boʻyicha vujudga kelgan muammolarni Imom Moturidiy uslubi asosida hal qilishga harakat qilgan. Shuningdek, uning tafsirini yangi sharhlar bilan boyitgan va shu yoʻl bilan hanafiy mazhabini himoya qilgan.
Maʼlumki, Moturidiy va uning maktabi namoyandalari aqidaviy masalalarni yechishda oʻz davrining yangicha uslubini kiritgan va Movarounnahrdagi kalom ilmi rivojiga muhim hissa qoʻshgan [13]. Uning davriga qadar aqida va kalom masalalariga anʼanaviy ruhda yondashilgan, eʼtiqod masalalariga keng sharh berilmagan. Imom Abu Hanifa (r.a.)ning “Al-Fiqh al-akbar” asari ushbu soha boʻyicha olimlar asoslanadigan asar boʻlib kelgan. Chunki unda aqidaviy masalalar sunniylik asosida talqin qilingan. Bu esa, oʻz navbatida, Movarounnahr olimlarining IX asrgacha aqidaviy masalalarga chuqur kirishmaganini koʻrsatadi.
Imom Moturidiy va Alouddin Samarqandiy tafsirlarida oʻz davridagi mavjud oqimlarga ilmiy raddiya berilgan, aqidaviy masalalarga doir oyatlarga esa sunniylik yoʻnalishiga mos tarzda yechim keltirilgan. Shu jihatdan olib qaraganda ham, Abu Mansur Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari va Alouddin Samarqandiy asarlari tafsirshunoslikning hanafiylik yoʻnalishi boʻyicha nodir manbalardan hisoblanadi.
Maʼlumki, bir kitobning ahamiyati boshqa kitoblarga manba boʻlib xizmat qilishi yoki manba boʻlmasligi bilan farq qiladi. “Sharh at-Taʼvilot” asaridan ham koʻplab mualliflar oʻz kitobida manba sifatida foydalangan. Jumladan, Abul Barakot Nasafiyning (vaf.710/1310) “Madorik at-Tanzil”i [2], Alouddin Buxoriyning (vaf.730/1330), “Kashf al-Asror sharh usul al-Pazdaviy”si, Husomuddin Sigʻnoqiyning (vaf.710/1310) “Al-Kofi sharh Usul al-Pazdaviy”si, Badriddin Ayniyning (vaf.855/1451) “Al-Binoya Sharh al-Hidoya”si, Shihobiddin al-Hafojining (vaf.1 069/1658) “Tafsir al-Bayzoviy”ga qilgan hoshiyasi [22:360], mashhur hanafiy faqihi Ibn Obidinning (vaf.1252/1836) “Radd al-muxtor ala Durr al-muxtar”i va boshqa koʻplab asarlarni misol qilib koʻrsatish mumkin.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, “Sharh at-Taʼvilot” asarida asosiy matn hisoblanmish “Taʼvilot al-Qurʼon” matni va uning sharhi ajratilmagan boʻlib, asarni mutolaa qilganda, uning matnmi yoki sharh ekani maʼlum boʻlmaydi. Shuning uchun baʼzi olimlar oʻz asarlarida naqllarni “Sharh at-Taʼvilot” asariga nisbat beradi. Lekin aslida bu maʼlumot “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida keltirilgan. Jumladan, Abul Barakot Nasafiy oʻzining “Al-Iʼtimod fil iʼtiqod” asarining “Yaxshiliklar yomonliklarni oʻchiradi” degan faslida [1:427] dalil oʻlaroq: “Alloh taolo bu oyatni ular har qachon ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilarida sergak, ehtiyot va har vaqt u zotni eʼzozlaydigan boʻlishlari uchun zikr qildi. Natijada, ulardan hech bir vaqtda unutish va gʻaflat uzra u zot alayhissalomni yengil – past sanash holati yuzaga chiqib, amallarini habata qilib yubormasligi uchundir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan bunday ish qilish oʻz egasini kofir qiladi, u uzrli boʻlmaydi, garchi qilgan ishi unutish va gʻaflatga koʻra boʻlsa ham. Sababi, bu insonda (bu ishni qilishdan) saqlanish va ehtiyot boʻlish qudrati bor. Garchi ular oʻzaro atayin va qasddan qilmagan ishlarida uzrli boʻlsalar ham” degan jumla keltiradi. Lekin aslida bu maʼlumot “Taʼvilot al-Qurʼon” asarida keltirilgan boʻlib, uning “Sharh at-Taʼvilot”ida oʻzgartirilmagan holda zikr qilingan [16:324].
Baʼzi manbalarda esa “Abu Mansur Moturidiyning “Sharh at-Taʼvilot” asarida…” [13:283] degan jumlalar uchraydi. Alloma Bayoziy “Kalom sifati bayoni”da “yoki hijob ortidan (soʻzlaydi)” oyati tafsiriga “Sharh at-Taʼvilot Moturidiya” asaridan dalil keltirib shunday deydi: “Misol uchun, Muso alayhissalomga soʻzlagani kabi. Alloh taolo uning qulogʻiga Oʻzi xohlaganidek yaratilgan ovozni tashlaydi” [12:152].
Abul Barakot Nasafiyning “Madorik at-Tanzil” asarida ham xuddi shu holatni kuzatish mumkin. Aslida Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asaridagi soʻzlar [16:275] uning sharhiga nisbat berilgan [3:327].
Alouddin Samarqandiy “Baqara” surasi 43-oyati: “Namozni toʻkis ado qiling, zakot bering va ruku qiluvchilar bilan ruku qiling” tafsirida jamoat bilan namoz oʻqish vojib ekanini taʼkidlagan [7:73]. Imom Moturidiy ham “Taʼvilot”ida ushbu oyatda jamoat namozida ishtirok etishga amr qilinayotganini aytadi [17:4].
Alouddin Samarqandiy xuddi shu fikrga oʻxshash maʼlumotni “Tuhfat al-fuqaho”da ham keltirgan. Jumladan, u bomdod namozining ikki rakat sunnatini oʻqigan inson agar farzga ulgurmasa sunnatni oʻqimasligini, chunki namozni jamoat bilan oʻqish sunnati muakkada yoki vojib maʼnosida ekanini keltirgan [4:198].
Xulosa qilib aytganda, “Sharh at-Taʼvilot” asarida asosiy matn hisoblangan “Taʼvilot al-Qurʼon” matni va uning sharhi ajratilmagan. Matn va sharh alohida belgilar bilan koʻrsatilmagan. Hatto baʼzi asarlarda “Sharh at-Taʼvilot” asaridan keltirilgan naqllar aslida “Taʼvilot al-Qurʼon” asariga tegishlidir. “Sharh at-Taʼvilot” asarida oyatlar tafsiri “Taʼvilot al-Qurʼon” asariga nisbatan oson va tushunarlidir. Shorih barcha oyatlarga izoh yozmasdan, balki Moturidiyning mavhum va mujmal jumlalarigagina oydinlik kiritgan.
-
Abul Barakot Nasafiy. Al-Iʼtimod fil-iʼtiqod. – Qohira: al-Maktaba al-azhariya lit turos, 2012.
-
Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil. – Bayrut: Dor al-kalim at-toyyib, 1998. – J.1. – B. 166, 213, 233, 258, 318, 426; – J.3. – B. 327, 541, 657.
-
Abul Barakot Nasafiy. Madorik at-Tanzil. – Bayrut: Dor al-kalim at-toyyib, 1998. – J. 3.
-
Alouddin Samarqandiy. Tuhfatul fuqaho. – Bayrut: Dor al-kutb al-ilmiya, 1994. – J. 1.
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. –Istanbul: Asʼad Afandi fondi.№
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. – Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Hamidiya fondi, № 176.
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-taʼvilot. Qoʻlyozma. – Toshkent. OʻzRFA SHI Qoʻlyozmalar asosiy fondi. № 3249.
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. –Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Hamidiya fondi.№ 176. – B. 879b. Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. – Makka: Harami Makkiy kutubxonasi. R: 530. – B. 520. Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. – Istanbul: Jorulloh qoʻlyozmasi. № 530. – B. 336b; Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. –Istanbul: Asʼad Afandi fondi .№ – B. 387a.
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. – Istanbul: Sulaymoniya kutubxonasi, Hamidiya fondi. № 176.
-
Alouddin Samarqandiy. Sharh at-Taʼvilot. Qoʻlyozma. – Istanbul: Boyazid: Valiyuddin. № 426.
-
“Baqara”surasi, 4-oyat
-
Ishorotul marom. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2007.
-
Goldsiyer I. Leksii ob islame. – Leypsig. 1912. – S.72-152; Rudolf U. Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. – T., 2001; Rudolf U. Al-Maturidi i sunnitskaya teologiya v Samarkande. – Almatы, 1999; Husniddinov Z. Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar. – T.: Movarounnahr, 2000.
-
Ibnul Adim. Bugʻya at-talab. – Bayrut: Dor al-fikr. Nashr sanasi koʻrsatilmagan. – J. 10. – B.4347; Karl Brokkelman. Tarix al-adab al-arabiy. – Leyden, 1937. – J. 6. – B.297; Ali Rizo Karabulut. Muʼjam at-tarix at-turasiy. – Kaysari: Dor al-aqaba. Nashr sanasi koʻrsatilmagan. – J. 4. – B. 2555.
-
Ibnul Adim. Bugʻya at-talab. – Bayrut: Dor al-fikr. Nashr sanasi koʻrsatilmagan. – J. 10. – B. 4347; Karl Brokkelman. Tarix al-adab al-arabiy. – Leyden, 1937. – J. 6. – B.296; Ali Rizo Karabulut. Muʼjam at-tarix at-turasiy. – Kaysari: Dor al-aqaba. Nashr sanasi koʻrsatilmagan. – J. 4. – B. 2555; Fuad Sezgin. Tarix at-turas al-arabi. – Saudiya Arabistoni: Imom Muhammad universiteti, 1991. – J. 4. – B.41.
-
Imom Moturidiy // Majdiy Bosallum. Taʼvilot al-Qurʼon. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2005. – J.9.
-
Imom Moturidiy // Majdiy Bosallum. Taʼvilot al-Qurʼon. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2005. – J. 1.
-
Imom Moturidiy. Taʼvilot al-Qurʼon // Turk tadqiqotchilari tahqiqi. – Istanbul: Dor al-Miyzon, 2007. – J.1.
-
Imom Moturidiy // Tahqiq: Abdulloh Boshoq. Taʼvilot al-Qurʼon. – Istanbul: Dor al-mizon, 2007. – J. 16. – B. 8; 9; 10; 11; 12; 15; 16; 18; 22; 27; 28; 29; 34; 35; 39; 42; 43.
-
Taʼvilot ahli as-sunna. Majdiy Bosallum tahriri ostida. – Bayrut, 2005. – J. 1.
-
Tabariy rivoyati.
-
Shihobiddin Hafojiy. Hoshiya alal Bayzoviy. – Bayrut: Dor Sodir. – J.1.