Home / MAQOLALAR / HAR BIR ISHNI PUXTA QILISH DINIMIZ TALABI

HAR BIR ISHNI PUXTA QILISH DINIMIZ TALABI

Har bir ishni puxta qilish – bu insonning oʻz vazifasiga jiddiy, masʼuliyatli va professional yondashishini anglatadi. Puxta ishlash nima? Puxta ishlash – ishni yuzaki emas, balki chuqur oʻylab, reja asosida, kerakli bilim va mahorat bilan mukammal bajarishdir.

Shu bilan birga, bu sifatga eʼtibor berish, masʼuliyatni his qilish, har bir qadamni aniq rejalashtirish, tafsilotlarga eʼtibor qaratish va natijadan qoniqish hissini olish deganidir.

Puxta ishlash bir necha omillarga koʻra muhim sanalib, ulardan:

  1. Ish sifatli chiqadi – xatolar kamayadi, qayta tuzatishga ehtiyoj qolmaydi;
  2. Ishonch paydo boʻladi – odamlar sizga ishonadi, biror yumushni ishonib topshiradi;
  3. Vaqtni tejaydi – ilk bosqichda puxta bajarilgan ish yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni bartaraf etadi.
  4. Raqobatbardoshlik oshadi – ishda muvaffaqiyat ehtimoli oshib, xizmatga talab yuqori boʻladi.

Islom nuqtayi nazaridan qaraganda, har bir ishni puxta bajarish insonning imoniy burchlaridan biridir. Bu haqda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh birortangiz ish qilsangiz, uni puxta bajarishingizni yaxshi koʻradi”. (Imom Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadisdan maʼlum boʻladiki, har qanday ishni puxta, sidqidildan bajarish islomda ham katta fazilat sanaladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishni puxta va sidqidildan bajarish zarurligi toʻgʻrisida “Ijtimoiy odoblar” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan:

Musulmon inson jamiyat yuzidagi eng koʻrkam va goʻzal xol boʻlishi lozim. U inson zoti chiroyini ochib turuvchi omil boʻlishi kerak. Bu esa, ijtimoiy odoblar orqaligina yuzaga chiqadi.

Moʻmin kishining har bir ishni yaxshilab va puxta qilishi maqbuldir. Bu barcha insonlarga sevikli Nabiyning islom ummatiga amri, farmoni, tavsiyasi va nasihatidir.

عَنْ عَائِشَةَ : قَالَ النَّبِيُّ ﷺ: “إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ إِذَا عَمِلَ أَحَدُكُمْ عَمَلًا نْ يُتَّقِنَهُ”. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni yaxshilab, puxta qilishingizni sevadi”, dedilar” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taoloning sevgisiga sazovor boʻlay degan inson katta-kichik har bir ishni faqat va faqat yaxshilab, chin dildan puxta bajarishga urinadi. Bu sifat esa ijtimoiy odoblarni oʻrniga qoʻyish bilan yuzaga chiqadi[1].

Qanday qilib har bir ishni puxta qilish mumkin?” Bu borada quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:

  1. Fikr soʻrash, maslahatlashish. Agar mumkin boʻlsa, har bir ishni bajarishdan oldin tajribali va olim insonlar fikrini olish, ular bilan maslahatlashish zarur. Bu kishining shaxs sifatida kamol topishi, rivojlanishi va bajarilayotgan ishning mukammal boʻlishiga yordam beradi.
  2. Aniq maqsad qoʻyish. Bu ish nima uchun kerak? Yaxshi natija nima? kabi savollarga javob topish, zarur boʻlsa, tajribali insonlar bilan maslahatlashish.
  3. Reja tuzish. Ishga kirishishdan avval vazifalar roʻyxatini tuzish lozim.
  4. Ish paytida diqqatni jamlash va xalaqit beruvchi omillarni bartaraf etish.
  5. Masʼuliyatni his qilish. Kishi oʻzi bajarayotgan ishning oxiratda soʻrovi borligini unutmasligi, unga sidqidildan yondashishi lozim.
  6. Bajarilgan ishni tekshirish. Ish tugagach, uni qayta koʻrib chiqish va xatolarini tuzatish lozim. Bu esa ishni puxta bajarishning asosiy omili hisoblanadi.

Har bir ishni puxta bajarish – bu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir. Chunki hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida oʻz oʻrniga ega boʻlish uchun ishni puxta bajarish, eng mayda detallariga qadar eʼtibor qaratish muhimdir.

Har bir ishni puxta bajarish quyidagi natijalarga olib keladi:

  1. Masʼuliyatni koʻrsatadi – har qanday ishni puxta, chuqur oʻylab, yuksak masʼuliyat bilan bajarish insonning kasbiy yetukligi va shaxsiy madaniyatini namoyon etadi.
  2. Sifat kafolati – puxta bajarilgan ish mahsulot yoki koʻrsatilgan xizmat sifatining yuqori boʻlishini taʼminlaydi.
  3. Ishda samaradorlik – puxta rejalashtirilgan holda bajarilgan ish vaqt va resurslarni tejashga yordam beradi.

Xulosa qilganda, har bir ishni puxta qilish nafaqat shaxsiy oʻsish, balki jamiyat rivoji uchun ham muhimdir.

[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. “Hilol-Nashr”. Toshkent 2024. –B.26-27
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YOLGʻON SOʻZ – ULKAN GUNOH (2-qism)

Ijtimoiy buzgʻunchiliklarga sabab boʻladigan yolgʻonning turlaridan biri yolgʻon guvohlik berishdir. Bu narsa begunoh insonlarni jabru jafo …