Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vakillari, soha mutaxassislari qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari ham ishtirok etdi.
Yigʻilish kun tartibidan xorijiy mamlakatlardan olib kelinayotgan tarixiy eksponatlar roʻyxatini shakllantirish, ekspozitsiyalarni boyitish, ilmiy-innovatsion va media loyihalar taqdimoti, “Vaqt devori” suratlari konsepsiyasini tasdiqlash, shuningdek, viloyatlardagi filiallarga ekspozitsiyalar taqsimotini samarali tashkil etish kabi dolzarb masalalar oʻrin oldi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov amalga oshirilayotgan ishlarda doimiy yuksak saviyani taʼminlash zaruratini, loyihalar milliy va islomiy merosni ilmiy asosda keng ommaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
– Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan ilmiy va innovatsion loyihalar orqali boy maʼnaviy merosimizni ilmiy tahlil asosida xalqimiz va jahon jamoatchiligi eʼtiboriga havola qilish imkoniyati yaratilayotgani quvonarli holdir, – dedi u. – Bunda Imom Buxoriy merosini chuqur oʻrganish va targʻib qilish, uning ilmiy asoslarini keng yoritish markazimiz uchun ustuvor vazifalardan biri boʻlib qoladi.
Yigʻilishda Markazning ilmiy tadqiqotlar boʻlimi boshligʻi Mexrojiddin Amonov ham ishtirok etdi. U oʻz fikrlarini bayon qilar ekan, amalga oshirilayotgan media va ilmiy loyihalarda har bir eksponat va maʼlumot ilmiy tahlil asosida yoritilishi lozimligini taʼkidladi. Jumladan, allomalar haqida suratga olinadigan hujjatli film ssenariysini tayyorlashda mutaxassis olimlar, kinoijodkorlar va boshqa soha vakillari bilan yanada yaqin hamkorlikni qaror toptirish zaruratiga eʼtibor qaratdi.
Yigʻilish ochiq muloqot va konstruktiv ruhda oʻtdi. Unda bildirilgan har bir taklif va mulohaza qatnashchilar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.