Samarqand allomalar yurti. Najmiddin Nasafiyning “Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand” nomli asarining bugungacha yetib kelgan yagona jildida mingdan ziyod olim haqida maʼlumot berilgan. Uning yigirma jilddan iborat boʻlganini eʼtiborga olsak, mintaqada yashab oʻtgan olimlar soni haqida yetarli tasavvur hosil boʻladi.[1]
Samarqandning buyuk faqihlaridan biri Abu Shujoʼ Samarqandiydir. Nasabi Abbos ibn Ali orqali hazrati Ali ibn Abu Tolibga (karramallohu vajhahu) bogʻlanadi. Abbos ibn Ali Hazrati Alining Ummul Banin Fotima binti Hizom nomli ayolidan dunyoga kelgan.[2]
Allomaning toʻliq ismi – Abu Shujoʼ Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza ibn Husayn ibn Ali ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Abbos ibn Ali ibn Abu Tolib Alaviy. Nomiga alaviy nisbasining qoʻshilgani mazkur nasab bilan bogʻliqdir. Ilm ahli orasida Sayyid Abu Shujoʼ kunyasi bilan tanilgan. Taxminan 1033-1130-yillar orasida yashagan.
Manbalarda Abu Shujoʼ Samarqandiyning ustozi sifatida doʻsti, maslakdoshi Qozi Ali Sugʻdiyning nomi zikr etilgan. Shogirdlari qatorida esa “Kitobut tamhid li qavoidit tavhid” muallifi Abussanoiy Mahmud ibn Zayd Hanafiy Lomishiy Moturidiy (vaf. 1144)[3], Qozi Sadid Muhammad ibn Abdulloh Soigʻiy Marvaziy (1067-1135)[4], Zohiruddin Ali ibn Abdulaziz ibn Abdurazzoq Margʻinoniy (vaf. 1112)[5] kabi bir qancha nomlarni keltirish mumkin. Allomaning oʻgʻli Abul Vazzoh Muhammad ibn Muhammad ham otasi qoʻlida katta faqih boʻlib yetishgan va undan hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, Moturidiylik taʼlimotining yirik namoyandalaridan biri, mashhur olim Alouddin Usmandiy Samarqandiyning ilm silsilasi Abu Shujoʼ Samarqandiyga bogʻlanadi. Usmandiy fiqh ilmini Ashraf ibn Muhammad Alaviydan, u otasi Abul Vazzoh Muhammad Alaviydan olgan.
Alloma yetuk faqihlar Qozi Ali Sugʻdiy va Qozi Hasan Moturidiy bilan zamondosh boʻlgan. Bu uch faqih yaqin doʻst, hamfikr edilar. Ular Samarqand muzofotida nafaqat oddiy xalq, balki ulamolarga ham rahnamolik qilgan. Ittifoqlari moʻtabar hisoblangan. Bir masala ustida ittifoq qilsa, hamma shuni qabul qilgan, toki ularning tasdigʻidan oʻtmas ekan har qanday fatvo eʼtiborsiz qoldirilgan.[6]
Manbalarga tayanib aytishimiz mumkinki, alloma ilmiy merosi haqida yetarli maʼlumot saqlanib qolmagan. Yuksak maqomdagi olimning asarlar yozgan boʻlishi tabiiy, chunki doʻsti Qozi Ali Sugʻdiy “An-Nutaf fil fatovo”, “Sharhu siyarul kabir”, “Sharhu adabil qoziy”, “Favoid” singari asarlari mavjud. Shunga koʻra Abu Shujoʼ Samarqandiyning ham qimmatli asarlari boʻlgan deb taxmin qilish mumkin.
Bugungi kunda tadqiqotchilar oldida turgan muhim ishlardan biri tarojim va tabaqot kitoblarini chuqur oʻrganishdir. Bu bizga yangi nomlarni aniqlashga, nomaʼlum asarlarning kashf boʻlishiga yordam beradi. Maʼnaviy merosimizning hanuz oʻrganilmagan qismi bilan tanishish ilm maydonimiz sahni yanada kengayishiga olib kelishi shubhasizdir.