Home / MAQOLALAR / 100 ta sirli ibora

100 ta sirli ibora

100 ta SIR-ASRORLI IBORA yoxud ODAMLAR BILAN MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI 100 ta “SEHRLI SOʻZ” ni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

 (1-qism)

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

  “…Odamlarga shirinsoʻz boʻling!” (Baqara surasi 2/83 oyat).

  “Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dagʻal va toshbagʻir boʻlganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan boʻlur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim soʻrang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi 3/159 oyat).

  “Ey, Muso! Siz oʻzingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Firʼavnning oldiga boringiz, chunki u “Men – xudoman”, deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq soʻz aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qoʻrqsa” (Toho surasi 20/42-44 oyatlar).

 

JANOBI PAYGʻAMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM MEHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR: 

¯ “Yarimta xurmo bilan boʻlsa ham oʻzingizni doʻzaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin soʻz bilan!”;

¯ “Haq boʻla turib, janjalni tark etgan kishiga Jannat yonidagi bir uyga kafilman! Hazildan boʻlsa ham, yolgʻonni tark etgan kishiga Jannat oʻrtasidagi bir uyga kafilman! Goʻzal xulqli kishiga Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

¯ “Moʻminlarning imoni eng mukammali – xulqi goʻzal boʻlganlaridir” (Imom Termiziy rivoyatlari);

¯ “Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir”;

¯ “Albatta, odamlarga goʻzal xulqdan afzalroq narsa berilmagan” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

¯ “Bir kishiga tabassum bilan yaxshi soʻz aytish – sadaqadir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);

¯ “Qoʻshnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan boʻlsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan boʻlsa, demak, siz – yomon odamsiz”;

¯ “Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning oʻrtasini isloh qilishdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);   

¯ “Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga boʻlur”;

¯ “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin!” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyatlari);

¯ “Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to oʻzi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi”;

¯ “Kimiki biror moʻmin kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, goʻyo tirigicha koʻmilgan goʻdakni tiriltirganchalik savobga ega boʻlur” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

¯ “Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi”;

¯ “Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur”;

¯ “Qaysi kishi oʻzganing aybini koʻrib, uni yashirsa, xuddi tiriklay koʻmilgan qizni qabridan qutqargan kabi boʻladi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

¯ «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor oʻldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan soʻragin, nima uchun meni behuda oʻldirdi ekan?” – deydi»;

¯ “Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi”;

¯ “Birodaringiz zolim boʻlsa ham, mazlum boʻlsa ham unga yordam bering!” (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);

¯ “Maslahatni aql egalaridan soʻranglar – toʻgʻri yoʻl topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon boʻlasizlar”;

¯ “Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi”;

¯ “Kimniki Alloh Taolo doʻst tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qoʻyadi”;

¯ “Siz yaxshilikni unga munosib boʻlganga ham, boʻlmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz oʻzingiz ezgulik ahlidansiz”;

¯ “Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, soʻngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak”;

¯ “Butun umr ezgulikni tilanglar!”;

¯ “Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati koʻp tekkanidir”;

¯ “Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi” (Imom Muslim rivoyatlari);

¯ “Allohning neʼmatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;

¯ “Kimki yaxshilik koʻchatini qadasa, orzu qilgan hosilini yigʻib oladi va kimki yomonlik urugʻini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi”;

¯ “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni oʻz uyida ham sharmanda qiladi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);

¯ “Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar”;

¯ “Sizlardan birortangiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodari uchun ham ravo koʻrmaguncha, moʻmin boʻla olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

(1 – qism tugadi. Davomi bor…)

Manba: Muslim.uz
Ibrohimjon domla Inomov

Check Also

QOʻQON-XIVA OʻRTASIDAGI ELCHILIK ALOQALARI (19-YUZYILLIK)

19-yuzyillikning birinchi oʻn yilligida Qoʻqon xonligi oʻz chegaralarini Dashti Qipchoq hududlariga kengaytirishi uning tashqi siyosatida …