Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida joylashgan 2-ixtisoslashtirilgan maktab-internat ustozlari va aʼlochi oʻquvchilari tashrif buyurdi. Ushbu ilmiy-amaliy ekskursiya yoshlarga tarixni jonli tarzda anglatish, ularda vatanparvarlik, yurt ravnaqiga daxldorlik hissini kuchaytirish, maʼnan yuksalish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish koʻnikmasini mustahkamlash hamda ilmga ishtiyoqini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.
Mehmonlar Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi haqida hikoya qiluvchi muzeyda boʻlib, ulugʻ muhaddisning ilm yoʻlida chekkan zahmati, safarlari va “Sahihul Buxoriy” asarining yaratilish tarixi haqida batafsil maʼlumot bilan birga, muzey eksponatlari orqali oʻsha davrdagi ilmiy muhit, qoʻlyozmalar va hadis ilmiga oid manbalar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida Markaz ilmiy xodimlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar, Imom Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi, uning oʻziga xos ilmiy uslubi, shuningdek, asarlarining tadqiqi borasida maʼlumot berdi. Suhbat davomida ilmiy jamoa oʻquvchilarni ilm olishga chorlab, buyuk allomalar yoʻlidan borish, tafakkurni yuksaltirish va kitobxonlik madaniyatini oshirish muhim ekanini taʼkidladi.
Oʻquvchilar bilan allomalarimiz hayoti va ilmiy faoliyati yuzasidan savol-javoblar oʻtkazilib, ularning bilim saviyasi sinovdan oʻtkazildi. Faol ishtirokchilar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Uchrashuv davomida oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, fikr va taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Ular uchun bu tashrif nafaqat maʼnaviy boylik, balki istiqbol uchun katta ilhom manbai boʻlganini eʼtirof etdi.
Tashrif soʻngida mehmonlar jamoaga minnatdorlik bildirib, bu kabi tadbirlar doimiy ravishda tashkil etish muhimligini taʼkidladi.