Home / FOTO LAVHALAR / Sharq tafakkuri va tamaddunining soʻnmas yulduzlari

Sharq tafakkuri va tamaddunining soʻnmas yulduzlari

12-fevral kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi xodimlari va Hadis ilmi maktabi ustoz-talabalari ishtirokida buyuk allomalarimiz tavallud sanalariga bagʻishlab “Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur – Sharq Renessansining yorqin namoyandalari” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov buyuk mutafakkirlarning maʼnaviy merosi haqida soʻz yuritib, dastlab Alisher Navoiyning turkiyni ijod va ilm-fan tili sifatida saqlab qolishda, oʻsha davrgacha hech kim koʻrsatib bermagan ulugʻvorligini namoyon etishdagi beqiyos xizmatlariga toʻxtaldi. Hazratning yuksak badiiy va ilmiy merosi haqida soʻzlar ekan, “Navoiyning asarlari hamma zamonlarda boʻlgani singari bugun ham insoniyatni maʼnaviy yuksalish sari yetaklovchi asosiy manbalardan boʻlib qolmoqda”, deb taʼkidladi.

Professor Baxtiyor Toʻrayev esa Hazrat Navoiy va Bobur Mirzoning nechogʻli ulugʻ insonlar boʻlgani haqida fikr yuritib, asarlaridagi benazir maʼnaviy boylik, insonparvarlik gʻoyalari va yuksak aqliy salohiyat ular ijodiy merosining butun dunyoda hali-hanuz izchil oʻrganilayotganiga sabablardan biri ekanini qayd etdi.

Tadbir davomida Markaz xodimlari, ustoz va talabalar Navoiy va Boburning ijodiy faoliyati haqida maʼruzalar qildi. Jumladan, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchisi, Al-Azhar universiteti doktori Mahmud Hasan Navoiy gʻazalidan bir parcha oʻqib, davradagi navoiyxonlik va umuman gʻazalxonlik ruhini yuksaklarga koʻtardi.

Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov Navoiyning “Arbain” asari haqida fikr bildirib, unda ilmu maʼrifat va axloqiy kamolot haqidagi hikmatlar aks etganini, har bir soʻzi komillik kaliti ekanini taʼkidladi. Hazratning hadislarni nazm yoʻlida tarjima qilish borasidagi mahoratini ochib beruvchi misollar keltirdi. Navoiyning jasorati – bu uning qalamidagi haqiqat, ulus va til uchun kurashida yaqqol namoyon boʻlishini alohida qayd etdi.

Ishtirokchilar Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi haqida fikr bildirib, uning nafaqat buyuk shoir, balki yirik mutafakkir va noyob davlat arbobi sifatidagi kamoloti haqida ham soʻz yuritdi. U “Boburnoma” asari orqali nafaqat tarix, geografiya, etnografiya kabi fanlarga oid, balki inson hayoti va axloqi bilan bogʻliq oʻlmas manba qoldirganini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy kotibi Baxtiyor Tursunov aytganidek, “…bu ikki davlat arbobi, boshqa buyuk alloma ajdodlarimiz faqat tavallud kunida eslash emas, balki har kun, har soat yodga olishga arziydigan daholardir, ularning insoniyatni maʼnaviy kamolot sari boshlovchi durdona asarlari hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi”.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Islom maʼrifati tarannumi

17-mart kuni Toshkent islom institutida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan yangi nashr etilgan kitoblar …