Alisher Navoiy tavalludining 584-yilligiga bagʻishlab 8-9-fevral kunlari Navoiy viloyatida ilmu fan, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi, falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori Baxtiyor Tursunov ham ishtirok etdi.
Markaz vakili viloyat miqyosida oʻtgan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpozium doirasida Nurota tumanida “Xamsa” asarining yaratilishiga bagʻishlab tashkil etilgan davra suhbatida “Alisher Navoiy badiiy merosining yoshlar tarbiyasidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida maʼruza qildi.
Notiq ulugʻ mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbi, ong-u shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelayotganini, nafaqat milliy qadriyatlarimiz, balki dunyo tamadduni rivojida muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.
Markaz olimi, shuningdek, islom madaniyati va falsafasisiz Alisher Navoiyni anglash mumkin emasligini qayd etdi. Hazrat islomiy eʼtiqodga suyangan holda oʻzigacha boʻlgan jami adabiy, ilmiy-falsafiy qarashlarni sintez qilgan, inson fitrati bilan bogʻliq qarashlar cheksizligini, uning maʼnaviy ildizlari bashariyat paydo boʻlgan davr, qadim tushunchalar va tasavvurlar bilan uzviy bogʻliqligini ilmiy asosda isbotlab bergan. Alisher Navoiy “Xamsa”, “Majoilun nafois”, “Arbain”, “Sirojul muslimin”, “Munshoat”, “Mahbubul qulub”, “Munojot”, “Lisonut tayr” kabi til, adabiyot, tarix, tasavvufga oid oʻttizdan ziyod mukammal asar yozgan mohir diplomat va davlat arbobi sifatida jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan fenomen ekaniga urgʻu berdi. Har bir asarining mazmun-mohiyati insonni ulugʻlashga, uni maʼnaviy takomilga, oʻzlikni anglashga yoʻnaltirib, yosh avlod tarbiyasida muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shoir “Xamsa” beshligidagi soʻnggi dostonni “Saddi Iskandariy” – “Iskandar devori” deb nomlab, uning insoniyatni dunyodagi jaholat, qabohat, xiyonat kabi jami buzuqliklardan himoya qilishga qodir maʼnaviy toʻsiq boʻlishiga umid qilgan.
Tadbirda ishtirok etgan Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Ziyoda Gʻafforova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Fotima Rejametova va boshqalar Alisher Navoiy ijodining komil insonni tarbiyalashga doir turli jihatlarini yoritib berdi. “Xamsa” dostonlaridagi insonparvarlik gʻoyalari, toʻplamning milliy oʻzlikni anglashdagi oʻrni, betakror sheʼriy uslubi va gʻoyaviy-mafkuraviy jihatlari haqida qizgʻin bahs-munozaralar boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, maʼruzalarda Alisher Navoiy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, yoshlar orasida keng targʻib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, bu borada zamonaviy texnologiyalar, elektron kutubxonalar, internet platformalar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish muhim ekanini, bu esa hazrat asarlarining mohiyatini keng ommaga yetkazishda katta ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, hazrat nomi bilan ataluvchi viloyatida oʻtkazilgan xalqaro simpozium doirasidagi ilmiy-maʼrifiy tadbirlar ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bebaho ilmiy merosi mohiyatini chuqur anglash va kelajak avlodga yetkazish yoʻlida yana bir muhim qadam boʻldi.