ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib bergan:
ULUGʻLARDAN HIKMATLAR:
- Ota-onasidan chiroyli tarbiya koʻrgan insonlar non qoʻldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta oʻpib, peshonalariga suradilar. Non ushogʻi dasturxonga tushganda, ulugʻ ustozlar barmoqni hoʻllab, ushoq ustiga bosib olib, ogʻizga solishni oʻrgatishgan.
- Ulugʻ mutafakkir, falakiyot olimi, odil maʼrifatparvar, sulton Mirzo Ulugʻbek mulozimlari bilan ketayotganida, yoʻl yoqasida yotgan bir burda nonni koʻrib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qoʻyniga soladi. Mulozimlardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb soʻraganida: “Nonni birinchi boʻlib men koʻrdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim boʻlar edi. Nonning ulugʻligi oldida mening podshohligim nima boʻlibdi?!” deb javob qaytargan ekan.
- “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sоllallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, neʼmatlarni inkor qilib, oʻziga jafo qilganlardan boʻladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar neʼmatga jafo qilsa, katta neʼmatlar nafratga aylanadi. Neʼmat ketgandan soʻng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, – deyilgan.
- Asarlarda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sоllallohu alayhi vasallamning avlodlaridan boʻlgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non boʻlagiga koʻzlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. Soʻngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib boʻlganimdan soʻng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non boʻlagini soʻradilar. U esa: “Men uni yeb qoʻydim…” – dedi. “Unday boʻlsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini soʻradi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sоllallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir boʻlak nonni olib, tozalab yesa, non hazm boʻlib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli boʻlgan kishini xizmat qildira olmayman…» – dedilar (Imom Abu Yaʼlo rivoyatlari).
- “Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi”.
- Ulugʻ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid oʻz boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: «Bir kuni men Amirul moʻminin Maʼmunning majlislaridan birida hozir boʻlgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi.
Ziyofat tugaganidan soʻng dasturxon yigʻib olindi.
Ayni shu paytda mening koʻzim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim.
Shunda Maʼmun menga qarata: “Toʻymadingizmi?” – deb savol qildi.
Men: “Toʻydim, lekin dasturxondan toʻkilgan non burdasini koʻrib, Rasululloh sоllallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif koʻnglimdan oʻtdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sоllallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda boʻladi” degan ekanlar”, – dedim.
Shunda mening hadisi sharifga boʻlgan eʼtiborim yoki odob axloqqa amal qilganimdan xursand boʻlib, Maʼmun menga 1000 dinor sovgʻa qildi.
- Hazrat Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Bir necha kunga yetishi mumkin boʻlgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, – deganlar.
- Asarlarda keltirilishicha, Paygʻambarimiz sоllallohu alayhi vasallamning avlodlaridan boʻlgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non boʻlagiga koʻzlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. Soʻngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib boʻlganimdan soʻng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non boʻlagini soʻradilar. U esa: “Men uni yeb qoʻydim…” – dedi. “Unday boʻlsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini soʻradi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sоllallohu alayhi vasallam: “Kim nopok yerda yotgan bir boʻlak nonni olib, tozalab yesa, non hazm boʻlib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli boʻlgan kishini xizmat qildira olmayman…» – dedilar (Imom Abu Yaʼlo rivoyati).
- “Moʻmin kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir moʻmin uchun aniq shifodir. Chunki undan ortib qolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir”.
- Agar kerakli-keraksiz narsalarga pala-partish pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib ketadi.
- Isrof bor yerda hech qachon baraka boʻlmaydi.
- Barcha dinlarda yaxshi odob-axloqli boʻlish – savob, unga teskari ishlar esa – gunoh hisoblanadi. Binobarin, odob va tarbiya dinimizning magʻzini tashkil etadi.
- Axloq-odobga doir manbalarda aytilishicha, jamiyat aʼzolari dabdabalarga berilmasligi uchun ularga odobu tarbiya suv hamda havodek zarur, deyiladi. Dabdabaga berilish – odamni toʻgʻri yoʻldan ozdiradi.
- Aql-idrokli kishi barcha ishda oʻrtahollik, moʻtadillik va meʼyorni maʼqullaydi. Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq boʻlishga harakat qiladi.
- Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yegan taomingizni zikr va namoz oʻqish bilan eritinglar!”.
- Halol boylik topish – katta bir toshni togʻ tepasiga olib chiqish. Oʻrinsiz sarflash esa – uni pastga osongina yumalatib yuborishga oʻxshaydi.
- Maʼnaviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim boʻlsa, moddiy ehtiyojlarning meʼyor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.
- Isrof illati ham oilada paydo boʻladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada masʼul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni oʻrni-oʻrniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat boʻlishlari zarur.
- Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni oʻz hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yoʻl qoʻymang!
- “Ogʻziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qoʻyganni yemoq – hayvonning ishi”.
- Dovud paygʻambarning oʻttizta oʻgʻillari boʻlibdi…
Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud paygʻambar orqalariga qarasalar, oʻng tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari, chap tomonlarida oʻn beshta oʻgʻillari oʻtiribdi ekan.
Shunda sal maqtanchoqlikka boʻy oldirib:
- Oʻzimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz… Xudo xohlasa, oʻttiz oʻgʻlim bor, haq dinni butun elga oʻzim yetkazaman, degan oʻy kelib, namozni boshlab ketibdilar.
…Xudoga Dovud paygʻambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud paygʻambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum va rahmatulloh!” deb, oʻng tomonga salom berganlarida oʻn beshta oʻgʻillari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan oʻn beshta oʻgʻillari bandalikni bajo keltirdi.
Xatosini uqqan Dovud paygʻambar alayhissalom koʻz yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim soʻradilar…
Rahmi cheksiz Alloh taolo:
- Oʻttizta oʻgʻlingizni qaytarib beraymi yo oʻttizini oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil beraymi? – deb soʻradi.
- Sening amring ikki boʻlmaydi… Oʻttiz oʻgʻlimning jonlari jannatda boʻlsin… Menga ularning oʻrnini bosadigan bitta oʻgʻil bersang bas…
- Aytganingiz boʻlsin! Lekin bolaning umri qisqa boʻladi. Men unga faqat toʻqqiz yil umr beraman.
- Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud paygʻambar kelasi yil oʻgʻil koʻradilar.
U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud paygʻambar uning qoʻliga qumgʻon (obdasta), yelkasiga sochiq osib:
- Oʻgʻlim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qoʻliga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. Toʻrtinchi marta, agar mehmon soʻrasa, quyasan.
- Ota, nega uzib quyishim kerak?
- Sababi – oʻlikni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, oʻgʻlim… Ikkisini farqi bor – dedilar.
Dovud paygʻambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”, “Qoʻling dard koʻrmasin!”, “Katta olim boʻlgin!”, “Podsho boʻlgin!”, “Ulugʻ inson boʻlgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun boʻlsin!”, deb rahmatlar aytardi.
Bir kuni Sulaymon toʻqqiz yoshga toʻldi.
U paytlarda bolasi toʻqqizga toʻlgach, uni bir qizga unashtirib qoʻyish lozim edi. …Lekin Allohning “bolaga faqat toʻqqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.
Bir kuni Dovud paygʻambar saharda Allohni zikr qilib oʻtirar edilar… Sulaymonning yoshi toʻqqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini soʻradi va agar jonini olmaydigan boʻlsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi…
Shunda Haq Taolo:
- Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman… Sulaymon uzoq umr koʻradi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan boʻladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.
Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, toʻy-marosimlarda ularga suv quydirib qoʻyadigan betakror va beqiyos goʻzal urf-odat paydo boʻlibdi…
- Kimki dasturxondan toʻkilgan non ushogʻini terib yesa, hayoti farovon boʻladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik koʻrmaydi.
- “Nonni hurmat qilinglar! Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun boʻysundirib qoʻydi”.
- Oila aʼzolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida oʻzaro yaxshi muloqotda boʻlish, oʻrni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qoʻyish – kattalarning burchidir. Xususan, non va oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni oʻrgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
Davomi bor…